O‘zbekistonliklar BAAda jinoyat sodir etishi ko‘paygani sababli vizasiz rejim bekor qilinishi mumkin
20 aprel kuni Dubayda O‘zbekistonning o‘nlab fuqarolari ishtirokida pichoqbozlik sodir bo‘lgani haqida videolar tarqaldi. BAA tomoni ushbu ish doirasida 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari sodir etayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Joriy yil 20 aprel kuni BAAning Dubay shahrida O‘zbekiston fuqarolaridan tashkil topgan ikki jinoiy guruh o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Bu haqda tarqalgan xabarlarda mojaro pichoqbozlik bilan yakunlangani, natijada guruhlardan birining yetakchisi voqea joyida halok bo‘lgani aytiladi.
Xabarlarda ushbu jinoiy guruh a’zolari 2023 yil dekabrida O‘zbekistonda «ko‘cha»ga nisbatan bo‘lib o‘tgan tadbirlar fonida mamlakatni tark etib, Turkiya va BAAda qo‘nim topgan.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, BAAda O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq holat yuzasidan diplomatlar Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgan.
«BAA tomoni mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilayotganini, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlandi», deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda ish olib borayotganini hamda yurtdoshlarni nomaqbul harakatlardan tiyilishga chaqirgan.
«O‘zbekiston fuqarolarini xorijda yurtdoshlarimiz sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqiramiz».
Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida 20 aprel kuni sodir bo‘lgan hodisa tafsilotlariga to‘xtalmagan, shuningdek vafot etgan yoki jarohatlangan fuqarolar haqida ma’lumot bermagan.
O‘zbekistonliklarning BAAga kirishdagi muammolari
Kun.uz'ga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarini hech qanday sababsiz BAA hududiga kiritmaslik holatlari yana uchramoqda. Xususan, bugun, 25 aprel kuni Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga BAA orqali qaytayotgan 9 kishi muammoga duch kelgan.
25 aprel kuni O‘zbekiston fuqarosi Abdulvohid Abdulhamidov Wizz Air orqali Madinadan Dubayga chipta olgan. Fuqaroning 26 aprel kuni Abu-Dabidan Toshkentga ham chiptasi bo‘lgan. Shunga qaramay, uni Madina aeroportida samolyotga qo‘yishmagan. Uning ta’kidlashicha, Madina aeroportida O‘zbekistonning yana 8 nafar fuqarosi ham Dubay reysiga qo‘yilmagan.
Aslida O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi bog‘liq muammolar 2024 yil noyabr oyida amirlik hududida Isroil va Moldova fuqarosi, ravvin Tsvi Kogan o‘ldirilishi ortidan boshlangandi. BAA sudi ushbu jinoyatda O‘zbekistonning 3 nafar fuqarosini aybdor, deb topib o‘lim jazosiga hukm qildi.
Ushbu holat ortidan O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishi, mehnat faoliyati va viza olishida ko‘plab muammolar boshlangan. Xususan, o‘tgan yili 25 noyabr kuni O‘zbekistonning Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgandi. Keyinroq ularning ayrimlari qo‘yib yuborilgani, ayrimlari deportatsiya qilingani hamda yana 5 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi. O‘tgan yilning o‘zida BAA aeroportlarida esa bir necha reyslarda o‘nlab o‘zbekistonlik erkaklar amirlikka kiritilmay, qaytarib yuborilgan holat kuzatilgandi.
Mavzuga oid

21:31 / 03.05.2025
2026 yilgi Green Card natijalari e’lon qilindi

15:25 / 30.04.2025
O‘zbekiston va Avstriya viza tartibini soddalashtirishi mumkin

00:19 / 28.04.2025
Dubay turistlar uchun yangi talablarni e’lon qildi

19:09 / 26.04.2025