Rossiyaning Ukrainadagi yangi yurishi: u qachon va qayerda boshlanadi?
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining Ukrainadagi bahorgi-yozgi hujum kampaniyasi «amalda boshlangan». Rossiya harbiylari Sumi va Xarkiv yo‘nalishlarida faollikni oshirgan.

Foto: Reuters
Rossiya harbiylari tomonidan yangi hujumga tayyorgarlikning dastlabki belgilari qish oxirida sezila boshlagandi.
Donbassda esa rossiyalik harbiylarning faolligi susaygan, Ukraina qurolli kuchlari ba’zi uchastkalarda hatto qarshi hujumlar uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Bularning bari Rossiya qo‘shinlari tin olib, navbatdagi katta maqsad uchun kuch to‘playotganini ko‘rsatadi.
Ruslarning yangi hujumi boshlanishi
Mart oyi oxirida Volodimir Zelenskiy Rossiya harbiylari yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi. Gap, birinchi navbatda Ukrainaning sharqiy oblastlari haqida ketgandi, go‘yoki Rossiya armiyasi 2025 yil yozida mazkur hududda yana hujumga o‘tishni rejalashtirgan.
«Putin vaqtdan yutishga harakat qilmoqda va bahorgi hujumga tayyorlanmoqda. Biz bu operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ko‘rib turibmiz va o‘z razvedka ma’lumotlarimizni ittifoqchilar bilan baham ko‘rdik. Vaziyatga katta ochilgan ko‘z bilan qarash kerak. Putin yangi hujumga tayyorlanmoqda, xususan, Sumi va Xarkiv oblastlarida», – degandi Zelenskiy Le Figaro nashriga.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bu ma’lumotni tasdiqlab, LB.ua nashrida 9 aprel kuni chiqqan intervyusida ushbu hujum «amalda boshlanib ketgani»ni ta’kidladi.
Ukraina bosh shtabi rahbariyatidagi manbaning BBC Ukraina xizmatiga tushuntirishicha, mart oyi oxiridan beri frontning barcha uchastkalarida harbiy to‘qnashuvlar soni ortgani Rossiya operatsiyasi boshlanganidan dalolat berishi mumkin.
Rossiyaliklarning hujumkor harakatlari soni ikki baravardan ko‘proqqa oshgan va yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqan. Agar mart oyi boshida kuniga yuzga yaqin to‘qnashuv kuzatilgan bo‘lsa, oy oxiriga kelib kuniga 200 dan ortiq to‘qnashuvlar qayd etila boshlagan.
Aprel oyida esa o‘rtacha ko‘rsatkich 150-160 darajasida saqlanib qoldi.

