Germaniya Tramp F-35 samolyotlarini «o‘chirib qo‘yishi» mumkinligidan xavotirda
Germaniyadagi siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari harbiy aviatsiyada Vashingtonga tayanish xavf tug‘diradimi yoki yo‘qmi, shu masalani muhokama qilmoqda. Bahs AQSh Ukrainaga qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlarini yetkazib berishni to‘xtatganidan keyin paydo bo‘ldi.

Foto: ZUMAPRESS
Germaniya AQShning Ukrainaga qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlari yetkazib berishni to‘satdan to‘xtatib qo‘yishi ortidan Vashington bilan harbiy aviatsiya sohasida hamkorlik xavf tug‘diradimi yoki yo‘qmi, shu masalani muhokama qilmoqda. Amerikaning F-35 qiruvchi samolyotlarini tez o‘chirish funksiyasi (Kill Switch) Germaniya havo kuchlarini (lyuftvaffe) Oq uyga qaram qilib qo‘yishi mumkin, deb yozadi Germaniyaning Handelsblatt va Bild gazetalari 8 mart, shanba kuni.
Harbiy sanoatdagi manba Handelsblatt'ga vahimaga berilmaslik kerakligini aytdi va Vashington lyuftvaffeni qaram qilib qo‘yishi va uni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi dargumon deb atadi. «Bunday holatda biz F-35'ni ehtiyot qismlar tugaguncha yoki samolyot tizimni yangilashni talab qilmaguncha ishlata olamiz», — dedi manba nashrga.
Handelsblatt'ning eslatishicha, Lockheed Martin avvalroq F-35 qiruvchi samolyotlari uchun dasturiy ta’minot bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. Bu Daniya, Norvegiya va Belgiyaga mashinalarni yetkazib berishda kechikishlarga olib keldi.
Siyosatchilarning munosabati
Bundestagdagi Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Yoxann Vadeful Handelsblatt gazetasiga bergan intervyusida konservativ blok F-35 uchun shartnomadan voz kechish niyatida emasligini aytdi. Uning partiyadoshi, Bundestag deputati Ingo Gedexens bu masalani chuqurroq o‘rganishga chaqirdi.
«Biz yaqindan ko‘rib chiqishimiz va ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Agar biz F-35 kabi qurol tizimiga shunchalik ko‘p pul sarflasak, uni qanday ishlatishni ham o‘zimiz hal qilishimiz kerak», dedi Gedexens 8 mart kuni Bild gazetasiga. «Biz Bundesver uchun sotib olgan Amerika qurol tizimlari shunchaki o‘chirib qo‘yilishi mumkin emas».
Mavzuga oid

13:58 / 07.03.2025
Avstraliyada o‘smir o‘qotar qurol bilan samolyot bortiga yashirincha chiqdi

15:24 / 02.03.2025
Douglas, Boeing, Airbus va Tu-154 – Fuqaro aviatsiyasi tarixida urib tushirilgan samolyotlar

10:51 / 28.02.2025
Havoga sovurilgan pullar - sovetlarning o‘zini oqlamagan yana bir loyihasi

16:45 / 26.02.2025