JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Bugun O‘zbekiston o‘z tarixidagi birinchi mundialga yo‘llanma olishi mumkin. Shu bilan birga, Tehrondagi g‘alaba ham yetarli bo‘lmay qolishi mumkin.

Foto: Kun.uz
25 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 saralashining uchinchi bosqichi doirasida Eronga qarshi muhim o‘yinda maydonga tushadi. Uchrashuv Tehrondagi «Ozodi» stadionida soat 21:00 da boshlanadi.
O‘zbekistonlik futbolchilar ko‘k libosda o‘ynaydi.
O‘zaro o‘yinlar tarixi
O‘zbekiston milliy jamoasi bugungi kunga qadar Eronga qarshi jami 15 ta o‘yin o‘tkazib, forslarni Toshkentda mag‘lub eta olmagan. 15 o‘yindan 10 tasida Eron g‘olib bo‘lgan, 4 o‘yinda durang qayd etilgan. O‘zbekistonning yagona g‘alabasiga 12 yil bo‘ldi, 2012 yilning noyabrida JCh-2014 saralashi doirasida Tehronda bo‘lib o‘tgan o‘yinda Ulug‘bek Baqoyevning yagona goli O‘zbekiston milliy jamoasiga bu raqib ustidan qozonilgan yagona g‘alabani keltirgan. To‘plar nisbati 5:18 – forslar foydasiga.
O‘zbekiston milliy jamoasi Eronga qarshi so‘nggi o‘yinni 2024 yil oktyabrida JCh-2026 3-saralash bosqichi birinchi davrasida o‘tkazishgandi, Toshkentdagi o‘yinning ikkinchi bo‘limida o‘zbekistonliklar bir kishi ko‘p bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, raqib darvoasiga yo‘l topolmagandi. Bu ushbu jamoalar o‘rtasidagi qatorasiga uchinchi durang bo‘lgandi.
O‘zbekiston – Eron. O‘zaro o‘yinlar:
10.10.2024. O‘zbekiston – Eron – 0:0
11.06.2024. Eron – O‘zbekiston – 0:0
21.11.2023. O‘zbekiston – Eron – 2:2
20.06.2023. O‘zbekiston – Eron – 0:1
08.10.2020. O‘zbekiston – Eron – 1:2
11.09.2018. O‘zbekiston – Eron – 0:1
19.05.2018. Eron – O‘zbekiston – 1:0
12.06.2017. Eron – O‘zbekiston – 2:0
06.10.2016. O‘zbekiston – Eron – 0:1
11.06.2015. O‘zbekiston – Eron – 0:1
14.11.2012. Eron – O‘zbekiston – 0:1
03.06.2012. O‘zbekiston – Eron – 0:1
05.09.2009. O‘zbekiston – Eron – 0:0
11.07.2007. Eron – O‘zbekiston – 2:1
14.12.1998. O‘zbekiston – Eron – 0:4.
Jamoalarning JCh-2026 saralashidagi o‘yinlari
Eron saralashning so‘nggi bosqichidagi 7 o‘yinda faqat bir marta, O‘zbekiston bilan o‘yinda ochko yo‘qotgan va hozirda 19 ochko bilan guruhda yakkapeshqadam bo‘lib turibdi:
05.09.2024. Eron – Qirg‘iziston – 1:0
10.09.2024. BAA – Eron – 0:1
10.10.2024. O‘zbekiston – Eron – 0:0
15.10.2024. Eron – Qatar – 4:1
14.11.2024. KXDR – Eron – 2:3
19.11.2024. Qirg‘iziston – Eron – 2:3
20.03.2025. Eron – BAA – 2:0
O‘zbekiston esa 7 turda 5 g‘alaba, bir durang va bir mag‘lubiyat qayd etib, 16 ochko bilan ikkinchi o‘rinda joylashgan:
05.09.2024. O‘zbekiston – KXDR – 1:0
10.09.2024. Qirg‘iziston – O‘zbekiston – 2:3
10.10.2024. O‘zbekiston – Eron – 0:0
15.10.2024. O‘zbekiston – BAA – 1:0
14.11.2024. Qatar – O‘zbekiston – 3:2
19.11.2024. KXDR – O‘zbekiston – 0:1
20.03.2025. O‘zbekiston – Qirg‘iziston 1:0.
O‘yindan oldingi fikrlar
O‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze jamoasi Eron bilan o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi.
