O‘zbekiston | 16:59 / 06.03.2025
2090
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 6 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini O‘zbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

6 mart kuni xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Misr Arab Respublikasidan Tomir Fathiy, Italiya Respublikasidan Pergabriyel Papadia de Bottini, Qirg‘iziston Respublikasidan Duyshonqul Chotonov, Belarus Respublikasidan Aleksandr Ogorodnikov, Gurjistondan David Kotariya va Turkiya Respublikasidan Ufuk Ulutashning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini O‘zbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Dunyoda ziddiyatlar keskinlashib, geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda do‘st davlatlarning bir-birini qo‘llab-quvvatlashi har qachongidan ham muhim ekani ta’kidlandi. Bunday sharoitda O‘zbekiston o‘zining ochiq va pragmatik tashqi siyosati bilan o‘zaro hurmat va do‘stlikni mustahkamlab, dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va global moliyaviy institutlar bilan amaliy sheriklikni rivojlantirmoqda.

Prezident umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va integratsiya mintaqasiga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani uchun diplomatik missiyalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.

Davlat rahbari Misr Arab Respublikasi elchisiga murojaat qilar ekan, ushbu mamlakat O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi ishonchli hamkori ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisi Italiya ulkan siyosiy va iqtisodiy salohiyatga ega muhim strategik sherik ekanini ta’kidladi. Italiya bosh vazirining mamlakatimizga javob tashrifini tashkil etish asosiy vazifa etib belgilandi.

Qirg‘iziston O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi va strategik sherigidir. Hukumatlararo va parlamentlararo komissiyalar, Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati natijadorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston-Belarus hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbari qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Hududlararo, tibbiyot va ta’lim forumlarini samarali o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekiston prezidenti Gurjiston Janubiy Kavkazdagi ishonchli hamkorimiz ekanini ta’kidladi. Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi bosqich bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari Turkiya elchisiga murojaat qilar ekan, faol siyosiy muloqot tufayli ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.

Marosim yakunida davlat rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, sheriklikni mustahkamlash uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy biznes vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.

O‘z navbatida, diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yo‘lida o‘zlarining butun professional tajribasi va bilimidan foydalanishga tayyor ekanini ta’kidladilar.

Mavzuga oid