Urushlarning o‘zgargan motivi: tashqi tahdid emas, ichki siyosiy maqsadlar
Ikkinchi jahon urushidan keyin, insoniyat urushlar borasida juda jiddiy xulosalar qilgan, urush olovi bilan o‘ynashmaslikka qasam ichgan edi. Lekin mana, oradan 80 yil o‘tib, jahon OAVda yana urushlar bilan bog‘liq xabarlar odatiy holga aylanib qoldi. Urush borasidagi global siyosiy tafakkur o‘zgardi.

Xo‘sh, hozirgi urushlar oldingi urushlardan nima motivlar bilan farqlanadi? Urushning sotsiologiyasi qanday, qay tomon o‘zgardi?
Bu savolga javob izlash uchun, 20-asrdagi eng yirik birinchi va ikkinchi jahon urushlariga to‘xtalishimiz zarur bo‘ladi.
Birinchi jahon urushida mafkura yo‘q edi. 1914-1918 yillardagi urush biron bir kuchli g‘oya yoki mafkuraviy bo‘linishlar asosida kechmadi. Yevropadagi qudratli davlatlar, shunchaki, o‘zaro munosabatlarga aniqlik kiritish, ta’sir doirasi va hududlarga talashib, urushishdi. Bu urushning boshlanishi ham, hech kim ilg‘amagan bitta xodisadan boshlandi va kun sayin kengayib bordi. Bu urushda ikkita yirik komanda bor edi. Bir tomondan Antanta: Britaniya, Fransiya va Chor Rossiyasi. Ikkinchi tomondan Germaniya, Avstriya-Vengriya va Usmonli Turk imperiyasi. Birinchi jahon urushiga beshta monarxiya kirgan bo‘lsa, faqat bittasida monarxiya saqlanib qoldi – Britaniya. Rossiyada podsholik yiqilib, hokimiyatga bolsheviklar keldi. Usmonli Turk podsholigi yiqilib, Turkiya Respublikasi paydo bo‘ldi. Germaniyada ham Kayzer monarxiyasi yiqildi. Avstriya-Vengriyada nafaqat monarxiya yiqiladi, balki bu davlat parchalanib ketadi. Fransiya esa oldindan respublika edi, respublikaligicha qoladi.
Ikkinchi jahon urushini ikkita totalitar davlat birgalikda boshlaydi, bular – Germaniya va SSSR. Ikkisida ham bir partiyaviy tizim, totalitar mafkura, yakka shaxs liderligi. Lekin bu ikki totalitar davlatning bitta prinsipial farqi bo‘ladi. Germaniya – millatchi, nemis millatining ulug‘vorligiga asoslangan totalitar davlat edi. SSSR esa, internatsional – ko‘pmillatli totalitar davlat edi. Bu ikkisi 1941-44 yillarda o‘zaro urushadi. 1944 yilda ikkinchi front ochilib, unga AQSh qo‘shiladi va urush bir tomondan totalitarizm, ikkinchi tomondan liberalizm o‘rtasidagi mafkuraviy ahamiyat kasb etadi
Ba’zi ekspertlar “sovuq urush”ni dunyodagi uchinchi jahon urushi deb tasniflashadi. Ikkinchi jahon urushi tugashi bilan, bu urushda g‘alaba qozongan kuchlar ikki qutbga bo‘linishadi. SSSR va AQSh dunyoda o‘z mafkurasi va ta’sir doirasi uchun planetaning barcha nuqtalarini qamrab oluvchi tizimli kurashni, raqobatni boshlab yuborishadi. Bu ikki davlat o‘zaro bevosita to‘qnashuvdan qo‘rqishadi, qochishadi. Chunki bu ikki davlat urushsa, yadroviy to‘qnashuv bo‘lish xavfi juda yuqori edi. Yadroviy to‘qnashuv esa bu ikkala davlatni kafolatli yo‘q qilib yuborar edi. Shu sabab, Moskva va Vashington 40 yil davomida proksi urushlar olib borishadi. Vetnamda sotsialistlar hokimiyatga kelmasligi uchun AQSh bu davlatga kirib keladi, va SSSR yordami natijasida, AQSh qaqshatgich zarba oladi. Afg‘onistonda esa AQSh va Pokiston harbiy bazalari bo‘lmasligi uchun bu davlatga SSSR bostirib kiradi va AQSh hamda uning ittifoqchilari yordamida, SSSR yutqazadi.
Sovuq urush davrida dunyoda uchta mafkura, global loyiha o‘rtasida kurash ketayotgan edi: bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik liberalizm, sotsializm va uchinchi dunyoning “qo‘shilmaslik va uchinchi taraqqiyot yo‘li” modeli. Biroq, SSSRning qulashi ortidan nafaqat sotsializm o‘yindan chiqdi, balki uchinchi taraqqiyot modeli ham dunyo sahnasidan ketdi. Xitoy Xalq Respublikasi rejalashtirilgan iqtisoddan bozor iqtisodiyotiga o‘ta boshladi. Natijada, dunyoda g‘arbga va bozor iqtisodiyotiga muqobil bo‘lgan boshqa model shakllanmadi. G‘arb va uning qarashlari monopolistik xarakterga ega bo‘ldi.
