O‘zbekiston | 10:45 / 22.03.2025
8022
21 daqiqa o‘qiladi

“Haydovchilarning manfaati eng oxirgi o‘rinda bo‘lishi kerak” – tezlik “chegirmasi”ning oshirilishi e’tirozga sabab bo‘lmoqda

Hukumat haydovchilarga “tezlikni oshirish huquqini beradigan” qonun loyihasini Oliy Majlisga kiritdi. Unda avtomobil tezligi oshirilganda chegirib tashlanadigan 5 km/soat 10 km/soatga oshirilishi nazarda tutilgan. “Tezlikni oshirish haqida biror narsa gapirishganda, yo‘llarda halok bo‘layotgan hamyurtlarimiz, ayniqsa bolalarni o‘ylashimiz kerak”, – deydi ekspert. Kun.uz jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘layotgan loyiha haqida ekspert va faollar fikri bilan qiziqdi.

Parlamentga qonun loyihasi kiritildi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qonunchilik palatasiga MJtKga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritildi. Bu haqda 15 mart kuni quyi palataning rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasida radar va spidometrlarning xatoliklaridan kelib chiqib, jarima yozilmaydigan tezlik chegirmasi 10 km/soat bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Mavjud amaliyotga ko‘ra, bu cheklov hozirda 5 km/soatni tashkil etadi.

Qizig‘i, Qonunchilik palatasi rasmiy xabari bilan berilgan suratda bu hali deputatlar muhokamasidan o‘tishga ulgurmagan hujjat amaliyotga shubhasiz joriy etilishiga ishora qilingandek: “Endi qayd etilgan tezlikdan 10 km/soat chegirib tashlanadi” deb yozilgan.

O‘zbekistonda 2024 yilda 9 mingdan ortiq YTH sodir etilib, jarayonda salkam 9 ming odam jarohatlangan, 2 ming 200 dan ziyodi esa vafot etgan. Ayni vaqtda bunday qaror bizga kerakmi? Kun.uz bu masalada faollar va yo‘l harakati xavfsizligi ekspertining fikri bilan qiziqdi.

YTHning aksariyati tezlikdan va bolalar ham aynan shu tezlik qurboni bo‘lyapti”

Yo‘l harakati xavfsizligi masalalarida mutaxassis Nosirjon Zokirov yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan tezlik chegirmasini oshirishga qarshi ekanini bildirmoqda. U biz bo‘lgan bo‘lgan suhbatda nima uchun bu tashabbus qilinmasligi muhimligini tushuntirib bergan.

Tezlik chegarasini 70 km/sdan 60 km/sga tushirishga juda katta harakatlar qilindi, katta qiyinchiliklar, e’tirozlar bo‘ldi. Go‘yoki 70 dan 60 ga tushirsa, tirbandliklar kamayar ekan, bir xilda aytib ham qolishadi: “60 ga tushirgach, odam o‘limi kamaydimi?” degan savolni berishadi, balki “ko‘paymagandir, ortmagandir” deyishmaydi. Endi hozir 5 dan yana 10 ga ko‘tarsak, bir qadam oldinga, 2 qadam orqaga yurgan bo‘lamiz. Keyin yana kimdir chiqadi-da, “10 kam ekan, 15 ga ko‘taramiz” deydi. Keyin “20 ga ko‘taramiz” deydi, shu bilan ketaveradi. Bu birinchisi.

Ikkinchidan, aholi punktlarimizda yuqori tezlik cheklangani 70 km/sgacha, 60 emas. Yo‘l harakati qoidalaridagi chalkashlik shunga olib keldi. Qoidada shunday yozilgan: “aholi punktlaridagi yuqori tezlik soatiga 70 kmdan oshmasligi belgilangan, lekin shaharlarda, negadir Nukus va Toshkentni alohida sanab o‘tishgan va tuman, viloyat markazlarida yuqori tezlik 60 km/s. 2 xil tezlik qilib qo‘yibdi. Masalan, Toshkentda 10 ga ko‘tarsak, 70 km/sda yursa, boshqa tuman, viloyat markazlarida 80 km/s qilib belgilab qo‘yamiz-ku. O‘zbekiston katta, posyolkalar, MFY, qishloqlar bor. 80 km/s deb belgilanmaydi, lekin yuqori tezlik chegarasi 70 bo‘lsa, yana chegirmani 10 qilib belgilab qo‘ysak, yana o‘limlarga olib kelinadi.