Bosh shtabdagi suhbatdoshning hisoblashicha, «Rossiya yurishidagi keskinlashuv» taxminan may oxiri, iyun boshida ro‘y berishi mumkin.
Ukraina prezidenti ofisi rahbarining harbiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, polkovnik Pavel Palisa aprel oyi boshida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Rossiya qo‘mondonligi «harbiy harakatlarni faollashtirishga tayyorlanayotgani»ni aytgandi.
«Rossiya guruhini tayyorlash va bir necha yo‘nalishda harbiy harakatlarni faollashtirish belgilari kuzatilmoqda. Albatta, rossiyaliklarda resurslar bor. Ammo ular sezilarli yutuqlarga, ayniqsa, tezkor darajaga erishish uchun yetarlimi – bunisiga shubham bor», – dedi u.
Rossiyaning qanday maqsadlari bor?
Rossiya harbiy rahbariyati hozir qanday maqsadlarni ko‘zlamoqda?
Shubhasiz, Rossiya armiyasi 2024 yilda yaqinlasha olgan Donetsk oblastidagi shaharlar aglomeratsiyasi ustuvor yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda. Bular Pokrovsk-Mirnograd va Kramatorsk-Slovyansk-Konstantinovka aglomeratsiyalaridir, deb ta’kidlaydi BBC Ukraina xizmatining bosh shtabdagi suhbatdoshi.
Birinchisiga kelsak, Rossiya armiyasi Pokrovsk chekkasidan 4-5 km masofada turibdi. Ukraina harbiylari bir necha qarshi hujumlar uyushtirib, Shevchenko-Peschane-Kotlino qishloqlari chegarasida rossiyaliklarni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Rossiya harbiy rahbariyatining shaharni yarim halqaga olish rejalarini barbod qildi, ammo rus harbiylari sur’atni pasaytirmayapti va Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bo‘shliq topishga harakat qilmoqda.
Kramatorsk-Slovyansk-Konstantinovka aglomeratsiyasiga kelsak, bu hudud uchun janglarni boshlash uchun rossiyaliklar qo‘shni aholi punktlari – Chasiv Yar va Toretskni bosib olish jarayonini yakunlashi talab etiladi.
Hozirda esa ruslar ularning hech birini to‘liq nazorat qilishga yaqin emas, shahar ichkarisida ko‘cha janglari davom etmoqda. Rossiya pozitsiyalarini Konstantinovka chekkalaridan 8-10 km masofa ajratib turibdi.
Biroq Rossiya tomonidan bahorgi-yozgi hujum kampaniyasi boshlanishi frontning shimoliy qismida allaqachon sezilmoqda.
Aprel oyi boshida rossiyaliklar Ukraina mudofaasini Liman yo‘nalishida «yorib o‘tish»ga muvaffaq bo‘ldi.
Bu yerda 2024 yil oxirida Rossiya harbiylari Jyerebets daryosining g‘arbiy sohilida kichik platsdarm yaratgan, hozir esa uni kengaytirib, bir vaqtning o‘zida janubda – Limanga, g‘arbda – Oskol daryosi hamda uning sohilidagi Borovaya shaharchasiga hujum qilmoqda.
Agar rossiyaliklar bu maqsadlarga erisha olsa, unda Ukraina mudofaasi qiyin ahvolga tushib qoladi, chunki Serebryanskiy o‘rmoni, Seversk va Slovyansk yaqinidagi front uchastkasining logistikasiga putur yetadi.
Donbass janubi va Zaporijjya oblastida Rossiya hujumi hozircha taktik maqsadlarni ko‘zlamoqda. Kotlyarovka-Troitske qishloqlari hududida (Pokrovskdan 20 km janubda) Rossiya armiyasi Donetsk oblastining ma’muriy chegaralariga yorib o‘tish va ehtimol Dnipropetrovsk oblasti hududiga kirish uchun Ukraina mudofaa chizig‘iga hujum qilmoqda.
Bu yerda eng yaqin nishon Ukraina qurolli kuchlarining Novopavlovka posyolkasidagi logistika markazi bo‘lishi mumkin. Ungacha Rossiya qo‘shinlari taxminan 15 km masofani bosib o‘tishi kerak.
Yanada janubroqdagi rossiyaliklar Donetsk – Zaporijjya trassasiga tayanadigan mudofaa kuchlari logistikasini kesib tashlamoqchi. Bu yerda Bogatir va Komar qishloqlari xavf ostida.
Agar ular egallab olinsa, Ukraina qo‘shinlari 20 km g‘arbga, Dnipropetrovsk oblasti chegaralariga, Solenaya va Mokriye Yali daryolari chizig‘iga chekinishi kerak bo‘ladi.
Zaporijjya janubida ham hujumlar soni ko‘paydi. Bu jonlanish hozircha oblast markaziga tahdid solmaydi.
Ayni bosqichda Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlarining Orixiv va Kamensk mudofaa tugunlarini bog‘lovchi logistikasini murakkablashtirish uchun atrofdagi balandliklarni egallashga urinmoqda.
Sumi va Xarkiv uchun xavf bormi?
Ukraina prezidenti va Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiya harbiy rahbariyatining Sumi va Xarkiv oblastlari bo‘yicha tajovuzkor rejalarini qayd etgan.
Chindan ham, fevral oyi oxiridan boshlab rus qo‘shinlari Kursk yo‘nalishida o‘z hujumlarini rivojlantirib, davlat chegarasi chizig‘ini kesib o‘tishga va Sumi oblasti hududidagi qishloqlarda jang qilishgacha yetib keldi.
Hozirda Basovka, Novenkoye, Juravka va Veselovka qishloqlari hududida harbiy harakatlar olib borilmoqda, ya’ni Rossiya armiyasi Sumi shimolidagi front bo‘ylab 25 km kenglikda, 7 km chuqurlikda (maksimal nuqtada) kirib kelgan.
Rossiya mudofaa vazirligi 6 aprel kuni Basovkani nazorat ostiga olganini ma’lum qildi, Ukraina hukumati buni rad etib, qishloq hech qaysi tomon nazorat qilmayotgan «kulrang zona»da qolayotganini aytmoqda.
BBC Ukraina xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi dushmanni to‘xatib turish uchun qo‘shimcha bo‘linmalarni ushbu yo‘nalishga o‘tkazmoqda.
Bosh shtabdagi manbaning aytishicha, Rossiya harbiy rahbariyatining niyati Sumi oblastida bufer zona yaratish va uning markaziga tahdid qilishdir.
«Maqsadlardan biri – Sumini qurshovga olish yoki yarim qurshov holatini yuzaga keltirish», – dedi suhbatdosh.
Aynan shunga yo‘l qo‘ymaslik uchun Ukraina qurolli kuchlari hali ham Kursk oblastidagi Oleshnya va Gornal qishloqlari yaqinidagi platsdarm qoldiqlarini ushlab turibdi va 18 mart kuni Belgorod va Kursk oblastlari tutashgan hududda cheklangan operatsiya boshladi.
Bu yerda ukrainlar og‘ir janglar bilan Rossiya harbiylarini siqib chiqarib, Demidovka va Popovka qishloqlari hududida platsdarm yaratishga muvaffaq bo‘lishgan.
Ukraina rasmiylari anchagacha Belgorod oblastiga yorib kirilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi, ammo 8 aprel kuniga kelib Zelenskiy Rossiyaning ushbu regionida ham «Ukraina harbiylari turgani» haqida bayonot berdi.
«Biz dushman hududidagi chegara hududlarida faol harakatlarni davom ettirmoqdamiz va bu mutlaqo adolatli – urush kelgan joyiga qaytishi kerak», – deya ta’kidladi u videomurojaatida.
9 aprel kuni Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining Belgorod oblastidagi hujumi – Rossiyaning Sumi va Xarkiv oblastlariga hujum qilish uchun yagona hujum guruhini shakllantirish rejalarini barbod qilganini aytdi.
«Bizning jangchilarimiz tomonidan tegishli qadamlar qo‘yildi, bu esa rossiyaliklarning hujumkor „musht“ini ular kutgan ko‘rinishda shakllantirishga imkon bermadi», – dedi Ukraina prezidenti.
Rossiyaning Xarkiv oblastidagi hujumiga kelsak, bu yerda gap bevosita hudud markaziga tahdid haqida ketmayapti.
Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatidagi suhbatdoshning tushuntirishicha, Rossiya armiyasi Vovchansk yaqinidagi harakatlarini faollashtirishga harakat qilmoqda, shuningdek, Oskol daryosidagi bir nechta platsdarmlarda o‘z muvaffaqiyatini rivojlantirgan.
O‘tgan yil dekabrida Rossiya armiyasi ushbu suv to‘sig‘idan Ukraina qurolli kuchlari ushlab turgan g‘arbiy sohilga o‘tishga muvaffaq bo‘lgandi.
Aprel oyi holatiga ko‘ra, ukrainlar qarshiligiga qaramay, rossiyaliklar bir vaqtning o‘zida bir nechta platsdarm yaratishga va kengaytirishga muvaffaq bo‘lishdi – Topol, Dvurechnaya, Kamenka, Novomlinsk qishloqlari yaqinida.
Agar Rossiya harbiylari daryoning bu sohilida egallab olgan hududlarini birlashtirib, zirhli texnikalarni daryodan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lsa, Ukraina qo‘mondonligi Kupansk yaqinida ham, undan shimolroqda – Xarkiv va Belgorod oblastlari chegarasi chizig‘i bo‘ylab ham mudofaa inqiroziga duch kelishi mumkin.
Hozircha ukrainalik himoyachilar dushmanning bu rejalariga qarshi turishga harakat qilmoqda.
Rossiyaliklarda qanday resurslar bor?
Harbiy ekspertlar Rossiyaning Sumi va Xarkiv oblastlaridagi operatsiyalari boshlanishini tahlil qilib, ularda ishtirok etish uchun jalb qilingan resurslar cheklangan miqdorda ekanini ta’kidlamoqda.
Xususan, Ukraina qurolli kuchlari zaxira polkovnigi, «Axboriy qarshilik» guruhi sharhlovchisi Konstantin Mashovetsning ta’kidlashicha, Kursk oblastidagi operatsiyalar uchun Rossiyaning «Sever» qo‘shinlari guruhi qo‘mondonligi 62-65 mingga yaqin harbiyni jalb qilgan. Ekspert fikricha, bular asosan havo-desant qo‘shinlari va dengiz piyodalari bo‘linmalari, shuningdek, Shimoliy Koreya jangchilaridan iborat to‘rttagacha brigadadir.
BBC Ukraina xizmatining Ukraina bosh shtabidagi manbalariga ko‘ra, KXDR harbiylari hozircha Ukraina chegarasini kesib o‘tmagan.
Mashovetsning fikricha, bunday son va tarkibda Rossiya guruhi Sumi oblastida faqat «cheklangan miqyosdagi hujum operatsiyasi»ni amalga oshirishi, ya’ni bufer zona yaratish uchun front bo‘ylab 10 km ichkariga va 30 km kenglikkacha harakatlanishi mumkin.
«Biroq, uning Ukraina qurolli kuchlarining ushbu yo‘nalishdagi tayyorlangan mudofaasini (hatto uning birinchi chizig‘ini) operativ-taktik chuqurlikda yorib o‘tish, ayniqsa, Sumi shahriga kirib borish qobiliyati shaxsan menda hozir yetarlicha shubha uyg‘otadi», – deydi ekspert.
Biroq, uning qo‘shimcha qilishicha, bunday ssenariy nazariy jihatdan imkon doirasidan tashqarida emas. Buning uchun Rossiya guruhi jiddiy ravishda kuchaytirilishi kerak bo‘ladi.
Rossiyada bunday zaxiralar yozning o‘rtalaridan oldin paydo bo‘lmasligi mumkin – faqat ularni joylashtirish muammosiz kechishi va boshqa yo‘nalishlardagi hujum harakatlari ko‘lami minimal bo‘lishi sharti bilan.

