Jahon | 00:47 / 18.04.2025
20519
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga 3 kun muhlat berdi

Shuningdek, Donald Tramp keyingi hafta davomida AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha bitimni imzolashini ma’lum qildi.

Foto: The Moscow Times

Vashington Rossiya prezidenti Vladimir Putindan Ukraina bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga shu haftaning oxirigacha javob olishni kutmoqda. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi

«Ularning javobini shu hafta, juda yaqin kunlarda eshitamiz. Biz qotilliklar to‘xtatishini xohlaymiz», — deydi Tramp.

Shuningdek, u hafta davomida — 24 aprelgacha AQSh va Ukraina tabiiy resurslar bo‘yicha bitim imzolashi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Bu bitim AQShning Ukrainaga bergan harbiy yordami uchun sarflangan mablag‘ni qoplashga xizmat qiladi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar davomida ushbu «qarz» miqdori uch baravar kamaytirilgan — 300 milliard dollardan 100 milliard dollargacha.

Axios manbalarining so‘zlariga ko‘ra, agar Putin aprel oyining oxirigacha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, AQSh Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilishga tayyor. Fox News oldinroq Tramp muzokaralarni ataylab cho‘zayotgani uchun Putindan norozi ekani haqida yozgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy Rossiyaning «soya floti»ga nisbatan keskin choralarni ko‘rib chiqmoqda. Tramp Rossiya neftini xarid qilayotgan davlatlarga nisbatan 500 foizgacha boj joriy qilishi mumkinligini aytgan edi.

18 aprel kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetik obektlarga nisbatan o‘zaro zarba bermaslik bo‘yicha moratoriy muddati tugaydi. Kreml uni uzaytirish niyati borligini hozircha bildirmagan. Prezident yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Rossiya moratoriy atrofidagi vaziyat bo‘yicha AQSh tomoniga «muayyan signallar»ni yetkazadi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 17 aprel kuni Ukrainadagi vaziyatni hal etish bo‘yicha AQSh bilan muzokaralarda muammolar borligini tan oldi. «Jarayon ancha murakkab ketmoqda», — deydi u. Bunga sabab sifatida Peskov «Kiyev rejimi» va Yevropa Ittifoqi davlatlarini ko‘rsatgan.

The Moscow Times’ning Kremlga yaqin manbalariga ko‘ra, Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralarda maksimalistik pozitsiyani saqlab qolmoqda. Mart oxirlarida Saudiya Arabistonida o‘tgan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi Ukraina tarkibidagi to‘rtta oblast — Donetsk, Lugansk, Zaporojjya va Xerson to‘liq ma’muriy chegaralari bilan RFga berilishini talab qilgan. Bundan tashqari, Moskva yana bir oblast, masalan, Dnepropetrovsk yoki Sumining bir qismini bosib olib, keyinchalik uni Xerson va Zaporojjya bilan almashishni taklif qilishi mumkin. 

Mavzuga oid