Quruq gap bo‘lmasligi uchun tadqiqotlarga murojaat qilamiz. Texnik imkoniyatlari bir xil bo‘lgan 2 ta avtomobil parallel ravishda harakatlanyapti. Bittasining tezligi soatiga 60 km, ikkinchisiniki 65 km. Bor-yo‘g‘i 5 km, 70 emas, 66 ham emas. Ikkala haydovchining ham yoshi, salomatligi bir xil, spirtli ichimlik ichmagan. Ikkovi ham to‘satdan to‘siqni, xavfni ko‘rib qoldi. Xavf deganda bu piyoda ham, boshqa transport vositasi ham, daraxt ham bo‘lishi mumkin. Ikkovi bir vaqtda shunga reaksiyasini bildirib, haydovchi ko‘zi bilan ko‘rib bosh miya va oyoqqa signal bergunicha vaqt o‘tadi, tormoz pedalini ikkovi barobar bosyapti, bir xil tezlikda harakatlanib kelib, to‘siqqa uriladigan vaqtda aniqroq qilib o‘sha to‘siqni piyoda desak, borib urilayotgan vaqtda 60 km/s tezlikda harakatlangan avtomobil urayotgan vaqtda tormoz bilan soatiga 5 km/sga tushdi, 65 km/s harakatlanganida esa 32 km/sga tushdi. Farq 27 km/s. Bor-yo‘g‘i 5 km/s oxir-oqibat 27 km/s bo‘lyapti. 32 km/sda urilgan odam tirik qoladimi? Yo‘q, juda amrimahol.

Shuning uchun har bir km/sga oshirishdan oldin o‘ylab ko‘rish kerak va tadqiqot o‘tkazish kerak. Chunki imtihonda ham savollar bor, agar tezlik 2 marta oshirilsa, to‘xtash yo‘li necha marta ortadi degan savolning javobida 4 marta oshadi deyilgan. Chunki tezlik oshgan sari to‘xtash yo‘lagi ham ortadi. Endi biz hozir ishqalanish koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan yo‘l qoplamali yo‘llar haqida gapiryapmiz, yomg‘ir, qor yog‘ganda, sirpanchiq bo‘lishi mumkin. Hamma holatlari bor. Shu sabab tezlik oshgan sari, xavf ortib boradi. YTHning aksariyati tezlikdan va bolalar ham shu tezlik qurboni bo‘lyapti. Tezlikni oshirish haqida biror narsa gapirishganda, bevaqt o‘layotgan hamyurtlarimiz, ayniqsa bolalarni o‘ylab ko‘rishimiz kerak”, – deydi u.

“Sohaga fuqaroviy rahbarlar kerakdir”

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov “davlat rahbari tomonidan shahar ko‘chalari piyodalar uchun moslashtirilishi kerakligi bong urilayotgan vaqtda” bunday tashabbus ilgari surilayotganini teskari qadam deb baholamoqda. Bakirov qonun loyihasi jamoatchilik bilan muhokama qilinmay, parlamentga kiritilganiga ham e’tibor qaratgan.

Ayni bir paytda juda muhim bo‘lgan masala O‘zbekistonda haydovchilardan ko‘ra piyodalar ko‘proq, statistika bo‘yicha ham. Aytaylik, 4,5 mln avtomobil bo‘ladigan bo‘lsa, O‘zbekistonning qolgan aholisini shartli ravishda piyoda deb olsak, hatto haydovchilarning o‘zi ham kunning yoki haftaning ayrim paytlari piyoda sifatida harakatlanishadi. Shunga aytmoqchi bo‘lganim, aholining mutlaq ko‘pchilik qismiga taalluqli bo‘lgan masalani muhokamasiz parlamentga kiritilishining o‘zi savol tug‘diradi. Davlat rahbarining o‘zi yangi chaqiriq, parlament shakllanganida aytgan masala bor edi, ya’ni “jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishni ko‘paytiringlar, jamoatchilik muhokamasi bo‘lishi kerak degan qarorlar oldidan” degandi, parlamentga topshiriq berilgandi. Biz amalda hammasining teskarisini ko‘rib turibmiz, yana parlament misolida. Bu birinchisi.

