Misr Isroil va HAMASga 60 kunlik sulh bo‘yicha yangi rejani taklif qildi
Misr rejasi asosiy bandlari amerikaliklar bilan kelishilgan yangi yo‘l xaritasini o‘z ichiga oladi.

Foto: CNN
Misr Isroil va HAMAS harakatiga G‘azo sektoridagi vaziyatni hal etish bo‘yicha yangi taklifni taqdim etdi. Uning doirasida 60 kunlik sulh tuziladi, garovda qolayotgan isroilliklar ozod etiladi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlanadi.
The National manbalarining ma’lum qilishicha, HAMASning ushbu tashabbusga dastlabki munosabati «umidbaxsh» bo‘lgan, ammo Isroil hukumati taklifni hamon o‘rganib chiqmoqda. 10 mart kuni Isroil Misrning taklifini vositachilar bilan muhokama qilish uchun o‘z delegatsiyasini Qatarga yuborgan.
Nashrning qayd etishicha, Misr vakillari oldinroq sulh taklifi tafsilotlarini HAMASning yuqori martabali vakillari — harakatning siyosiy byurosi raisi o‘rinbosari Halil al-Hayya, Maslahat kengashi — Majlis ash-Sho‘ro raisi Muhammad Dervish va harakatning O‘rdun daryosi G‘arbiy sohilidagi bo‘linmasi rahbari Zaher Jabarin bilan muhokama qilgan.
«Misr rejasi asosiy bandlari amerikaliklar bilan kelishilgan yangi yo‘l xaritasini o‘z ichiga oladi. U G‘azoda o‘t ochish rejimini to‘xtatish bo‘yicha kelishilgan muddat tugaganidan, ya’ni 1 martdan beri biz kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqish mo‘ljallangan», — deydi manbalardan biri.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp HAMAS harakatiga «oxirgi ogohlantirish» berib, garovga olinganlarning barchasini zudlik bilan ozod qilishni talab etgan edi. Biroq harakat bu tahdidni e’tiborsiz qoldirib, Isroil bilan kelishuvning ikkinchi bosqichiga o‘tilmaguncha hech kim ozod etilmasligini ma’lum qilgan.
Kuni kecha esa Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va Misr tashqi ishlar vazirlari Dohada AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar HAMAS va Isroil o‘rtasidagi mojaro sabab G‘azo sektorini qayta tiklash masalasiga bag‘ishlandi.
Mavzuga oid

23:14 / 12.03.2025
Arab davlatlari TIV rahbarlari G‘azoni qayta tiklash masalasini muhokama qilmoqda - OAV

16:59 / 06.03.2025
Shavkat Mirziyoyev 6 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

10:14 / 05.03.2025
Arab sammiti Misrning G‘azo sektori bo‘yicha rejasini qo‘llab-quvvatladi

18:36 / 20.02.2025