Jahon | 20:46 / 25.03.2025
1734
3 daqiqa o‘qiladi

Blatter va Platini moliyaviy firibgarlik ishi bo‘yicha yana oqlandi

FIFA va UYeFA tashkilotlarining sobiq rahbarlari sud tomonidan kikkinchi marta aybsiz deb topildi.

Foto: Getty images

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) sobiq prezidenti Yozef Blatter va Yevropa futbol federatsiyasi (UYeFA) sobiq prezidenti Mishel Platini 10 yil davom etgan firibgarlik, hujjatlarni soxtalashtirish, noto‘g‘ri boshqarish va 2011 yilda FIFA mablag‘larining 2 million dollardan ortig‘ini o‘zlashtirish bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida ikkinchi marta oqlandi, deb yozdi The Guardian.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 8 iyul kuni Shveytsariya Federal sudi Blatter va Platinini ularga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb topib, oqlagan edi. Ayblov tomoni sobiq amaldorlarga ikki yil sinov muddati bilan bir yilu sakkiz oy shartli qamoq jazosini talab qildi. Keyinroq prokuror apellyatsiya sudiga birinchi instansiya sudining qarorini butunlay bekor etishni talab qilib, iltimosnoma kiritdi.

2025 yil 4 mart kuni apellyatsiya sudi majlisi bo‘lib o‘tdi, unda prokuror Tomas Xildbrand FIFA sobiq prezidenti va UYeFA sobiq prezidentini ikki yillik sinov muddati bilan bir yilu sakkiz oyga shartli qamoq jazosiga hukm qilishni yana bir bor talab qildi. Biroq 25 mart kuni jinoiy ish bo‘yicha federal apellyatsiya sudi ayblanuvchilar yonini oldi va pullar maslahat ishi uchun to‘langani haqidagi vajlarini qabul qildi.

«Mishel Platini nihoyat jinoiy ta’qibdan ozod bo‘lishi kerak. Ikki marta oqlov hukmidan so‘ng, hatto Shveytsariya prokuraturasi ham bu jinoiy ishlarning butunlay barbod bo‘lganini tushunishi lozim», dedi Platini advokati Dominik Nellen.

Yozef Blatter 88 yoshda. U 1998-2015 yillarda FIFA prezidenti bo‘lgan. 2015 yil iyun oyida tashkilot ichidagi korrupsiya mojarosi fonida o‘z lavozimidan ketishini e’lon qildi. Korrupsion amaliyotlar 2010, 2018 va 2022 yillardagi jahon chempionatlarini o‘tkazish uchun mezbonni tanlash, shuningdek, televideniye huquqlari va reklamalarni sotishda pora olish bilan bog‘liq edi. 2015 yil dekabrida FIFA Etika qo‘mitasi Blatterni o‘sha paytda UYeFA rahbari bo‘lgan Platiniga 2 million shveysariya frankini noqonuniy o‘tkazgani uchun 8 yilga futboldan chetlatdi. 2016 yil fevralida FIFA Apellyatsiya qo‘mitasi Blatterning diskvalifikatsiya muddatini 8 yildan 6 yilgacha qisqartirdi. 2021 yil mart oyida Yozef FIFA axloq kodeksini buzgani uchun yana 6 yilu 8 oyga futbol bilan bog‘liq barcha faoliyatlardan chetlatildi. Bundan tashqari, mulozim 1 million shveysariya franki miqdorida jarimaga tortildi.

Platini 69 yoshda. U 2007 yildan 2015 yilgacha UYeFA prezidenti bo‘lgan. 2015 yilda FIFA qo‘mitasi uni ham sakkiz yilga futbol faoliyatidan chetlatgan, biroq keyinchalik bu muddat to‘rt yilga qisqartirilgan edi.

Mavzuga oid