Prezidentga eng oliy mukofot – Fransiyaga davlat tashrifi qanday o‘tdi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi marta Fransiyaga rasmiy safar bilan borarkan, bu galgi davlat tashrifida Parij uni alohida tayyorgarlik bilan kutib oldi. Endi Fransiya O‘zbekistonning strategik hamkori, prezident Makron hamkasbini davlatning eng oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan mukofotladi. Mirziyoyev sharafiga rasmiy qabul marosimi ham o‘tkazildi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning O‘zbekiston rahbarini bu gal juda iliq qabul qilganini u o‘z sahifalarida e’lon qilgan o‘zbek tilidagi postlar ham isbotlaydi. Prezident Mirziyoyev davlat tashrifi bilan 11-13 mart kunlari Fransiyada bo‘larkan, bu uning umumiy hisobda 3-rasmiy safari, birinchi marta 2018 yilda, so‘ngra 2022 yilda rasmiy tashrif bilan davlat rahbari fransuz respublikasida bo‘lgandi. O‘z navbatida Emmanuel Makron ham 2023 yilda O‘zbekistonga kelib ketgan.
Mirziyoyevning davlat tashrifi – Fransiya prezidenti Makronning Ukraina urushidagi jiddiy burilish fonida Yevropa rolini kuchaytirish sa’y-harakatlari avj olgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Bilasiz, Makron sanoqli kunlar oldin Vashington, so‘ngra Londonga borib, AQShning Ukraina bo‘yicha o‘zgargan pozitsiyasi ortidan Yevropa endi o‘z xavfsizligi uchun o‘zi mustaqil bosh qotirishi kerakligini gapirgandi. Gapning ochig‘i, Yevropa Ukraina misolida xavfsizlik bo‘yicha kimgadir bog‘lanib qolish to‘g‘ri emasligini anglab yetdi. Yana prezident tashrifiga qaytsak, prezident Makron Mirziyoyevni Fransiyaning eng oliy mukofoti – faxriy legion ordeni bilan taqdirladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning strategik sheriklari soni mana, yana bittaga ko‘paydi, bu Fransiya Respublikasi. strategik sheriklik oddiy munosabatlardan sifat jihatidan ham farq qiladi. Strategik sheriklik odatda mudofaa yoki xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lib, ikki tomonlama munosabatlarda mudofaadan ta’limgacha, sog‘liqni saqlashdan rivojlanishgacha, shuningdek, savdo, investitsiya va bank ishi kabi iqtisodiy munosabatlarni to‘liq qamrab oladi.
Tashrif tadbirlariga e’tibor qaratsak, prezidentni aeroportda avval bosh vazir, hozirgi ta’lim vaziri bo‘lib ishlayotgan Elizabet Born kutib olgan. Avvalgi safarlar singari bugun asosiy ofisi Fransiyada bo‘lgan xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot dastavval bo‘lib o‘tdi. Xususan, BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti YuNESKO bosh direktori Odri Azule bilan Mirziyoyev uchrashdi. Shu yilning kuzida tashkilotning bosh tadbiri Samarqandda o‘tkaziladi. Azule va Mirziyoyev shuni ham gaplashgan.
Prezidentni rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng u Fransiya prezidenti qarorgohi – Yelizey saroyiga yo‘l olgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati tarqatgan xabarlarga ko‘ra, ikki tomon munosabatlarini yanada mustahkamlashni avval yuzma-yuz, keyin delegatsiyalar ishtirokida muhokama qildi. Aytilishicha, o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash 1 mlrd dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobarga ko‘paydi. Ikki prezident asosiy muzokaralardan so‘ng Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaga imzo chekdi.
12 mart oqshomida Yelizey saroyida prezident Mirziyoyev tashrifi sharafiga Makron rasmiy qabul marosimini ham o‘tkazdi. Matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki tomonda hukumat a’zolari. Taniqli madaniyat, san’at va fan arboblari, biznes doiralari vakillari tadbirda qatnashgan. Makron o‘z chiqishida Mirziyoyev bilan muloqoti haqida gapirarkan, so‘zi oxirini o‘zbekcha yakunladi: yashasin O‘zbekiston, yashasin Fransiya.
Emmanuel Makron Instagram sahifasiga O‘zbekiston prezidentining tashrifi haqida 4 ta post joyladi. Ulardan birida Mirziyoyevga 19-asr oxirida fransuz fotografi olgan hozirgi O‘zbekiston manzarasi aks etgan surat sovg‘a qilinayotgan jarayon ko‘rsatilgan.
Fransuz matbuoti tashrifni qanday yoritdi?
Mashhur Le Figaro nashrining yozishicha, energetik hamkorlik muhokamada asosiy o‘rinni egallagan. Yana bir nashr Radio Franceʼning yozishicha, O‘zbekiston bugun Fransiyaga uranni yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biriga aylangan. Parij bugun Uranni Qozog‘iston, Namibiya, Niger va 4-bo‘lib O‘zbekistondan olmoqda. Nigerdagi siyosiy vaziyat uranni ishlab chiqarishni cheklar ekan, O‘zbekistonning ahamiyati strategik darajaga chiqmoqda, deb yozadi nashr. Ushbu maqolaning davomida kelishicha, O‘zbekistonning o‘zida ham energetik inqiroz, gaz konlari qurib bormoqda. Shunday sharoitda Toshkent qayta tiklanuvchi energiya manbalariga va bu tizim texnologiyasiga muhtoj.
Euronews xabarida ham asosiy hamkorlik energetikadan boshlanishi, biroq payshanbagacha davom etgan safarda bu gal nodir va strategik metallar muhokamasi ham borligi aytilgan. Sobiq sovet davlati dunyoda qazib olinayotgan uranning 8 foiziga egalik qilib, beshinchi yirik uran ishlab chiqaruvchisi sanaladi. Biroq respublika 2030 yilga borib 7 ming tonna uran ishlab chiqarish maqsadini qo‘ygan. Shunda dunyo zaxirasining 15 foiz uraniga egalik qilib, bu boradagi yetakchi Qozog‘iston bilan bellashadi, deb yozmoqda Euronews.
Yana bir fransuz nashrining yozishicha, O‘zbekiston Fransiyaning tashqi savdosida ikkilamchi davlat bo‘lib qolmoqda, bu davlatning ulushi o‘z guruhidagi Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondan ancha orqada. O‘zbekistondan importning 90 foizi uran bo‘lsa ham, umumiy hisobda Parij Toshkentdan juda ham ko‘p uran olayotgani yo‘q. Energetik suvereniteti uchun Fransiya O‘zbekiston bilan muloqotda, shu tariqa Nigerdagi zarardan chiqib ketishi mumkin. Nodir metallar bo‘yicha fransuz kompaniyalar allaqachon O‘zbekistonda ishini boshlagan, deb yozadi nashr.
Boshqa tomondan possovet makonidagi O‘zbekiston iqtisodi tez o‘smoqda, Rossiyaga bog‘lanib qolganlik va har tomonlama qaramlikni kamaytirish uchun Fransiya ideal variant, deya qo‘shimcha qiladi Radio France international.
Eslatib o‘tamiz, hozirga qadar Fransiyaning oliy davlat mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan qator dunyo tanigan siyosatdonlar – Uinston Cherchill, Nelson mandela, Angela Merkel, bundan tashqari prezident Vladimir Zelenskiy, Vladimir Putin, Ilhom Aliyev rafiqasi Mehribon Aliyeva taqdirlangan.
Mavzuga oid

09:48
Foydali qazilmalar va mudofaa sohasida hamkorlik, axborot almashinuvini kuchaytirish – O‘zbekiston-Fransiya strategik sheriklik shartnomasida nimalar ko‘zda tutilgan?

19:54 / 13.03.2025
O‘zbekiston va Fransiya strategik sherik bo‘ldi. Maqsadlar va manfaatlar nima?

17:56 / 13.03.2025
Parij ko‘chalaridan biriga Samarqand nomi berildi

17:53 / 13.03.2025