Ispaniya Isroildan millionlab o‘q-dori sotib olishdan bosh tortdi
Mamlakat hukumati Isroil bilan 15,3 mln o‘q-dori xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Ammo G‘azodagi harbiy operatsiyalarga norozilik belgisi sifatida ushbu shartnoma bekor qilinadigan bo‘ldi.

Foto: Reuters
Ispaniya Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy operatsiyalariga norozilik belgisi sifatida mamlakat kompaniyalaridan 15,3 million patron buyurtma qilishdan voz kechdi, deb yozadi The Guardian.
Qayd etilishicha, hukumatning ushbu qadami Ispaniya fuqarolik gvardiyasini o‘q-dorilarsiz qoldirishi mumkin.
Pedro Sanches boshchiligidagi Ispaniya hukumati 2023 yil oktyabrdan beri — Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorida harbiy operatsiya boshlaganiga javoban, Isroil bilan qurol-yaroqqa aloqador har qanday shartnomani rad etib kelayotgan edi. Ammo oradan bir yil o‘tib, Ispaniya Ichki ishlar vazirligi kalibri 9 millimetr bo‘lgan 15,3 millionta patron yetkazib berish bo‘yicha Isroilning IMI Systems kompaniyasi bilan bitim imzoladi. Bu haqda OAVda xabarlar tarqalgach, IIV shartnomani bekor qilishga va’da berdi.
Shunga qaramay, 23 aprel kuni IIV ushbu shartnomani bajarish niyatini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, shartnoma bunday kech bosqichda bekor qilinsa, Isroil tomoni o‘q-dorilar yetkazib berish uchun baribir to‘liq summani (6,6 million yevro) oladi, ammo Ispaniya qurolsiz qolib ketadi. Bundan tashqari, IIVning qayd etishicha, ta’minotning uzilishi fuqarolik gvardiyasining mamlakatda qonun va tartibni saqlash qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi.
IIV bayonoti so‘l Sumar partiyasining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Partiya yetakchisi Iolanda Dias Isroildan patronlar sotib olish — mamlakat hukumatining ichki kelishuvlarini «qo‘pol ravishda buzish» ekanini ma’lum qildi. Bugun, 24 aprel kuni Sanches va Dias vakillari shartnoma bir tomonlama tartibda bekor qilinishini e’lon qildi.
Mavzuga oid

17:12
Yevropaning ayrim davlatlarida blekaut yuzaga keldi

13:05
Eron portidagi dahshatli portlash, Kanadada fojiaga aylangan festival va Suvaysh kanaliga «ko‘z olaytirayotgan» Tramp - kun dayjesti

09:45
Isroil Bayrutdagi "Hizbulloh" inshootiga zarba berganini ma’lum qildi

07:51