«Ertaga bizni qiziqarli o‘yin kutib turibdi. Raqibimiz Eron qanday kuchga ekanini yaxshi bilamiz. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik deb o‘ylayman. Insha Alloh, ertangi uchrashuvga hamma tayyor.
Ha, Eron chempionatidagi o‘yinchilarimizni kuzatish orqali Eron milliy jamoasidagi o‘yinchilarni ma’lum darajada bilamiz. Qolaversa, bu jamoaga qarshi oxirgi yillarda ko‘p marta duch kelganmiz. O‘zimizda ham raqib jamoa haqida ma’lumotlar bor, futbolchilarimizdan ham ma’lumot olganmiz», – dedi u.
O‘zbekistonning turli davrlardagi jamoalarini solishtirish haqidagi savolga javob berarkan, Kapadze avlodlarni taqqoslash noto‘g‘ri ekanini aytdi.
«2012 yilgi Eronda g‘alaba qozonib ketgan avlod bilan hozirgi avloddan qay biri kuchli? Solishtirishni istamasdim va bu noto‘g‘ri. O‘sha paytda o‘sha avlodimiz kuchli edi, hozir ham milliy jamoada eng kuchli avlod o‘ynamoqda. Nasib qilsa, maqsadimiz sari yaqinmiz», – dedi murabbiy.
Shuningdek, bosh murabbiy Jaloliddin Masharipov yo‘qligi jamoaga qanday ta’sir qilishi, Oston O‘runov maydonga tusha olishi yoki yo‘qligi haqidagi savollarga ham javob qaytargan.
«Ularning har ikkisi ham terma jamoa uchun muhim futbolchilar sanaladi. Futbolda diskvalifikatsiyalar uchrab turadi. Ularning o‘rniga boshqa futbolchilar o‘ynaydi. Ostonga keladigan bo‘lsak, jarohati bor edi, hozir u tayyorlanmoqda. Ertangi o‘yinga qanchalik tayyor bo‘lishini ko‘ramiz. Qolgan futbolchilar sog‘-salomat, tayyorgarlikni davom ettiryapmiz», – dedi Temur Kapadze.
Yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev bo‘lajak o‘yin ikki kuchli jamoa o‘rtasidagi bo‘lib o‘tishini ta’kidladi: «Yaxshi saviyadagi milliy jamoalar o‘rtasidagi o‘yin kutib turibdi. Biz bu yerga g‘alaba uchun kelganmiz. Bor kuchimizni ko‘rsatamiz».
Ayni vaqtda Moskvaning TsSKA jamoasi a’zosi bo‘lgan 21 yoshli futbolchi boshqa klubga o‘tishi mumkinligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi: «Yevropa chempionatlarida o‘ynash maqsadi? Savol va e’tirof uchun katta rahmat. Lekin hozir bu savolga javob berishning mavridi emas deb o‘ylayman. Sababi ertaga bizni juda muhim o‘yin kutib turibdi».
Eron milliy jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoyi O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Toshkentdagi o‘yinda sog‘lig‘ida biroz muammolar bo‘lgani, o‘zbekistonlik shifokorlar unga yordam ko‘rsatganini aytdi.
«Eng avvalo O‘zbekiston milliy jamoasiga Tehronga xush kelibsiz, demoqchiman. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston milliy jamoasi tibbiy shtabiga minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsam, so‘nggi 10 yil ichida mamlakat yoshlar futbolida ancha kuchayish va o‘sishga erishdi. Buni yuqori darajadagi o‘yinchilar yetishib chiqayotganidan ham ko‘rsa bo‘ladi», – dedi u.
O‘zbekiston milliy jamoasining tarkibi haqidagi savolga javob berar ekan, u shunday dedi: «Ularda qimmatli futbolchilar bor, ulardan uch nafari Eron Pro-ligasida o‘ynaydi. Bizni juda qiyin o‘yin kutib turganini tushunamiz. Biz juda yaxshi va professional murabbiyga ega BAAning eng kuchli jamoasini mag‘lub etdik va tayyorgarlik uchun vaqt cheklanganiga qaramay, uchrashuvni nazorat qildik.
