Jahon | 21:24 / 25.04.2025
1957
2 daqiqa o‘qiladi

Myanmada zilzila haqida noto‘g‘ri prognozlar tarqatgan tiktoker hibsga olindi

U 21 aprelda kuchli zilzila bo‘lishini bashorat qilgan. Mart oyidagi zilziladan keyin vahimaga tushib qolgan odamlar uning gaplariga ishonib, shu kuni uylariga kirmagan.

Foto: Getty images

Myanma hukumati zilzila haqida bashoratlari bilan yolg‘on mish-mish tarqatib, vahima uyg‘otgan mamlakatdagi mashhur bloger va astrologni hibsga oldi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, 21 yoshli Jon Mo Txe o‘z uyida ushlangan va hukumat unga qarshi «qonun doirasida» chora ko‘rishni va’da qilmoqda.

Jon Mo Txe TikTokʼda akkaunt yuritgan. U yulduzlarga qarab bashorat qila olishini aytgan holda muntazam ravishda nafaqat zilzilalar, balki boshqa tabiiy ofatlar, shuningdek, siyosiy voqealar, jumladan, AQShning Myanmaga ehtimoliy hujumlari haqida prognozlar e’lon qilib kelgan. Uning postlari foydalanuvchilar orasida ommalashgan, obunachilari soni 300 ming kishidan oshgan.

9 aprel kuni u 21 aprelda Tailandda kuchli zilzila boshlanib, ko‘plab davlatlarga, jumladan, Myanmadagi har bir shaharga zarar yetkazishi haqida yozgan. Astrolog fuqarolarga shu kuni binolar ichida qolmaslikni, plyaj va alangalanuvchi vositalardan uzoqroq bo‘lishni maslahat bergan.

28 martda yuz bergan zilziladan keyin vahimaga tushib qolgan odamlar yigitning prognozlariga ishongan. 21 aprel kuni rostdan ham ko‘plab odamlar ko‘chalarga chiqib, uylariga kirmagan.

Prognoz amalga oshmagani ayon bo‘lgach, kimdir bu haqida tegishli idoralarga xabar bergan ko‘rinadi. Myanma hukumati TikTok’da feyk yangiliklar tarqatilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushgani va ushbu faoliyatga barham berish bo‘yicha qaror qabul qilinganini bildirgan. Bundan tashqari, rasmiylar «feyk yangiliklar tarqayotgan boshqalarga ham keskin choralar ko‘rilishidan» ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, Myanmada 28 mart kuni 7,7 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Episentr mamlakatning ikkinchi yirik shahri — 1,5 million aholga ega Mandalayda. Zilzila qurbonlari soni 3,7 ming kishidan oshgan.

Mavzuga oid