Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
Ular internet orqali ish topib, Tailandga borgan. Biroq O‘zbekiston fuqarolari u yerdan Myanmaga olib ketilgan va jinoiy guruh qo‘liga topshirilgan.

Foto: "Dunyo" AA
O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklarga o‘z vataniga qaytishda amaliy yordam ko‘rsatdi.
Qayd etilishicha, M.S. va B.V. ismli fuqarolar Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lganini bildirib, O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Tailandga internet orqali yuqori maoshli ish taklif qilinganidan so‘ng borgan. Biroq Tailandga yetib kelganida, noqonuniy ravishda Myanmaga olib ketilgan va u yerda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘liga topshirilgan. O‘zbekistonliklar Myanmada noqonuniy markazlarda ishlashga majbur qilingan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolarga jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlar qo‘llangan. Jinoiy to‘da ularning ozod etilishi va vataniga qaytishi uchun katta miqdorda pul talab qilgan.
Shuningdek, 8 nafar Qirg‘iziston va 4 nafar Qozog‘iston fuqarosi ham Myanmada xuddi shunday vaziyatga tushib qolgan. Tailandda Qirg‘izistonning diplomatik vakolatxonasi yo‘qligi inobatga olinib, Qirg‘iziston tomonining iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari ushbu fuqarolarni o‘z vataniga qaytarishni tashkil etishda yordam ko‘rsatgan.
Myanma va Tailand vakolatli organlari bilan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari Mayesot (Tailand) chegara o‘tish punktida ozod qilinib, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlariga topshirilgan. Ozodlikka chiqqanlar vaqtinchalik uy-joy va oziq-ovqat bilan ta’minlangan.
11 aprel kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida ikki nafar O‘zbekiston, 4 nafar Qozog‘iston va 7 nafar Qirg‘iziston fuqarosi o‘z oilasi bag‘riga muvaffaqiyatli qaytarilgan. Qirg‘izistonning bir fuqarosi sog‘lig‘i bilan bog‘liq holda tibbiy muassasada davolanish uchun vaqtincha Tailandda qolgan. Uning vataniga qaytishi davolanish kursi tugaganidan keyin tashkil etiladi.
Bosh konsulxona fuqarolarni xorijda ishga joylashish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishda hushyor bo‘lishga va axborot manbalarining ishonchliligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqiradi. Shuningdek, idora vatandoshlarga Tailand, Kambodja, Myanma va Laosda ishga joylashish bo‘yicha konsullik yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi.
Mavzuga oid

21:24 / 25.04.2025
Myanmada zilzila haqida noto‘g‘ri prognozlar tarqatgan tiktoker hibsga olindi

20:56 / 20.04.2025
Tataristonda og‘ir kasallikka chalingan fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi

20:02 / 18.04.2025
Tailand Myanmada qullikdan ozod etilgan 7 ming kishini vataniga yubordi

23:04 / 16.04.2025