Jahon | 18:08 / 27.03.2025
5226
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda ichida sayyohlar bo‘lgan batiskaf cho‘kib ketdi. Olti kishi halok bo‘ldi

Batiskaf bortida ekipaj a’zolaridan tashqari 45 nafar rossiyalik sayyoh bo‘lgan.

Foto: Getty images

Misrning Hurgada shahri sohillarida sayyohlik batiskafi cho‘kib ketdi. Bild’ning yozishicha, hodisa oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan.

Rossiya bosh konsulligi ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning to‘rt nafari RF fuqarolaridir. Shuningdek, yana bir necha kishining taqdiriga aniqlik kiritilmoqda.

Rossiyalik diplomatlar ma’lumotlariga ko‘ra, «Sinbad» mehmonxonasiga tegishli batiskaf 27 mart tongida marjon riflarini tomosha qilish bo‘yicha suvosti ekskursiyasiga yo‘l olgan. Ekipaj a’zolaridan tashqari, uning bortida «Biblio Globus» kompaniyasining 45 nafar rossiyalik turisti, jumladan, bolalar ham bo‘lgan.

Batiskaf qirg‘oqdan bir kilometr uzoqlikda halokatga uchragan bo‘lib, bu nima sababdan yuz berganiga aniqlik kiritilmagan.

Bild’ning yozishicha, suv ostiga sho‘ng‘ishga mo‘ljallangan batiskafdan bir necha yildan beri foydalanib kelinadi va u 22 metr chuqurlikkacha tusha oladi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, batiskaf bortida bo‘lganlarning aksariyati qutqarilgan hamda Hurgadadagi mehmonxonalariga, ayrimlari shifoxonaga yetkazilgan. Diplomatlarning aytishicha, ularning salomatligiga hech narsa xavf solmayapti.

Misrning Sada El Balad va Al-Masry Al-Youm nashrlarining yozishicha, avariya oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, yana 15-16 kishi jarohat olgan. Rossiyalik diplomatlar mazkur ma’lumotga izoh bermagan.

Mavzuga oid