Hindistonlik talaba Toshkent tibbiyot akademiyasidagi ta’limni rasvo deb atadi. Vazirlik rad etdi
Fevral oyidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qiy boshlagan 21 yoshli hindistonlik talaba ijtimoiy tarmoqda post yozib, darslar, imtihonlar va yotoqxonadagi sharoitlardan shikoyat qildi. Shundan keyin oliy ta’lim vaziri akademiyaga borib, hindistonlik talabalar bilan muloqot qildi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Ijtimoiy tarmoqlarda hindistonlik talabaning Toshkent tibbiyot akademiyasidagi ta’lim sifatidan norozi bo‘lib yozgan posti muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Reddit platformasida shaxsi ko‘rsatilmasdan bir oy oldin joylangan postda muallif shu yil fevralida akademiyaga qabul qilingani, lekin barcha umidlari puch bo‘lib chiqqanini hikoya qiladi.
“O‘qituvchilar ingliz tilida zo‘rg‘a gapiradi”
— Men 2025 yil fevralida Toshkent tibbiyot akademiyasiga (TTA) 1-kursga qabul qilingan hindistonlik talabaman. Rosti, bu universitetni ishonchli deb o‘ylagandim. Kontrakt to‘lovlari arzon, xorijda tibbiyot va jarrohlik bo‘yicha bakalariat, yaxshi muhit, to‘g‘rimi? Adashgan ekanman. Bu yerda ta’lim sifati mutlaqo rasvo, ayniqsa biz, xorijiy talabalar uchun.
Birinchidan, o‘qituvchilar ingliz tilida zo‘rg‘a gapirishadi. Hazillashmayapman, ba’zida Google Translate'dan o‘qiyotgandek ming‘irlashadi. Ularni hatto tushunolmasak, qanday qilib tibbiyotni o‘rganishimiz mumkin? Bizni 4 SOAT ingliz tili darslariga majburan kiritishadi. Aka, men bu yerga alifbo o‘rganishga kelmaganman-ku, anatomiyani o‘rganishga kelganman!

[Anatomiyadan] 1 soat 20 daqiqa dars bo‘ladi va bu ham kulgili. Ular hech nima o‘qitishmaydi. To‘g‘ri, professorlar darsga kelishadi, lekin faqat o‘tirib, darslikni ko‘rsatib: “mana mavzu, o‘rganinglar”, deb chiqib ketadi. Ba’zida darslar oxirgi daqiqalarda bekor qilinadi. Avvaliga “dars onlayn bo‘ladi” deyishadi, lekin hayratlanarlisi, hech qanday onlayn dars bo‘lmaydi. Biz asosan o‘zimiz mustaqil o‘qiymiz, ular esa oylik olib, istagan paytda g‘oyib bo‘lishadi.
Dekan va yotoqxona haqida
— Keyin dekan bor. Bu odam telba. Soqolimizni olishimizni so‘rab, bizni muntazam ta’qib qiladi. Tushunaman, bu “vazirlik qoidalari” yoki nima bo‘lsa ham, lekin inson, tinchlaning – soqolim imtihonlarni topshirishga xalal bermayapti-ku! Dekan haqida gapirsam, undan foyda yo‘q – hech qanaqa muammoni hal qilmaydi. U shunchaki o‘zini katta odamdek ko‘rsatib yuradi, buyoqda esa yotoqxona xarob bo‘lib yotadi. Ha, hind talabalar uchun ajratilgan yotoqxona. Jirkanch ahvolda. Hojatxonalar, omadimiz kelsa, oyiga bir marta tozalanadi, hamma joy mog‘or bosib ketgan, quvurlardan suv oqib yotibdi va hokazo. Har ikki oyda kimdir qizamiqqa chalinadi, ularning dohiyona yechimi esa bizni chorva fermadagidek tasodifiy vaksinalar bilan emlash bo‘ladi. Bu yerda gigiyena degan narsa – afsona.

“Imtihonlar – sirk”
— Ta’lim shu darajada yomonki, qayerdan boshlashni bilmayman. O‘qituvchilar darsga kelib ovora bo‘lganida ham, faqat slaydlardan o‘qib berishadi yoki “o‘zinglar o‘rganinglar” deyishadi. Qanday qilib yaxshi shifokor bo‘lishimiz kerak, agar hech narsa o‘rgatishmasa?
Imtihonlar esa umuman boshqa sirk. Sizga 50 ta savol yozilgan PDF berishadi, yodlab oling deyishadi, keyin kompyuter orqali test topshirasiz. Savollarning deyarli hammasi o‘sha PDF'dan bo‘ladi. Faqat yodlab, aytib berasiz va o‘tib ketasiz. Eng oson imtihonlar, lekin undan nima foyda? Men bu yerga xotira o‘yinlarini o‘ynash uchun emas, haqiqiy tibbiyotni o‘rganish uchun kelganman. Ajablanarli joyi yo‘qki, bu joydan “yarim pishgan” shifokorlar chiqadi. Bunday masxarabozlikni Hindiston milliy tibbiyot komissiyasi qanday qilib tan olgan o‘zi? Kimdir buni tekshirishi kerak.
Vazir TTAga bordi

Yuqoridagi post tarmoqlarda tarqalishi ortidan, oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Toshkent tibbiyot akademiyasiga borib, hindistonlik talabalar bilan uchrashdi.
Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, Sharipov TTAdagi o‘quv jarayonlari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan. Shundan keyin xorijlik, xususan hindistonlik talabalar bilan muloqot qilgan.
“Suhbat davomida talabalar universitetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlardan mamnun ekanliklarini, ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot va yashash imkoniyatlari borasida ijobiy fikrlarni bildirdilar”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Vazir universitet rahbariyatiga xorijlik talabalar uchun qulayliklarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Tavsiya etamiz
Kredit olishga taqiq va Freeze xizmati: ularning farqi nima?
Jamiyat | 09:02 / 26.06.2025
Imtihon yaqin: bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti? – eng muhim savollarga rasmiylardan javoblar
O‘zbekiston | 12:11 / 25.06.2025
Eronning amaldagi siyosiy tizimi. U qanday paydo bo‘lgandi?
Jahon | 19:30 / 24.06.2025
Urushga qo‘shilgan AQSh, «butun Ukraina bizniki» degan Putin – hafta dayjesti
Jahon | 18:52 / 22.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Turkiya: ota-onalar dam oladigan, bolalar esa baxtiyor bo‘ladigan ta’til
Jamiyat | 19:00 / 27.06.2025
-
Ukraina Volgograddagi harbiy aerodromga hujum qildi. Ikkita Su-34 samolyoti yo‘q qilingani aytilmoqda
Jahon | 23:31 / 27.06.2025
-
Toshkent metrosida yosh bola poyezd yo‘liga tushib ketgani rad etildi
Jamiyat | 23:04 / 27.06.2025
-
Toshkentda tirbandliklarni prognoz qiladigan markaz ish boshladi, aka 3 yoshli ukasini sotuvga qo‘ydi, Kun.uz jurnalisti «Oltin qalam» bilan taqdirlandi – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 22:53 / 27.06.2025
Mavzuga oid

12:11 / 25.06.2025
Imtihon yaqin: bu yil abituriyentlarni nimalar kutyapti? – eng muhim savollarga rasmiylardan javoblar

19:47 / 24.06.2025
Nodavlat OTMlarda qabul yilda ikki marta o‘tkazilishi mumkin

10:25 / 24.06.2025
🔴 LIVE: OTMga kirish imtihonlari qanday o‘tadi? – Kun.uz'da qabulga oid eng muhim savollar yuzasidan jonli efir

15:04 / 21.06.2025