Jahon | 09:22 / 08.04.2025
2416
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Tramp bojlariga ikki bosqichda javob qaytaradi

Yevropa Ittifoqi AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan alyuminiy va po‘lat importiga joriy etilgan bojlarga qarshi choralar ko‘rishga tayyorlanmoqda. Yevropa tomonining ilk qarshi choralari 15 aprel kuni kuchga kirishi mumkin.

Foto: trouw.nl

Bu haqda «RBK-Ukraina» Yevropa Komissiyasining savdo va iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich bayonotiga tayanib, Yevropa Ittifoqi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berdi.

Shefchovichning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi AQSh bilan importga o‘zaro bojlar masalasida muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor, faqatgina Amerika tomoni ham shunga tayyor bo‘lgan taqdirda. Biroq u bu yo‘nalishda AQSh bilan hamkorlik vaqt va kuch talab qilishini tan oldi. Shuning uchun YeI kutib turmasdan, allaqachon Trampning bojlariga javob qaytarishni boshlaydi.

«YeI muzokaralarga afzallik beradi va muloqot uchun ochiq, biroq biz abadiy kuta olmaymiz. Mazkur masalada sezilarli ilgarilash bo‘lmagunicha, biz uch yo‘nalishda ish olib boramiz: aksil choralar orqali manfaatlarni himoya qilish, yangi kelishuvlar orqali savdoni diversifikatsiya qilish va aylanma savdo sxemalarining oldini olish», — dedi yevrokomissar.

AQShning po‘lat va alyuminiyga joriy qilgan bojlariga javob tariqasida YeI allaqachon bir qator qarshi choralar ishlab chiqqan va ular bu hafta ko‘rib chiqiladi.

«Biz YeIga a’zo davlatlar va 660 ta manfaatdor tomonlardan fikr-mulohazalar oldik. Barcha ma’lumotlarni puxta tahlil qildik va aksil choralar ro‘yxatini tayyorlab, yuklamani YeI mamlakatlari o‘rtasida muvozanatli taqsimladik», — deb qo‘shimcha qildi Shefchovich.

AQSh bojlariga qarshi choralar bo‘yicha ovoz berish 9 aprel kuni belgilangan, yakuniy qaror qabul qilinishi esa 15 aprelga rejalashtirilgan. Yevrokomissarning aytishicha, birinchi bosqichdagi choralar aynan shu kuni kuchga kiradi, qolgan qismi esa 15 maydan amalga oshiriladi.

Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Hindiston, Indoneziya, Tailand, Filippin va Fors ko‘rfazi davlatlari kabi hamkorlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlashni hamda aylanma savdo usullaridan Yevropa bozorini himoya qilishni maqsad qilmoqda.

Mavzuga oid