Jamiyat | 18:28 / 20.04.2025
12768
5 daqiqa o‘qiladi

“Dadamga Mercedes-Benz olib beraman” – ingliz tilini suv qilib ichgan 12 yoshli Mirabbos

Ingliz tilini mustaqil o‘rgangan Mirabbos Mirafzalov hozir bu tilda xuddi o‘zbekchadagidek ravon gapiradi. Otasi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida ishlagan vaqtida logistika sohasidagi yigitlarning fikrlashini ko‘rib, Mirabbosning asosiy vaqtini bilim olishga yo‘naltirishga qaror qiladi. Hozirda Mirabbos yana ikki tilni o‘rganmoqda. Kun.uz bolakay bilan xorijiy tillarni ustozlarsiz qanday o‘zlashtirayotgani va uning maqsadlari haqida suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mirabbos Mirafzalov Toshkent shahridagi 132-maktabning 6-sinfida o‘qiydi. U 8 yoshidan ingliz tilini o‘rgana boshlagan. Avvaliga 3 oy davomida o‘quv kurslariga qatnagan, ammo darslar qoniqarli bo‘lmagani uchun kursni davom ettirmagan.

Mashg‘ulot vaqtida yonimdagi bolalarga qo‘shilib, o‘yinqaroqligim tutib ketardi. Xayolim chalg‘ib, darslarni yaxshi o‘zlashtira olmasdim. Shuning uchun, repetitorda o‘qishni to‘xtatdim. Ota-onam ingliz tilini o‘rgansam, katta kompaniyalarda ishlashim, ko‘p pul topishim, qimmatbaho mashinalar minishim mumkinligini tushuntirib berishardi. Oradan biroz vaqt o‘tib ularning turtkilari bilan tilni o‘zim mustaqil tarzda o‘rgana boshladim”, – deydi u.

Ustozlar yordami bilan ham ko‘plab bolalarning dars tayyorlashi amrimahol bo‘lib borayotgan bir zamonda Mirabbos o‘zini o‘zi tartibga solib, telefondagi vaqtini o‘yin o‘ynash uchun emas, bilim olishga sarflagan. O‘smir yigit YouTube platformasidagi onlayn darsliklar orqali ingliz tilini o‘rgangan. Darslarni o‘zlashtirishini otasi nazorat qilib borgan.

Ingliz tili boshida juda murakkab tuyulgan. Dars qilgim kelmay, yig‘lagan vaqtlarim ham bo‘lgan – ko‘chadan tengdoshlarimga qo‘shilib o‘ynagim, to‘p tepgim kelardi. Ota-onam asosiy vaqtimni bilim olishga yo‘naltirsam, bu ish kelajakda qanday imkoniyat eshiklarini ochishini erinmay tushuntirishardi. Ularning qo‘llab-quvvatlashi menga doim kuch berar va shu orqali qiyin bo‘lsa ham tilni puxta o‘rganishga harakat qilardim”, – deydi Mirabbos.

Bolakayning til bilishida otasining roli katta. Mirabbos o‘rganganlarini mustahkamlash va takrorlash orqali inglizchada erkin gaplashishga erishgan. Otasi chet elliklar ko‘p keladigan hududlar – metro bekatlari, ziyoratgohlarga olib borib, o‘g‘lini sayyohlar bilan inglizchada gaplashtirgan. Ba’zi vaqtlarda Mirabbos sayyohlarga gidlik ham qilgan.

Ingliz tilini o‘rganishni 2020 yildan boshlagan bo‘lsam, 2 yilcha shug‘ullanganimdan keyin erkin muloqot qilish darajasiga chiqdim. Talaffuzimdagi kamchiliklarni eshitib, audio/video darslik va filmlar orqali to‘g‘irladim. Inglizchani biladiganlar bilan suhbatlashib, o‘rganganlarimni mustahkamladim. Bu tildan tashqari, o‘tgan yili yaponchani o‘rganishni boshlab, 150 tacha so‘z yodlagandim. Atrofimda ushbu tilda muloqot qiluvchilar bo‘lmagani va o‘zlashtirganlarimni takrorlamaganim sabab bilgan so‘zlarim ham bir yil ichida esimdan chiqib ketdi. Bilim – takrorlashlar mevasi deb bekorga aytishmas ekan”, – deydi u.

Mirabbos bilimga o‘ta chanqoq, maqsadlari ham ancha katta. U dunyoda top 10 talikda turuvchi nufuzli universitetlardan birida ta’lim olish, xususiy universitet ochish, dadasiga “inomarka” mashina sovg‘a qilishni hozirdanoq maqsad qilib qo‘ygan.

Ayni vaqtda o‘qiyotgan kitoblarim biznes sohasiga doir bo‘lgani sabab bu yo‘nalishga qiziqishim va mehrim borgan sari oshib boryapti. Katta bo‘lganda biznesmen bo‘lishni, Ilon Mask, Stiv Jobs kabi insonlar bilan ko‘rishishni istayman. Muvaffaqiyatli odam bo‘lish uchun ispan tilini ham o‘rganaman. Kuchli o‘qib, katta daromad topib, otamga Mercedes-Benz, o‘zimga Neta, boshqa oila a’zolarimga ham o‘zlari istagan mashinani olib berishni maqsad qilganman. Kim bo‘lsam ham, millatga foydasi tegadigan ishlar qiladigan, yaxshi odam bo‘lishni xohlayman”, – deydi u.

Mirabbos intervyu davomida ota-onaning farzand bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishi qanchalik muhimligi, shuningdek, o‘z tengdoshlari uchun kunning qaysi qismida dars tayyorlash samaraliroq bo‘lishi, o‘yinlarga chalg‘imay, gadjetlardan maqsadli foydalanish haqida gapirib bergan.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Bobur Anvarov,
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov.

Mavzuga oid