Eron portidagi dahshatli portlash, Kanadada fojiaga aylangan festival va Suvaysh kanaliga «ko‘z olaytirayotgan» Tramp - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS besh yillik sulhga tayyor
HAMAS G‘azodagi urushni to‘xtatish va garovga olingan barcha isroilliklarni ozod qilish shartlari asosida besh yillik sulh tuzishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda guruh vakili Qohirada vositachilar bilan muzokaralar arafasida ma’lum qildi.
Isroil hozircha HAMASning so‘nggi takliflariga izoh bermadi. Muzokaralar Qatar va Misrning faol vositachiligida o‘tmoqda. HAMAS qurollarni tashlashni muhokama qilmasligini aytgan, bu esa Isroilning asosiy talablaridan biridir.
Isroil so‘nggi paytlarda 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va 10 nafar garovdagi shaxsni qaytarish taklifini bergan edi, lekin HAMAS bu taklifni rad etib, keng qamrovli kelishuv taklif qilmoqda. Sulh tuzishda Isroil qo‘shinlarining G‘azodan chiqishi va insonparvarlik yordamini oshirish ham talab qilinmoqda.
G‘azoda urushdan jabrlanganlar soni esa kundan kunga ortib bormoqda: martdan buyon kamida 2111 falastinlik halok bo‘lgan, umumiy qurbonlar soni esa 51 ming 495 nafarga yetdi.
Tramp: «G‘azoga nisbatan rahmdil bo‘lish kerak»
AQSh prezidenti Donald Tramp Binyamin Netanyahu bilan suhbatida G‘azoga ozuqa va dori-darmon yetkazishga ruxsat berishni so‘raganini ma’lum qildi. U «G‘azo xalqining azob chekayotgani»ni ta’kidlab, ularga rahmdillik ko‘rsatish lozimligini bildirdi.
Mart oyining boshlaridan buyon G‘azoga humanitar yordam kiritilmayapti. Isroil barcha garovga olingan shaxslar ozod etilmaguncha yordamni to‘xtatib turishini bildirdi. BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi esa 25 aprel kuni G‘azoda zaxiralari tugaganini e’lon qildi.
Tramp birinchi raqamli bort sahnida jurnalistlarga intervyu berar ekan, «G‘azoda dori-darmon va oziq-ovqatga shoshilinch ehtiyoj bor va bu masala hal etilmoqda», deya ma’lum qildi. Uning ta’kidiga ko‘ra, Netanyahu bu talabni «yaxshi qabul qilgan».
Eron portidagi portlash: milliy motam e’lon qilindi
Eronning Ko‘rfaz sohilida joylashgan Bandar Abbos shahridagi Shahid-Rajoiy portida sodir bo‘lgan kuchli portlash natijasida halok bo‘lganlar soni 36 nafarga yetdi, 1200 dan ziyod kishi tan jarohati oldi. Eronda fojia munosabati bilan milliy motam e’lon qilindi.
Portlash shanba kuni konteyner terminali hududida sodir bo‘lgan.
Rasmiy media vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, guvohlar yangi portlashlar va qalin tutunlar haqida xabar berdi. Hukumat aholini yaradorlar uchun qon topshirishga chaqirdi. Portda katta zarar kuzatilgan, ayrim binolar vayron bo‘lgan, 25 km radiusdagi binolarning oynalari singan.
Hokimiyat yolg‘on axborot tarqatishni man etgan, biroq xavfsizlik choralariga rioya etilmagani tan olingan. Portlash sabablari aniqlanishi uchun tergov boshlangan. Aybdorlarni topish va jazolash va’da qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shahid-Rajoiy porti hududida ro‘y bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyonga ta’ziya maktubi yo‘lladi.
Kashmirda otishmalar boshlanib ketdi
Kashmirda Hindiston va Pokiston qo‘shinlari o‘rtasida o‘zaro otishmalar boshlanib ketdi. Hindiston axborot agentliklari ma’lum qilishicha, pokistonlik harbiylar yakshanba kuni nazorat chizig‘i bo‘ylab ogohlantirmasdan o‘qotar qurollarni ishga tushirishgan, hind kuchlari javob qaytargan.
Hozircha jarohatlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. Pokiston tomoni ham bu to‘g‘rida izoh bermagan.
To‘qnashuvlar ikki davlat nazoratidagi Kashmir hududi chegarasida, ya’ni faktik nazorat chizig‘i bo‘ylab ro‘y bergan. Avvallari bu hududda qurolli to‘qnashuvlar tez-tez sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda vaziyat ancha barqarorlashgan edi.
Yaqinda sodir bo‘lgan teraktda qurbon bo‘lgan 26 kishi orasida asosan turistlar bo‘lgan. Hindiston mazkur hujumning uyushtirilishida Pokistonni ayblamoqda, rasmiy Islomobod esa buni rad etib, xalqaro tergov o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan.
Bu orada Hindiston Pokiston bilan keskinlik fonida o‘z raketalarini sinovdan ham o‘tkazdi. Mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari kemalarga qarshi raketalarni uchirib, «uzoq masofaga mo‘ljallangan yuqori aniqlikdagi hujum zarbalarini amalga oshirishga» tayyor ekanini namoyish etdi.