Ikkinchidan, parlamentimiz, ayniqsa yangi chaqiriqdagisi diskussiya makoni emasligini ko‘rdik-ku. Ya’ni juda ko‘p masalalar juda tez, oson va muhokamalarsiz qabul qilinayotganini ko‘rdik. Tabiiyki, boshqa bir jamiyat bo‘lganida, boshqa davlatda “parlamentda bizning manfaatlarimizni himoya qiladigan vakillarimiz bor, bu antixalq qarori o‘tmaydi” deb o‘zlarini o‘zlari ishontirishlari yoki taskin berishlari mumkin edi. Lekin biz bilamiz-ku, parlamentda qarorlar qanday qabul qilinadi? Necha soat, necha daqiqada butun O‘zbekistonning ertangi kuni, istiqboli uchun muhim bo‘lgan qarorlar, hatto zararli bo‘lsa ham muhokamasiz qabul qilinayotganini ko‘p ko‘rdik-ku va ko‘ryapmiz ham. Bu ikkinchi xavotirni yaratadi: nima uchun bu darajaga kelib qoldik?

Xayolimning bir burchagida baribir yaxshi gumonim bor, agarda shu spidometrlar yoki avtomobillardagi o‘lchovchi qurilmalardagi xatolikni hisobga oluvchi chegirmani 5 km/sdan 10 km/sga tushirishayotgan bo‘lsa, demak qaysidir bir burchakda shaharlarda harakatlanish tezligini 60 km/sdan 50 km/sga tushirish haqidagi qaror turgandir, bu qaror parlamentdan muhokama qilinib o‘tishi bilan bu qarorni balki kuchga kiritishar degan gumonim ham paydo bo‘ldi. Oradan 3-5 kun vaqt o‘tyapti, biror joyda bu tarafini eshitganimiz, ko‘rganimiz yo‘q.

Parlamentga kiritilayotgan va birinchi o‘qishdan keyingi matn, parlamentning quyi palatasidagi 2-3-o‘qishda ma’qullangan loyiha Senatga kelgandagi matn, Senatdan keyin imzolashga yuboriladigan matnlarni doimiy ravishda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishimiz kerak. Biz qayerda nima muhokama qilinyotganini ham, u muhokamalarga qanday o‘zgartirishlar kiritilayotganini ham va u o‘zgartirishlar amalda imzolanguncha yana o‘zgarib qolgan yoki qolmaganini ham bilmaymiz. Biz qonunlar yo‘qolib qolishiga, Senat tasdiqlagan qonun hujjatlari imzolangungacha o‘zgartirilganiga guvoh bo‘ldik-ku”, – deydi iqtisodchi.

Shuningdek, Bakirov rasmiy vakillarda jamoatchilik fikrini e’tibordan chetda qoldirish kayfiyati uyg‘onganini, yo‘l harakati tizimida ba’zi holatlar yashirilayotganini, bu esa yomon tendensiya ekanini aytmoqda.

Odatda “jamoatchilikning fikri xalq fikri emas” degan narrativ bor. Ayrim rasmiylar bu haqda ochiq ham aytishyapti, ya’ni “jamoatchilik fikri boshqa, tarmoqlardagi fikr boshqa. Ular bir-birini takrorlamaydi va teng emas” degan narrativlar mavjud. Shunday ekan men hatto faollikka ruxsat berilgan ayrim deputatlarimizning chiqib o‘zining fikrini bildirishganiga guvoh bo‘lmadim. Ularga ruxsat bo‘lmaganmi? Odatda biz 1 hafta 10 kun o‘tib qayerdandir ruxsat yoki topshiriq bo‘lsa, mavzuga qo‘l urishadi-da. Balki bunga ham ruxsat tegib qolar. Deputatlarimiz so‘rov yuborishar.

