Saudiya Arabistoni Haj mavsumida o‘zbekistonliklarga elektron viza berishni to‘xtatib qo‘ydi
Saudiya Arabistoni Turizm vazirligining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, o‘ndan ortiq davlatlar, xususan, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish xizmati vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bu – sayohat yoki Umra maqsadida qirollikka borib, noqonuniy Haj qilishning oldini olish uchun ko‘rilgan chora sifatida baholanmoqda.

Foto: Kun.uz
Saudiya Arabistoni Turizm vazirligi O‘zbekiston fuqarolari uchun onlayn portal orqali elektron viza olish imkonini yopib qo‘ydi. Qirollik rasmiylari bu borada izoh bermagan.

Kun.uz muxbiri Saudiya Arabistoni turizm vazirligi onlayn murojaatlar markaziga murojaat qilib, holat yuzasidan rasmiy izoh so‘radi. Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish vaqtinchalik – Haj mavsumida to‘xtatilgan.
«23 apreldan 9 iyunga qadar elektron vizaga murojaat qilish xizmati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu muddat ichida Saudiya Arabistoniga sayohat qilishni xohlovchilar o‘z mamlakatlaridagi elchixonalar yoki vakolatli viza idoralari orqali viza olishga ariza topshirishlari mumkin. Bundan tashqari, amaldagi Shengen, Buyuk Britaniya yoki AQSh vizalariga ega sayohatchilar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya yoki AQSh rezidentlari Saudiya Arabistoniga kirish punktlarida viza olishlari mumkin», deyiladi Saudiya Turizm vazirligi Kun.uz'ga taqdim qilgan ma’lumotda.
Joriy yil 13 aprelda Saudiya Arabistoni 14 ta mamlakat (Hindiston, Misr, Pokiston, Yaman, Tunis, Marokash, Iordaniya, Nigeriya, Jazoir, Indoneziya, Iroq, Sudan, Bangladesh va Liviya) fuqarolari uchun ham elektron viza olish imkoniyatini yopgan edi.
Bunday tartibga yuqorida sanalgan davlatlar, jumladan, O‘zbekiston va Tojikistondan Umra uchun borib, ruxsatsiz Haj uchun qolib ketayotgan fuqarolarning ko‘pligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Xususan, Saudiya Arabistoni joriy yilda noqonuniy ravishda, tegishli vizasiz Haj ziyoratini amalga oshirayotgan fuqarolarga ham, shirkatlarga ham juda katta jarimalar belgilagan.
2025 yilgi Haj mavsumda O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 ming dona kvota ajratilgan. O‘zbekiston Haj ziyorati, hukumat qaroriga ko‘ra, faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi tomonidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni 2023 yil 6 avgustda O‘zbekiston va yana 7 ta davlat fuqarolari uchun podshohlikka kirish vizasini elektron viza portali orqali olish imkoniyatini ochgan edi. Podshohlik turizm vazirligi vizalar berishni kengaytirish maqsadida ochilgan ushbu tizimdan jami 57 ta davlat fuqarolari foydalanishi mumkin.
Saudiya Arabistoni E-visa'si bir yillik, ko‘p martalik kirish vizasi bo‘lib, sayyohlarga mamlakatda 90 kungacha bo‘lish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu viza Haj qilish, Saudiya Arabistonida doimiy yashash hamda ishlash huquqini bermaydi.
O‘zbekiston 2023 yil 1 yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun qaytish yoki uchinchi davlatga jo‘nab ketish chiptalarini taqdim etgan holda 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 25 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi so‘nggi vaqtlarda fuqarolarimiz BAA hududida sodir etayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payayotgani amirlik bilan vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Tavsiya etamiz
No Partey, no party. «Arsenal» nega yutqazdi?
Sport | 13:50 / 30.04.2025
Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti
O‘zbekiston | 11:37 / 30.04.2025
Toshkentda avtobuslar konditsioneri qachon yoqiladi?
O‘zbekiston | 20:40 / 29.04.2025
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘l tunneli qurilishi boshlandi
Jahon | 17:12 / 29.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Urganch aeroporti Koreyaning Inchon aeroporti bilan sheriklikda boshqariladi
O‘zbekiston | 14:19
-
Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi 4 barobarga oshdi
O‘zbekiston | 14:14
-
Tramp: AQSh Ukraina bilan bitimdan 350 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ oladi
Jahon | 13:57
-
O‘zbekistonda zamonaviy standartlar asosida kamida 58 ta maktab quriladi
O‘zbekiston | 13:54
Mavzuga oid

15:25 / 30.04.2025
O‘zbekiston va Avstriya viza tartibini soddalashtirishi mumkin

14:41 / 30.04.2025
G‘azoda otishmalar ostida tarqatilayotgan taom, AQSh harbiy uchog‘ini qulatgan husiychilar va «kelajak shahri»ni tortolmayotgan Saudiya - kun dayjesti

11:20 / 30.04.2025
«10 yilgacha deport va 26 ming dollar jarima» – Saudiya hukumati noqonuniy Haj uchun jazo choralarini e’lon qildi

14:36 / 25.04.2025