Erdo‘g‘an: AFAD va SSV bo‘linmalari jangovar shay holatga keltirildi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda kuzatilgan zilzilalar yuzasidan bayonot berdi. U qidiruv va qutqaruv ishlari alohida ehtiyotkorlik bilan davom etayotgani, tegishli bo‘linmalar shay holatga keltirilganini ma’lum qildi.

Foto: AP
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) va Sog‘liqni saqlash vazirligi jangovar shay holatga keltirilgani, shuningdek, qidiruv va qutqaruv ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
23 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahrida davomli yer silkinishlari kuzatildi, ulardan ikkinchisining magnitudasi 6,2 ballni tashkil etdi. Soat 12:13 dagi birinchi yer silkinishi kuchi esa 3,9 magnitudaga teng bo‘lgan. Ikki zilzila epimarkazi ham Istanbulning markaziy qismidan 50 kilometr g‘arbda, Marmar dengizi sohilidagi Silivri shahri yaqinida joylashgan.
Turkiya prezidenti 47-Xalqaro bolalar festivalida Istanbulda kuzatilgan zilzila yuzasidan bayonot berdi.
«Biroz oldin Istanbul va Marmara mintaqasida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Biz o‘z yordamimizni zilziladan jabr ko‘rgan barcha fuqarolarga yo‘naltirmoqdamiz. Davlatimizning barcha bo‘linmalari, xususan, AFAD va Sog‘liqni saqlash vazirligi hozirda jangovar shay holatda. Qidiruv va qutqaruv ishlari alohida ehtiyotkorlik bilan davom etmoqda. Biz ham jarayonni diqqat bilan kuzatib bormoqdamiz. Ushbu tadbirga kelishdan oldin men vazirlar, shuningdek, AFAD raisi va Istanbul gubernatoridan eng so‘nggi ma’lumotlarni oldim. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha inqirozli vaziyat yo‘q. Alloh yurtimizni va xalqimizni barcha balo va ofatlardan asrasin», — deydi Erdo‘g‘an.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy silkinishdan so‘ng bir necha aftershoklar kuzatilgan, ulardan eng kuchlisi 5,3 magnitudada bo‘lgan. Hokimiyatlar aholini zarar ko‘rgan binolarga kirmaslikka va xavfsizlik choralariga amal qilishga chaqirmoqda.
Istanbul gubernatorligining qayd etishicha, zilzila natijasida hech kim halok bo‘lmagan. 151 nafar fuqaro qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, kasalxonalarda davolanmoqda. Ularga hech qanday hayotiy xavf yo‘q. Shuningdek, Fatih tumanida tashlandiq bino qulab tushgan, ammo hodisa oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.
Bosh konsulxona mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Mavzuga oid

12:18 / 27.04.2025
Istanbulda yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi

21:49 / 25.04.2025
“Istanbul cho‘ksa, butun Turkiya cho‘kadi” – zilziladan keyin istanbulliklar ko‘chalarda tunadi

21:24 / 25.04.2025
Myanmada zilzila haqida noto‘g‘ri prognozlar tarqatgan tiktoker hibsga olindi

17:40 / 24.04.2025