Yana bir ichimdan o‘tgan narsa, bu ishlar tizimda butunlay yangi odamlar kelgan paytda yuz beryapti. Biz odamlarda yangi umidlar paydo bo‘ldiki, tizimdagi rahbarlar eng yuqorisi, o‘rta pog‘onalari, hududlardagi rahbarlar almashyapti-ku, yangi kelgan odamlar o‘sha eskilarning ishini takrorlayapti. Kecha men juda og‘ir masalaga guvoh bo‘ldim, Piskent yo‘lida katta avariya bo‘lgan. Avariya natijasida qurbonlarning sonini, avtomobilning rusumini yashirishga harakat qilishgan. Aslida avtobus bo‘lgan transport vositasini avtomobil sifatida ko‘rsatib, qurbonlar sonini, voqeadagi fojiaviylik ahamiyatini kamaytirishga harakat qilishgan. Bu – juda yomon tendensiya.

Biz agar qayerdadir tezlikni oshirish, nisbiy xarajatlarni kamaytirish haqida gapirmoqchi bo‘lsak, bunda shahardan tashqaridagi magistral yo‘llar haqida gap ketishi kerak. Misol uchun, men yaqinda Buxorodan Xorazmga bordim, magistral yo‘ldan yurdim, juda yaxshi yo‘l qilingan. Aytaylik, bu yo‘lda tezlikning miqdorini oshirish mumkin, aholi punktlari yo‘q, shaharlar orasidan o‘tmaydi, xavf yo‘q. Harakatlanish, yuk tashish bilan bog‘liq-ku asosan, bir birlik yuk tashishning qiymatini kamaytirish maqsadida bu haqda o‘ylanishi mumkin, lekin shahar ichida vaziyat bilan buni bog‘lash kerak emas. Butunlay boshqa-boshqa holat. Balki sohaga fuqaroviy rahbarlar kerakdir, tizimni fuqaroviy nuqtai nazarda his qiladigan rahbarlar kerakdir, balki. Bu haqda ham o‘ylab ko‘rishimiz kerakdir”, – deydi mutaxassis.

“Bu qaror kerak emas, bizga hozir shu yo‘llarni sokinlashtirish kerak”

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa ayni hozirgi vaziyat uchun tezlik chegirmasini oshirishdan ko‘ra hukumat va parlamentni muhimroq muammolar kutayotganini eslatmoqda.

U jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan hujjatlarni parlament qabul qilolmaydigan tizim ishlab chiqilishi kerakligini taklif qildi.

Shu muhokama uchun e’lon qilinganda edi, bu yerda ma’lumotnomasi bo‘lar edi: “nega bu taklif kiritilyapti, nima asos bilan, bunga nima zarurat bor?” – biz bularni bilar edik, tushunar edik. Ya’ni hukumatning tuzilmalari nega bu fikrga kelganini bilardik-da, o‘sha masalada qo‘shilsa bo‘ladigan fikr bo‘lardi yoki aksi. Endi katta ehtimol bilan ko‘rsak ham qo‘shilib bo‘lmaydigan fikr bo‘lib chiqadi, lekin bu aynan hozir bosh qotiradigan narsa emas-da. [Yo‘llarda] harakat xavfsizligini ta’minlash sohasida bundan boshqa masalalar tiqilib yotibdi, bu ayni hozir kerak bo‘lgan narsa emas.

Agar bu narsa jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan bo‘lsa, shuni parlament qabul qilmaydigan tartibni yo‘lga qo‘yish yoki cheklov topish kerakmikan degan fikr kelayotgandi. Ya’ni parlament “sen buni oldin jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymagan bo‘lsang, biz qabul qilmaymiz” degan tartibni o‘ziga qo‘yib olsa, hozirgidek kinoyali, istehzoli munosabatlardan qutilgan bo‘lar edi.

