Jahon | 19:51 / 03.05.2025
2712
2 daqiqa o‘qiladi

«Amerika Ovozi» kelasi haftada eshittirishlarini davom ettirishi mumkin

Tramp ma’muriyati «Amerika Ovozi»ni nazorat qiluvchi agentlikni tarqatib yuborish to‘g‘risida buyruq chiqargach, radiostansiya faoliyatini amalda to‘xtatgan edi.

Foto: Getty images

«Amerika Ovozi» (Voice of America) radiostansiyasi kelasi haftadan yana efirga chiqishi mumkin. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.

Nashrning yozishicha, stansiya xodimlari AQSh Adliya vazirligidan elektron xat olgan, unda ularga ofisga «bosqichma-bosqich qaytish» va ish boshlashga ruxsat berilgan.

«Amerika Ovozi» Ukraina xizmatining sobiq jurnalisti Ostap Yarish so‘zlariga ko‘ra, 2 may kuni kechqurun majburiy ta’tilga chiqqan xodimlar yana ishga chaqirilgan. Ular AQSh Global Media agentligidan (USAGM) «keyingi qadamlar» haqida elektron xat olgan.

«Yaqin kunlarda siz agentlikni modernizatsiya qilish va uning missiyasini bajarish bo‘yicha keyingi qadamlar bo‘yicha ko‘rsatmalar olasiz... Biz barchangiz bilan hamkorlik qilishni sabrsizlik bilan kutamiz», deb Yarish maktubdan iqtibos keltirdi.

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati «Amerika Ovozi» radiosini «radikal targ‘ibotda» ayblab, nashrga qarshi qator da’volarni ilgari surgan edi.

Mart oyida Tramp ma’muriyati «Amerika Ovozi»ni nazorat qiluvchi va Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi, Ozod Osiyo radiosi va Yaqin Sharq radioeshittirish tarmoqlari kabi notijorat stansiyalarga federal mablag‘larni taqsimlovchi AQSh Global Media agentligini (USAGM) tarqatib yuborish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Shundan so‘ng, «Amerika Ovozi» faoliyatini amalda to‘xtatgan edi.

Mavzuga oid