1991 yilda Saddam Husayn Iroqi Kuvaytga bostirib kiradi. AQSh va uning arab ittifoqchilari Saddam armiyasiga qarshi 120 soatlik urushda to‘liq g‘alaba qozonadi, Saddam armiyasi 5 kun ichida to‘liq tor-mor etiladi. Shundan so‘ng g‘arb o‘zining harbiy qudratiga katta umidlar yuklab boshlaydi. Sababi, endi SSSR yoki boshqa muqobil kuchlar yo‘q edi.
Sovuq urush davridagi urushlarda strategik xavfsizlik asosiy motiv bo‘lar edi, ya’ni dushmanning ta’siri ochiq-oydin oshib borishi fonida, boshqa taraflarda urush qilishdan boshqa chora qolmas edi. Biroq, keyingi davrlardagi urushlarda ichki siyosiy motivlar asosiy sabab bo‘lmoqda.
Bugungi kundagi urushlarni olaylik. Rossiya–Ukraina urushi. 2014 yilda Qrim anneksiyasidan keyin Kremlning reytingi oshib ketdi. Anneksiyaga qadar Putinga 60-70 foiz aholi ishongan bo‘lsa, anneksiyadan keyin uning shuhrati 80-85 foizgacha yetdi. Putin va uning atrofidagilar Ukrainaga urush qilib, “uch kunda Kiyevni olamiz, va o‘zimizning siyosiy vaziyatimizni uzoq yillarga yanada mustahkamlaymiz!” degan qarashda bo‘lgani haqidagi taxminlar juda kuchli va asosli. Lekin, bu urush cho‘zilib ketdi.
Yoki, Isroilning G‘azodagi qirg‘inbarot urushi. To‘g‘ri, 2023 yilning oktyabrida Hamas Isroilga hujum qildi, lekin savol paydo bo‘ladiki, nega Isroil noproporsional qirg‘inbarot qilyapti? Nega nishonga Hamas emas, oddiy falastinliklar, begunoh bolalar va ayollar olinyapti? Bunga sabab – Netanyahu o‘zining hokimiyatini ushlab turish uchun, Isroil ichidagi sud jarayonlaridan va xalqaro maydondagi sudlardan qochish uchun ham, urushni to‘xtatish niyatida emas. Netanyahu va uning ashaddiy millatchi harbiy kabineti uchun, urush qancha cho‘zilsa – shuncha yaxshi.
Shu kunlarda Hindiston–Pokiston tirashuvi yana avjida. Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Jammu-Kashmir mintaqasida bir noma’lum terroristik guruh terakt uyushtirgan va ishda Hindiston Pokistonni ayblamoqda. Biroq, bu terakt na Pokistonga, va na Hindistondagi musulmonlarga kerak emas. Modi – millatchi partiya vakili, u islomofob. Hindiston – keyingi yillarda Isroil va AQSh bilan yaqin harbiy-strategik hamkorlik qilayotgan davlat. Bu terakt fonida Modi hukumati uchun AQSh va Isroil bilan, bir tomondan Xitoyga va Pokistonga, ikkinchi tomondan, islom va musulmonlarga qarshi hamkorlikni kuchaytirish uchun qulay mafkuraviy motiv paydo bo‘ldi. Yoki paydo qilindi. Ya’ni Kashmir atrofidagi ziddiyatlarda ham Pokistondan bo‘layotgan real tahdid emas, ichki siyosiy va mintaqaviy geosiyosiy motivlar ustunlik qilayotgandek.
Dunyoda urushlar standartlashib ulgurdi. Qolaversa, dunyoda kuchlar nisbati o‘zgaryapti. Kuchlar nisbati bir-biriga yaqinlashganda, yoki oldingi eng qudratli davlatning monopoliyasi yo‘qolganda, u yoki bu tomon doim yangi konsensus yaratishga yoki eski konsensusni tiklashga uringan. Bu – katta urushlar degani. Mana shu fonda biz uchun ahamiyatlisi – Markaziy Osiyo davlatlarining, turkiy dunyoning strategik hamkorligi, birligi va jipsligi hisoblanadi. O‘zaro harbiy yordam va umumiy mudofaa masalalari ham shular jumlasidan.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid

11:51
Erdo‘g‘an Rossiya va Kiyevni sulh bo‘yicha muzokaralarga imkon berishga chaqirdi

11:11
Kreml Medinskiyni yana Ukraina bilan muzokaralarga jo‘natadi

09:13
Zelenskiy: TAURUS'ni Ukrainaga yetkazib berish Mers bilan muhokama qilindi

22:00 / 29.05.2025