O‘zbekiston 3–4–3 sxemasi bo‘yicha o‘ynaydi va bor e’tiborni natijaga qaratgan, ular bizni qarshi hujumda jazolashga urinsa kerak. Biz ham bu taktik variant ustida ishlaganmiz va bu uchrashuvni ijobiy natija bilan yakunlaymiz degan umiddamiz. O‘zbekiston bilan so‘nggi o‘yinlardagi statistika bizning yaxshi ishtirokimizni ko‘rsatib turibdi. Ertaga stadionga ko‘plab muxlislar kelib, bizni qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman. G‘alaba orqali xalqimizga Navro‘z bayramiga sovg‘a tayyorlashni maqsad qilganmiz».
Muxlisning Eron jahon chempionati yo‘llanmasini allaqachon hal qilib bo‘lgani haqidagi fikriga murabbiy quyidagicha izoh berdi: «2026 yilgi jahon chempionati masalasini hali rasman hal qilganimiz yo‘q. O‘zbekistondan tashqari yana ikkita o‘yin kutib turibdi. Har bir bahs o‘ziga xos tarix. O‘zbekistonga qarshi o‘yinda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Tarkibimizdagi o‘yinchilar jahon darajasidagi futbolchilar sanaladi, ular ham bahs muhimligini tushunib turibdi. Biz uchun bo‘shashmaslik, xotirjamlikka berilmaslik muhim. Hali JCh-2026ga chiqmaganimizni unutmaslik shart.
BAA ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng darhol futbolchilarga endi O‘zbekiston haqida o‘ylashimiz kerakligini aytdim. Bilaman, ular ham yaxshi natijaga erishish ishtiyoqiga to‘la. Albatta, hammasi Xudoning qo‘lida».
Ko‘p yillardan buyon Yevropa chempionatlarida to‘p surib kelayotgan, hozirda Italiyaning «Inter» klubining asosiy tarkib futbolchilaridan biri sanalgan hujumchi Mehdi Torimiyning maydonga tushishi ehtimoli haqidagi savolga u shunday javob berdi: «Futbolchining sog‘lig‘i – eng muhim hisobalandi. Bugun kechqurun mashg‘ulot o‘tkazgach, Toremiyning maydonga tushirish yoki tushirmaslik bo‘yicha bir to‘xtamga kelamiz. U oldingi o‘yinda BAAga qarshi bahsga tushishi mumkin edi, ammo tavakkal qilmaslikka qaror qilgandik».
U shuningdek Eron oxirgi Osiyo kubogida yaxshi ishtirok etib, Yaponiyani mag‘lub etgani (finalda mezbon Qatarga yutqazgan), JCh-2026 final bosqichiga chiqib, u yerda ham kamida pley-off yo‘llanmasini ko‘zlash lozimligini aytib o‘tgan.
Tarkiblar
Eron milliy jamoasi hujumchisi Muhammad Mohebi BAA bilan o‘yinda sariq kartochka olgani sababli O‘zbekistonga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. U saralash doirasidagi 7 uchrashuvda 4 gol kiritgan va Ozmun bilan birga to‘purar bo‘lib turgandi.
O‘zbekistondan esa xuddi shu sabab bilan jamoa yetakchilaridan biri Jaloliddin Masharipov maydonga tusha olmaydi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Oston O‘runov so‘nggi mashg‘ulotlarida qatnashmagan va milliy jamoa bazasini tark etib, «Persepolis» lageriga yo‘l olgan. Shuningdek, Husniddin Aliqulov, Sherzod Nasrulloyev va Azizbek Turg‘unboyev ham jarohat tufayli Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda jamoaga yordam bera olmagandi. Ulardan faqat Nasrulloyev jamoa bilan Eronga borgan.
Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasining umumiy bahosi 70,15 million yevroni tashkil etayotgan bo‘lsa, Eron milliy jamoasi 46,30 million yevro narxga ega. Forslarning eng qimmatbaho o‘yinchilari Mehdi Torimiy (8 mln yevro), Sardor Ozmun (7,5 mln yevro), Mehdi G‘oyyedi (4 mln yevro) hamda Muhammad Mohebi (3,50 mln yevro) kabilar bo‘lib turibdi. O‘zbekistonda ham Yevropa chempionatlarida to‘p surayotgan futbolchilarning transfer narxlari yuqori – Abduqodir Husanov (35 mln yevro), Abbosbek Fayzullayev (8 mln yevro), Eldor Shomurodov (4 mln yevro).
Shu bilan birga, hozirda Eron FIFA reytingida 18-o‘rinda joylashgan va o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etmoqda, O‘zbekiston esa 58-o‘rinda.