Bunday vaziyatda harbiy tahlilchi Rossiyaning Sumi oblastidagi hujumining ehtimoliy nishonlari «bufer zona»ni ushlab turish uchun muhim bo‘lgan bir nechta obektlar deb hisoblaydi.
Bular Yunakovka va Xrapovshchina qishloqlari o‘rtasidagi tepaliklar, Sumining shimoli-sharqidagi Radkovkadan Mogritsagacha cho‘zilgan o‘rmon massivi va chegaradagi Psel daryosi qirg‘og‘i.
Zaxiralarga kelsak, Ukraina rasmiylari Rossiya harbiy rahbariyatining bu yil 15 ta diviziya tashkil etish va guruhni yana 140-150 ming kishiga ko‘paytirish rejalari haqida gapirmoqda. Ukraina prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Palisaning ta’kidlashicha, rossiyaliklarda hozircha shaxsiy tarkibni jalb qilish bilan bog‘liq muammolar yo‘q.
Bugungi kunda Ukrainada 623 ming rossiyalik harbiy bor, degan bosh qo‘mondon Sirskiy.
Ukraina nima qiladi?
Ukraina qurolli kuchlari rahbariyatidagi suhbatdoshning aytishicha, mamlakat «shunga o‘xshash harakat qilish»ga, ya’ni odamlarni to‘plash va harbiy bo‘linmalarni kuchaytirishga majbur.

