O‘zbekiston | 07:51 / 25.04.2025
2914
2 daqiqa o‘qiladi

Texinspeksiya «Dubay shokoladi»da xavfli bakteriyalarni aniqladi

Shokolad inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa, allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Fix Dessert Chocolatier savdo brendi ostida «Dubay shokoladi» sifatida sotilayotgan mahsulot inson salomatligi uchun xavfli. Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi shunday xulosaga keldi.

Qayd qilinishicha, inspeksiya mutaxassislari bu mahsulotning nazorat xaridini amalga oshirgan va namunalarni UzTest sinov laboratoriyasiga topshirgan.

Tekshiruvlar natijasida reglamentga nisbatan quyidagi nomuvofiqliklar aniqlangan:

- Mezofil aerob va fakultativ anaerob bakteriyalar (MAFAM), shuningdek, achitqi zamburug‘larning yuqori darajadagi mavjudligi;

- Koli guruhidagi bakteriyalar (BGKP) va «Salmonella 25 g» bakteriyasining mavjudligi (me’yoriy hujjatlarda qat’iyan taqiqlangan).

«Bunday ko‘rsatkichlar inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, ayniqsa, allergik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin», deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mahsulotning tashqi ko‘rinishi ham texnik reglament talablariga javob bermaydi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning tegishli bandlari talablari buzilgan.

Mavzuga oid