Eronliklar jami olti marta mundial ishtirokchisi bo‘lgan, lekin biror marta guruh bosqichidan nariga o‘ta olmagan. Oxirgi uchta jahon chempionatiga yo‘llanma ololgan. O‘zbekiston esa hali biror marta so‘nggi saralash bosqichini muvaffaqiyatli yakunlay olmagan.
Kimga qanday natija kerak?
Eronga jahon chempionatida ketma-ket to‘rtinchi bor ishtirok etish uchun durang natija ham yetarli bo‘ladi. Eronliklarni mag‘lubiyat ham qiyin ahvolga solib qo‘ymaydi, agar bu turda BAA va Qatar o‘z o‘yinlarida ochko yo‘qotsa, Eron muddatidan oldin yo‘llanmani hal qiladi.
O‘zbekiston milliy jamoasi ayni vaqtda guruhdan 2-o‘rin bilan chiqish uchun eng asosiy da’vogar bo‘lib turibdi, chunki eng yaqin ta’qibchilar bo‘lmish BAA va Qatar 6 ochkolik masofada ortda qoldirilgan.
Lekin taqvim nisbatan raqiblarda qulayroq. O‘zbekiston qolgan uch turni Eron, BAA va Qatarga qarshi o‘tkazadi, BAAning navbatdagi raqiblari KXDR, O‘zbekiston va Qirg‘iziston, Qatarning navbatdagi raqiblari esa Qirg‘iziston, katta ehtimol bilan yo‘llanmani oldindan hal qilib bo‘ladigan Eron va O‘zbekiston bo‘ladi.
O‘zbekiston Tehrondagi o‘yinda g‘alaba qozonsa, BAA hamda Qatar o‘z uchrashuvlarida g‘alaba qozona olmasa, unda Temur Kapadze shogirdlari bugunoq jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
BAA va Qatar mos ravishda KXDR va Qirg‘izistonga mag‘lub bo‘lgan taqdirda esa, durang ham kifoya qiladi.
Ammo arab jamoalari nisbatan kuchsiz raqiblarni yengishi va yo‘llanma masalasi keyingi turlarga qolishi ehtimoli yuqori.
Agar arab jamoalari o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonsa, O‘zbekiston Eronda g‘alaba qozonishi yoki durang o‘ynashi deyarli hech narsani o‘zgartirmaydi va guruh jadvalidagi farq oshmaydi (g‘alabada 6 ochkoligicha qoladi, durangda 4 ochkogacha, mag‘lubiyatga uchralsa, 3 ochkogacha qisqaradi). Baribir qolgan ikki o‘yinda yutqazmaslik kerak bo‘ladi.
Agar O‘zbekiston Eronda yutqazib, keyingi turda BAAni safarda yengadigan bo‘lsa, amalda jahon chempionatiga chiqadi. Chunki bu holda BAA turnir jadvalida hech qanaqasiga O‘zbekistonni quvib o‘ta olmaydi, Qatar quvib o‘tishi uchun oxirgi turda Toshkentda yirik hisobda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.
Agar O‘zbekiston Eron va BAAga yutqazsa, so‘nggi turda Qatarni yirik hisobda mag‘lub etish ham yetarli bo‘lmay qolishi mumkin.
O‘zbekiston Eronda g‘alaba qozonib ham, keyingi ikki o‘yinda yutqazadigan bo‘lsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan quruq qoladi, chunki bu holda yakunda ochkolar soni teng bo‘lib qolib (19 tadan), barchasini to‘plar nisbati hal qiladi, bu borada esa vaziyat BAAda yaxshiroq.
Shuning uchun, O‘zbekiston asosiy e’tiborini to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilar bilan o‘yinlarga qaratishi kerak bo‘ladi. Agar BAA bilan ham, Qatar bilan ham durangga erishilsa, ushbu jamoalar qolgan ikki o‘yinida 100 foizlik natijaga erishgan taqdirda ham maksimum 17 ochko jamg‘aradi va 18 ochkoga ega O‘zbekistondan pastda joylashadi.
Mavzuga oid

23:06 / 25.03.2025
O‘zbekiston Eron bilan o‘yinda muhim ochkoni qo‘lga kiritdi

20:50 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi. Qirg‘iziston Qatarni mag‘lub etdi

17:29 / 22.03.2025
Yana uchta muhim o‘yin. O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?

13:52 / 21.03.2025