O‘zbekiston | 16:46 / 25.03.2025
3463
6 daqiqa o‘qiladi

Tez yurishga rag‘bat yoxud yana 10 km/h «pogreshnost» haqida

Haydovchilar orasida “qonun-qoidalar yumshatilsa, ko‘proq erkinlik bo‘ladi” degan qarashlari juda keng tarqalgan. Ammo bu “erkinlik” jamoat xavfsizligi uchun nechog‘lik xunuk oqibatlar keltirayotganini anglab yetayotganlar oz. Xo‘sh, endi deputatlar qanday yo‘l tutsa sog‘lik va hayot uchun xavf ortmaydi?

Foto: Kun.uz

Bo‘lmasa, tezlikni o‘lchashda xatolik tafovutini +10 km/hʼga oshirish muhokama qilinayotganda “ishtahasi ovqat chog‘ida ochilgan” tezlik ishqibozlari yangidan yangi talablarni ilgari surmagan bo‘lardi.

Ishonmasangiz, quyidagi postdan parchaga e’tibor bering:

Qarang, mashinaning spidometri 60 km/h tezlikni ko‘rsatib turganda, haqiqiy tezlik 60-70 km/h atrofida bo‘lishi kerak ekan.

Mantiqan teskarisini talab qilishi kerak emasmi? Birgina shu ta’kid bu boradagi ayrim sub’yektiv fikrlarimni qoralashga rag‘bat uyg‘otdi.

Spidometr va GPS: qay biri ishonchli?

Aslida har qanday avtomobilning spidometri haqiqiy tezlikni aniq ko‘rsatadi. Juda oshib borsa 1 km/h pastroq yo balandroqqa adashar. Bu zavoddan shunday “ustanovka” qilingan va mantiqli.

Biroq mashinaga o‘rnatilgan GPSʼli antiradar yoki uyali telefondagi GPS ilovalari orqali ko‘rsatiladigan tezliklarda farq bor. Masalan, mening mashinamda ham elektron spidometr 65 km/h tezlikni ko‘rsatayotganda GPS doim 63 km/h ko‘rsatadi.

Ya’ni spidometr 67-68 km/h tezlikni ko‘rsatayotganda haqiqiy tezlik GPSʼdagi 65 km/h bo‘ladi. Buni e’tiroz qilayotgan shofyorlarning o‘zlari ham juda yaxshi bilishadi aslida.

Keyin yana bir narsa: mashinaning spidometri tezlikni valning aylanishiga qarab o‘lchaydi. Bunda zavodda o‘rnatilgan standart diametrli shina hisobga olinadi. Katta diametrli disk va shina o‘rnatish bilan spidometrdagi va tezlikdagi farq +5...+10 km/hʼgacha oshishi mumkin. Bu endi g‘irt haydovchining aybi. Hech kim unga 15 likning o‘rniga 18 lik, 17 ning o‘rniga 21 lik disk va ballon qo‘y deb iltimos qilmagan, to‘g‘rimi?

Minus 10 chegirma: tezlikka ruxsatmi yoki ehtiyotkorlik?

Radarning tezlik aniqlash tavofuti ham odatda 2-3 km/h atrofida bo‘ladi. -5 km/h ayirib tashlash shularning hisobiga edi o‘zi. Bu xatolik ko‘rsatkichi -10 km/hʼga ko‘tarilayotgani nima bilan asoslanayotgani tushunarsiz.

Potensial «avtoterrorist»larning bir advokati «bu shofyorlarga aholi punktlarida qo‘shimcha 10 km/h tezlik uchun ruxsat emas», deyayotganiga qaramasdan, shaxsan men buni aynan tezroq haydash uchun ruxsat deb bilaman.

Bunday haydovchilar tezlikdan -10 km/h ayrilsa ham 71 bilan radarga tushaveradi va “atigi +1 km/h uchun jarima yozishibdi”, deb hukumatdan noliyveradi. Holbuki, u ruxsat etilganidan +11 km/h tezroq harakatlangan bo‘ladi. Chunki buni ular “60 belgilangan joyda 70 gacha haydashga haqqim bor”, deb qabul qilishadi.

Buni ularning advokati ham qo‘llaydi: “birodar, 60 belgilangan joyda 65 emas, 60 haydash kerak, shunda radarga tushmaysan”, demaydi! “65 gacha haydashga qonunan haqqi bor, sal tezlashib ketishsa yoki priborlardagi xatolik tufayli 66 tezlik bilan radarga tushib qolishyapti, shunga birato‘la 10 qilib beringlar” deb talab qiladi. Bular ertaga xuddi shu vaj bilan 10 km/hʼga ham qoniqmasdan, 15 km/h qiberinglar deydi.

Deputatlar uchun o‘rta yo‘l

Hozir deputatlarda xatolik tafovuti uchun -10 km/h chegirib tashlash emas, belgilangan tezlik limitining 10 foizi miqdorida chegirma tasdiqlash varianti ham bor.

Shunda tezlik:

  • 50 km/h bilan chegaralangan joylarda 55 km/h,
  • 60 km/h bilan chegaralangan joylarda 66 km/h,
  • 70 km/h bilan chegaralangan joylarda 77 km/h,
  • 100 km/h bilan chegaralangan joylarda 110 km/h tezlikkacha jarima qo‘llanmaydi.

Six ham, kabob ham kuymaydigan yo‘li o‘zi shu, menimcha. Qolaversa, bu usuldan ayrim davlatlarda qo‘llanar ekan. Masalan, Angliyada.

Qurbonlar statistikasi bo‘yicha xato iddao

Yana bir jihat: avtoterroristlar “jarimalar ko‘paytirilgani, radar va kameralar o‘rnatilgani bilan yo‘llarda avariyalar va qurbonlar soni kamaymayapti-ku?” degan vajni keltirishni yaxshi ko‘rishadi.

Aslida avariyalar va qurbonlar soni kamayyapti, sekin-astalik bilan bo‘lsa ham.

Biroq “kamayish” deganda ular “nol”ga tushmayapti-ku, deyishayotgan bo‘lsa kerak. Afsuski, bizdagi haydovchilik madaniyati bilan hali veri “nol”ga tushmaydi. Bu aniq.

Demak, tezlikni cheklash, yo‘llarda, ayniqsa aholi punktlarida avtomobillarning belgilangan tezlikda yurishini qat’iy nazorat qilish yo‘lidan boraverish kerak, “uchar” haydovchilarning nog‘orasiga o‘ynamasdan.

Quyida yillar bo‘yicha ko‘rsatkichlar keltirilgan. (2020 yilda pandemiya cheklovlari bo‘lgani uchun ko‘rsatkichlar kamroq).

2019 yil:

Avariyalar soni — 8092

Qurbonlar soni — 2094

2020 yil:

Avariyalar soni — 6982

Qurbonlar soni — 1962

2021 yil:

Avariyalar soni — 10001

Qurbonlar soni — 2426

2022 yil:

Avariyalar soni — 9902

Qurbonlar soni — 2356

2023 yil:

Avariyalar soni — 9839

Qurbonlar soni — 2282

2024 yil:

Avariyalar soni — 9364

Qurbonlar soni — 2203

Xulosa chiqarish o‘zingizdan.

Shuhrat Shokirjonov

Mavzuga oid