Bu gapim hozir juda radikal eshitilishi mumkin, to‘g‘ri, ayrim chet mamlakatlarida tezlik chegirmalari mavjud. Mening nazarimda, hozirgi O‘zbekiston sharoitida 5 km/s tezlik chegarasini ham olib tashlash kerak. Ya’ni haydovchining o‘zi hisoblab yuraversin. O‘zi asosan tezlik cheklovini buzadigan mashinalarning ko‘pi yengil, zamonaviy mashinalar hisoblanadi va ularda siz bemalol “cruise control” qilib, tezlik chegarasini belgilab qo‘ysangiz bo‘ladi. Yoki tezlikni ko‘rib turoladigan, elektron tabloli qandaydir qurilmalari bor, haydovchi kerak bo‘lsa [shular orqali tezligini] hisoblab yurishi kerak. 60 km/s tezlik chegarasi belgilangan joyda o‘zi ongli ravishda 55 km/s tezlikda yursin. Radar noto‘g‘ri urib qo‘yishi mumkin degan xavotirlar bo‘lsa, o‘zi shunday yursin kerak bo‘lsa.

Hozirgi O‘zbekiston sharoitida shunday bo‘lishi tarafdoriman, ya’ni tezlik chegirmasini o‘zgartirish kerak bo‘lsa, pastki tomonga o‘zgartirish kerak, yuqori tomonga emas.

Oxirgi 2-3 yilda surbetlikmi, bezbetlikmi – shunday rejimga o‘tib olishdi. Amir Temur ko‘chasida ketma-ket YTH bo‘ldi. U yerda nima bo‘ldi? YHXga mas’ul tashkilotlar yo‘llarga yangi chiziqlar chizib tajriba o‘tkazishni boshlashdi va ishni birinchi qilinishi kerak bo‘lgan joydan emas, oxiridan boshlashdi. Ya’ni orqaga burilib olish chiziqlarini chizishdan boshlashdi. Buning oqibatida Amir Temur ko‘chasining svetofor o‘rnatilmagan, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida ketma-ket YTHlari bo‘lsa, bolasi bilan yo‘ldan o‘tayotgan ayolni mashina urib yuborgan, hozir ularning ahvoli qanday ekanini bilmayman, lekin o‘sha vaqtda og‘ir edi. Ona va bola reanimatsiyada yotgan edi.

Jamoatchilik orasida katta rezonans bo‘lganidan keyin o‘sha chiziqlarni o‘chirib chiqishdi, boshqatdan chizib chiqishdi. Hozir Shahriston chorrahasidan to Yunusobod bozori chorrahasigacha bo‘lgan qismida yangi yo‘l chiziqlari chizildi, xuddi viloyatlararo yo‘llarga o‘xshaydi. Qayrilayotgan joyda mashinalar oqimi chaproqqa suriladi, qayriladigan joydan keyin yana o‘ngga suriladi. Lekin ular boshida faqat buriladigan joyning o‘zini qilishayotgan edi. Shu avariyadan keyin Shahriston chorrahasining bir qismini o‘ng tomondan boshlab bir chekkadan to‘g‘rilab chizib chiqishdi. Va hozir o‘sha yerda harakat tartibga tushgandek. Siz yo‘lni ko‘rib, “polosa”ga tushib yurasiz.

Lekin shuni muhokamaga e’lon qilganida edi yoki oldindan “biz shunday qilmoqchimiz, sizlar nima deysizlar?” deb jamoatchilikni chaqirganida edi, shu sohaning tushunadigan yaxshi mutaxassislar, urbanist, arxitektorlar yaxshi maslahat bergan bo‘lar edi. Qanday qilishsa, bu to‘g‘ri bo‘lishi, qanday qilishsa, oqibati yumshoqroq bo‘lishi, shunday ko‘ngilsiz hodisalar bo‘lmasligini aytgan bo‘lishar edi. Katta ehtimol o‘sha ketma-ket bo‘lgan avariyalar ham sodir bo‘lmagan bo‘lar edi. Afsuski, bu [svetofor] YTH jabrlangan odamlarning xotirasiga qo‘yilgandek bo‘lib qoldi, lekin bamaslahat qilinganida edi, yo‘l chizig‘i ham qo‘yilar edi, svetofor ham qo‘yilar edi.