Uning fikricha, Kremlning sulhga tayyorligi haqidagi bayonotlari – hujumga tayyorgarlikni yashirish uchun manipulyatsiya hisoblanadi.
Vladimir Putinning so‘zlari ham buni qisman tasdiqlaydi. Ukrainadagi vaziyatni «tinch yo‘l bilan hal qilish»ga tayyorligi haqidagi oldingi bayonotlariga qaramay, 27 mart kuni u ochiqchasiga dushmanni «taslim qilish» istiqboli haqida gapirdi.
«Butun harbiy to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab qo‘shinlarimiz strategik tashabbusga ega. Men yaqindagina „biz ularni siqib qo‘yamiz“ degan edim, biz ularni taslim qilamiz deb o‘ylashga asos bor», - degandi o‘shanda Putin.
Moskva haqiqatan ham bunday zarba uchun yetarlicha tayyorlangan zaxiralarga egami yoki qandaydir sabablarga ko‘ra Ukraina mudofaasining qulashiga umid qilyaptimi, bu yaqin oylarda ma’lum bo‘ladi.
Mavzuga oid

14:20
Urushni muzlatmoqchi bo‘layotgan Putin va Trampga qarshi chiqqan AQSh universitetlari - kun dayjesti

13:52
Trampning tinchlik rejasi bo‘yicha Ukraina va Rossiyaga nima taklif qilingani ma’lum bo‘ldi

11:23
Rossiya droni Ukrainadagi avtobusga urildi, ko‘plab qurbonlar bor

01:32