Ikkitomonlama ayblovlar yangrayotgan bir paytda ikki yadroviy davlat o‘rtasida mojaro avj olishi xavfi borligi haqida jiddiy xavotirlar paydo bo‘lmoqda. Hozircha diplomatik faoliyat orqali vaziyatni barqarorlashtirish urinishlari davom etmoqda.
Kurskda hamon ukrain harbiylari qolmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin armiya Kursk oblastidan Ukraina kuchlarini to‘liq siqib chiqarganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Z-blogerlar va dengiz piyodalari bu hududda ukrain harbiylari hamon qolayotganini xabar qildi.
Z-blogerlar Otruba xutori va Oleshnya qishlog‘i hududida ukrain kuchlari faolligini qayd etdi. Rybar kanali ham chegara bo‘ylab ba’zi murakkab uchastkalarda Ukraina nazorati saqlanayotganini ma’lum qildi.
DeepState loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastida taxminan 29 km² maydonni nazorat qilmoqda. 810-dengiz piyodalari brigadasi komandiri ham Putin bilan muloqotda hududda ukrain kuchlarining hanuz qolganini bilvosita tasdiqladi.
Rossiya armiyasi Gornal qishlog‘ini to‘liq nazorat qilishini ta’kidladi va yaqin vaqtda barcha dushman guruhlari yakson etilishi bildirildi.
Trampga endi Suvaysh kanali kerak
AQSh prezidenti Donald Tramp Suvaysh va Panama kanallaridan amerikalik harbiy va savdo kemalarining bepul o‘tish huquqi bo‘lishi kerakligini talab qildi. Bu haqda u o‘zining Truth ijtimoiy tarmog‘idagi postida ma’lum qildi.
Trampning ta’kidlashicha, mazkur kanallar AQSh ishtiroki bilan barpo etilgan va shuning uchun Amerika ulardan tekin foydalanish huquqiga ega bo‘lishi kerak. U davlat kotibi Marko Rubioga bu masalalarni zudlik bilan hal qilishni topshirganini bildirdi.
Suvaysh kanali Misrga tegishli bo‘lib, Yevropa va Osiyoni bog‘laydi hamda jahon dengiz savdosining taxminan 10 foizida ishtirok etuvchi kemalar undan suzib o‘tadi. Uning faoliyati oxirgi paytlarda husiychilar hujumlari sabab xavf ostida qolmoqda.
Kanadada festival fojiaga aylandi
Kanadaning Vankuver shahrida filippinliklar bayramida avtomobil odamlar to‘dasiga bostirib kirdi. 26 aprel kuni kechqurun Lapu-Lapu kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan festivalda sodir bo‘lgan hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘ldi va jarohat oldi.
Kanadaning Global News nashri o‘z manbasiga asoslanib, kamida 8 kishi, jumladan bir go‘dak halok bo‘lgani, 6 kishi jarohatlanganini xabar qilgan.
Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida ro‘y bergan. Politsiya haydovchini qo‘lga oldi va tergovni boshladi. Jabrlanganlar soni haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Kanada bosh vaziri Mark Karni va Vankuver shahar meri Ken Sim jabrlanganlarga ta’ziya bildirishdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda o‘z qayg‘ularini izhor etdi.
Lapu-Lapu kuni Filippinda har yili 27 aprel kuni nishonlanadi. Bu kun 1521 yilda Maktan orolida ispan mustamlakachilarini mag‘lub etgan mahalliy yetakchi Lapu-Lapu sharafiga bag‘ishlangan.
Qozog‘istonda 9 may yurishlari taqiqlandi
Qozog‘iston shaharlari hokimiyatlari 9 may kuni Rossiyadagi «O‘lmas polk» aksiyasiga o‘xshash ko‘cha yurishlari o‘tkazilishini rad etdi. Pavlodar, Petropavl va boshqa rusiyzabonlar keng tarqalgan shaharlarda faqat internetda aksiya o‘tkazish va frontda ishtirok etib, vafot etganlarning suratlarini elektron ekranlarda namoyish qilish taklif qilindi.
«Nastoyasheye vremya» nashrining yozishicha, ruxsatsiz tadbirlar ushlab ketish va jarimalar bilan tugashi mumkin. Olmaotada faollar prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga videomurojaat yo‘llab, rasmiy ruxsat bo‘lmasa ham aksiya o‘tkazilishini ta’kidlashgan.
Ostona shahar hokimi Jyengis Qasimbekning ma’lum qilishicha, 7 may kuni poytaxtda harbiy parad va aviashou bo‘lib o‘tadi. Ammo yurishlar tashkil etilmaydi.
Qozog‘istonda «O‘lmas polk» yurishlari 2019 yildan beri o‘tkazilmayapti. 2022 yildan boshlangan Rossiya-Ukraina urushi sabab, mamlakatda bunday aksiyalarga munosabat ehtiyotkorlik bilan o‘zgargan.
Mavzuga oid

17:33 / 31.05.2025
Rossiya «bufer zona» yaratish uchun Sumi oblastiga hujum qilmoqda. Bu amalga oshadimi?

16:55 / 31.05.2025
Rossiya Zaporojiye yo‘nalishida hujum boshladi – Sirskiy

14:42 / 31.05.2025
Rossiya TIV: AQSh Isroilni Falastin davlatini yaratish istiqbollarini yo‘q qilishda qo‘llab-quvvatlayapti

14:14 / 31.05.2025