Bu qaror kerakmidi bizga hozir? Yo‘q, bu qaror kerak emas, bizga hozir shu yo‘llarni sokinlashtirish kerak. Iloji bo‘lsa, “polosa”larni kamaytirishimiz kerak. Tirbandlikning oldini olish mumkin bo‘lgan, shahar ichida bir joydan ikkinchi joyga yetib olishni ta’minlaydigan boshqa choralar yechimlar bor”, – deydi A’zamxo‘jayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda bu tashabbus o‘rinsiz, chunki hukumat qilishi kerak bo‘lgan, parlament ko‘rishi kerak bo‘lgan muammolar yetarlicha.

“Radikal choralarni ko‘rish kerak”

Yana bir jurnalist Shuhrat Shokirjonov ham bu masalada o‘z fikrini bildirarkan, muammoning ildizini avtomobillarga “hashamat” sifatida qarash shakllangani bilan bog‘laydi. U qaror qabul qiluvchilarda ham bu masala prioritet bo‘lgani sabab har bir amaliyotda mashinalarga qulaylik yaratilayotganini ta’kidlamoqda.

Bizda afsuski, hali-hamon mashinalar “hashamat”, mashinasiz bo‘lmagan odam hayotda hech narsaga erishmagan “loser” hisoblanadi va o‘z-o‘zidan jamiyatimizda mashinaga sig‘inish juda kuchli, hamma narsa mashina uchun bo‘lishi kerak, hukumatdagi qaror qabul qiluvchilar ham, vazirlar ham, deputatlar ham – hammasi “avtoterrorist-da, mashinada yurishni xohlaydi, hamma sharoit mashinaga bo‘lishini xohlaydi. Bo‘lmasa, cho‘lning o‘rtasida parlament, vazirlik qilib o‘tirishi kerak, hech kim xalal bermaydi, mashinasini 350 km/s tezlikda haydab boraversin.

Aholini olib qarasangiz, mashinasi yo‘q piyodalar – ayollar, bolalar va qariyalar bo‘ladi. Nima uchun ularni o‘ylamaslik kerak, nima uchun hamma sharoit 20 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan “avtoterrorist” erkaklar uchun bo‘lishi kerak. Bular mashina haydamaydi, haydovchisi bor. Mashinalari xavfsiz, 150 km/s bilan ursa ham 18 ta xavfsizlik yostiqchasi bor, o‘lmay qolishi mumkin. Buni ham bilishadi, ularga qiziqmas-da. Bular o‘zi uchun qilyapti hamma narsani, haydovchisi, o‘g‘li, qarindoshi bor, “ezib yubordi shu radarlar ham 66 km/s tezlikka atigi +1 uchun jarima yozibdi-da” desa, buni ko‘paytirib qo‘yish kerak degan-da.

Bu narsalarning oldini olish uchun juda radikal choralarni ko‘rish kerak. “Haydovchilarga yoqmaydi, haydovchilarni xafa qilib qo‘yamiz” [deyishadi], ularning manfaati eng oxirida bo‘lishi kerak. Eplasa minsin, hech kim undan haydovchi bo‘lgin deb iltimos qilgani yo‘q yoki mashina sotib ol deb aytmaganmiz. Ularning “parkovka”si… Nima davlat “parkovka” qilib berishga majburmi?

Bizda haydovchilik madaniyati 0, qattiq choralar ko‘rish kerak Maktablar oldida 30 belgilari shunchakiga, hech kim 30 km/s tezlikda haydaymaydi, 30 haydashga majburlaydigan choralar qilinishi kerak”, – deydi Shokirjonov.

Shuningdek, u aynan yo‘l harakati xavfsizligi sohasida avtomobillashtirilgan davlatlarning tajribasi emas, balki piyodalar prioritet ko‘riluvchi Skandinaviya davlatlarining tajribalari o‘rganilishi lozimligini aytib o‘tdi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid