Jahon | 23:00 / 21.04.2025
4915
4 daqiqa o‘qiladi

Tehron, Moskva va Rimdagi muzokaralar: Eron yadro dasturi bo‘yicha bitim asoslari chizilmoqda

AQSh–Eron muzokaralarining navbatdagi raundi Rimda bo‘lib o‘tdi. Undan oldin Tehronga Saudiya mudofaa vaziri keldi, Eron tashqi ishlar vaziri esa Moskvaga bordi – u ertaga Pekinga uchadi. So‘nggi vaqtlarda forslarning yadroviy dasturi atrofida nimalar bo‘lmoqda? Kun.uz muxbiri jarayonlarni sharhlash uchun siyosatshunoslar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— AQSh va Eronning Tramp davridagi birinchi muzokaralari O‘monda bo‘lib o‘tgandi. Muzokara 19 aprel kuni Rimda, O‘monning Italiyadagi elchixonasida davom etdi. Bu qanday ahamiyatga ega?

Shavkat Ikromov: Bugungi kunda AQSh-Yevropa bilan Trampga qadar bo‘lgan davrdagidek ittifoqchi emas. Yevropada Trampning olib borayotgan siyosatiga, xususan Eron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha siyosatiga qarshi tomonlar bor, jumladan Germaniya, Fransiya, Britaniya kabi davlatlar. Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni Tramp bilan eng yaxshi munosabatlarga ega. Muzokaralarga Italiyaning ham jalb etilishi bilan bo‘lajak bitimda Yevropaning ishtirokiga oid maqsad ko‘zda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Asosiy vositachi O‘mon bo‘lmoqda. Yaqin Sharqda arab davlatlari bilan ham, Eron bilan ham, Qo‘shma Shtatlar bilan ham birday gaplasha oladigan va nisbatan Eronga moyilligi bo‘lgan davlat bu – O‘mon. 2023 yil Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida uzoq sovuqchilikdan keyingi aloqalarning qayta tiklanishida ham aslida O‘mon va Iroqning hissasi katta, Xitoy esa asosan imzolanadigan hujjatlarga kafolat zarurligi uchun jalb etilgan edi.

Aslida, 1968 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotida yadro quroliga ega bo‘lmaslik va uni tarqatmaslik to‘g‘risida xalqaro shartnoma imzolangan va unga 1970 yilda Eron ham qo‘shilgan. Demak, yuridik jihatdan Eron hozircha bu shartnomani imzolagan davlat sifatida yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin emas. U o‘ziga shunday majburiyat olgan, inqilobdan keyin ham bu o‘zgarmagan.

2002 yilgacha bo‘lgan davrda ham Eron har doim mazkur shartnomaga sodiqligini e’tirof etib kelgan va hozir ham buni e’tirof etadi. 2002 yildan boshlab Isroil tomonidan olib borilgan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron uranni boyitish bo‘yicha maxsus dasturga ega deb hisoblangan va shundan keyin Tehronga nisbatan xalqaro bosim kuchaygan. Lekin Eron har doim MAGATEga o‘z eshiklarini ochgan va uranni boyitishni belgilangan me’yordan oshirmayotganini aytib keladi.

2015 yildagi kelishuv bo‘yicha Eron uranni boyitishni 3,67 foizdan oshirmasligi kerak edi, lekin keyinroq AQSh kelishuvdan chiqib ketdi. MAGATEning 2025 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, Eron uranni boyitish darajasini 60 foizga yetkazgan. 90 foizgacha yetkazilganda, bu davlat yadro quroliga ega deb hisoblanadi.

Suhbatni batafsil Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. Unda siyosatshunoslar Eron tashqi ishlar vazirining RF prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi, Saudiya Arabistoni mudofaa vazirining Tehronga safari va mavzuga oid boshqa qator masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishdi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid