Iqtisodiyot | 16:59 / 16.04.2025
5467
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston rasmiylari Xitoyga borib, Leapmotor zavodida “texnik audit” o‘tkazadi

Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini faqat rasmiy distribyutor orqali davom ettirishini tasdiqladi, deya xabar tarqatdi Texnik tartibga solish agentligi huzuridagi UzTest markazi. Norasmiy olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan tan olinmaydi. UzTest mutaxassislari 2 hafta ichida Xitoyga boradigan va ular ishtirokida Leapmotor zavodida “texnik audit” o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Foto: Leapmotor

O‘zbekistonga Leapmotor brendi ostidagi avtomobillar importi taqiqlanib, keyinroq ruxsat berilishi ortidan Xitoy kompaniyasi O‘zbekiston rasmiylari bilan hamkorlik o‘rnatadigan bo‘ldi.

“Leapmotor Automobile Co. Ltd.” kompaniyasi 13 aprel kuni O‘zbekiston Texnik tartibga solish agentligi va UzTest markaziga xat yo‘llagan.

UzTest xabariga ko‘ra, ushbu xat bilan kompaniya “O‘zbekiston hududiga ruxsatsiz distribyutorlar orqali olib kirilgan C16 rusumli avtomobil holatini tan olib, bunga oid muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rishga tayyor ekanligi”ni bildirgan.

Xatga ko‘ra, Leapmotor kompaniyasi quyidagilarni tasdiqlagan:

  • O‘zbekiston Respublikasida faoliyatini faqat rasmiy distribyutor orqali davom ettiradi.
  • Norasmiy (ruxsatsiz) olib kirilgan avtomobillar kompaniya tomonidan tan olinmaydi va ular uchun rasmiy kafolat va xizmatlar taqdim etilmaydi.
  • Keyingi 14 kun ichida Leapmotor'ning ishlab chiqarish zavodida UzTest mutaxassislari ishtirokida texnik audit o‘tkaziladi. Unda yangi modellar – B10EV va B10EREV bo‘yicha sinov hisobotlari taqdim etilishi hamda laboratoriyalarga tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
  • Turni tasdiqlash hujjatini (OTTC) olish bo‘yicha sinov jarayonlari tez fursatda yakunlanadi.
  • Kelgusida UzTest bilan sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga jismoniy shaxs nomiga olib kirilgan Leapmotor S16 rusumli elektromobildan Piskent laboratoriyasida nuqson topilgani vaji bilan mart oyi oxiridan Leapmotor brendi ostidagi barcha avtomobillar importi to‘xtatib qo‘yilgan edi.

14 aprelga kelib, Xitoy kompaniyasi vakili ishtirokida boshqa bir C16 sinovdan o‘tkazildi va sinovning ijobiy natijasiga asosan, taqiq shartli ravishda yechildi. Buning evaziga Leapmotor'ga O‘zbekistondagi rasmiy vakili (yuridik shaxs)ni belgilash, import modellarining turini ma’qullash uchun zarur hujjatlarni taqdim qilish va o‘z zavodlarida ishlab chiqarish jarayonlari va shartlarini o‘rganish va baholash majburiyatlari yuklatildi.

Mavzuga oid