Jahon | 15:24 / 02.03.2025
9014
12 daqiqa o‘qiladi

Douglas, Boeing, Airbus va Tu-154 – Fuqaro aviatsiyasi tarixida urib tushirilgan samolyotlar

​​​​​​​Aviatsiya tarixida eng ko‘p Douglas va Boeing samolyotlari urib tushirilgan. Bunga sabab XX asr o‘rtalaridan boshlab, 1970-yillargacha dunyoda eng ommabop samolyot Douglas bo‘lgan. Keyinchalik Amerikaning Boeing kompaniyasi boshqalardan o‘zib ketdi va bugun ham dunyodagi ko‘plab aviakompaniyalar uning samolyotlaridan foydalanadi.

2024 yil 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga qarashli Boku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan Embraer E190 samolyoti Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida qulab tushdi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lganlardan 38 nafar odam halok bo‘ldi. 29 kishi tirik qoldi. Hodisadan biroz o‘tib, ayrim tafsilotlar aytildi. Unga ko‘ra, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Embraer E190 tomonga raketa uchirgan va samolyot yaqinida portlab, fyuzelyaj qoplamasiga zarar yetkazgan.

Shundan so‘ng uchuvchilar favqulodda qo‘nishni so‘raganiga qaramay, shikastlangan samolyotga Rossiya aeroportlariga qo‘nishga ruxsat berilmagan. Ekipajga Kaspiy dengizi orqali Qozog‘iston g‘arbidagi Oqtov shahri tomon uchish kerakligi aytilgan.

Hodisa yuzasidan Vladimir Putin Ilhom Aliyevdan uzr so‘radi. Biroq Ozarboyjon tomoni samolyotga zarba berganlar jazolanishini va Rossiya tovon puli to‘lab berishi kerakligini talab qilmoqda.

Yaqinda AZAL samolyoti halokati bo‘yicha yakuniy hisobot yil oxirigacha e’lon qilinishi aytildi. Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) talablariga ko‘ra, aviahalokat tergoviga bir yil vaqt ajratiladi.

Avvalroq, Kun.uz’da SSSR va Rossiya tomonidan urib tushirilgan yo‘lovchi samolyotlari haqida ma’lumot berildi. Quyida fuqaro aviatsiyasi tarixida turli yillarda urib tushirilgan yo‘lovchi samolyotlari haqida ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

1938 yil 24 avgust. AQShlik uchuvchilar tomonidan boshqarilgan, Xitoy aviakompaniyasiga qarashli Douglas DC-2 samolyoti Hongkong-Uchjou yo‘nalishida parvoz qilayotganda yaponlar tomonidan urib tushirilgan.

Oqibatda uning bortida bo‘lgan 17 kishidan 14 nafari halok bo‘lgan, 3 nafari tirik qolgan. Halok bo‘lganlar orasida xitoylik uch nafar boy bankir ham bo‘lgan.

Ushbu Douglas fuqaro aviatsiya tarixida urib tushirilgan yirik o‘lchamli ilk yo‘lovchi samolyoti hisoblanadi.

1940 yil 14 iyun. Tallindan Xelsinkiga parvoz qilgan Finlandiyaning Aero aviakompaniyasining Junkers Ju 52 samolyoti SSSR tomonidan Fin ko‘rfazi yaqinida urib tushiriladi.

O‘sha paytda sovet-fin urushi tugaganiga 3 oy bo‘lgandi. Bu urush tufayli ancha hududidan ayrilgan Finlandiya hukumati ikki davlat o‘rtasidagi munosabatni yana keskinlashtirishdan qo‘rqib SSSRga qarshi rasmiy norozilik bildirmaydi.

1942 yil 3 mart. Gollandiyaning KNILM aviakompaniyasiga qarashli Douglas DC-3 samolyoti Indoneziyadan Avstraliyaga parvoz qilayotganda Yaponiyaning Mitsubishi A6M Zero qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushiriladi.

Samolyot Brum shahridan 90 kilometr shimolga qulab tushadi. Halokatdan so‘ng sodir bo‘lgan otishmada samolyot bortida bo‘lgan 12 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan to‘rt kishi halok bo‘ladi. Samolyot bortida bo‘lgan bir necha million dollarlik olmosning katta qismi yo‘qoladi.

1943 yil 1 iyun. Britaniyaning BOAC aviakompaniyasiga qarashli Douglas DC-3 Lissabondan Buyuk Britaniyaning Bristol shahriga parvoz qilayotganda fashistlar Germaniyasiga qarashli qiruvchi samolyot tomonidan urib tushiriladi.

Oqibatda samolyotda bo‘lgan 17 kishining barchasi, shu jumladan britaniyalik aktyor Lesli Hovard halok bo‘ladi. Keyinchalik nemis uchuvchilari o‘z esdaliklarida Douglas DC-3’ni qiruvchi samolyot bilan adashtirishgani haqida yozishgan.

1943 yil 22 oktyabr. Shvetsiya aviakompaniyasiga tegishli Douglas DC-3 Shotlandiyaning Aberdin shahridan Stokholmga uchayotganida fashistlar Germaniyasiga qarashli samolyot tomonidan o‘qqa tutiladi.

Oqibatda samolyot qulab tushadi va uning bortida bo‘lgan 15 kishidan 13 nafari halok bo‘ladi, mexanik va yo‘lovchi tirik qoladi.

1954 yil 23 iyul. Hongkong aviakompaniyasiga qarashli Douglas 10-DC samolyoti Hongkong-Bangkok yo‘nalishida uchayotganda Xitoy qiruvchi samolyoti Xaynan oroli yaqinida urib tushiradi.

Oqibatda samolyotda bo‘lgan 19 kishidan 10 nafari halok bo‘ladi. Keyinroq Xitoy uzr so‘rab, halok bo‘lganlarning yaqinlariga va aviakompaniyaga tovon puli to‘laydi. Keyinroq France Presse axborot agentligi yo‘lovchi samolyotni urib tushirgan xitoylik uchuvchilarga o‘lim jazosi berilgani haqida yozgandi.

1955 yil 27 iyul. Isroilning El Al aviakompaniyasiga qarashli Lockheed samolyoti London-Tel-Aviv yo‘nalishida uchayotganda Bolgariyaga qarashli MIG-15 qiruvchi samolyoti tomonidan urib tushiriladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 51 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

O‘shanda bolgarlar samolyot yo‘ldan adashib Bolgariya havo hududiga ruxsatsiz kirib ketganini aytishadi. Biroq bir necha yil davom etgan sud jarayonlaridan keyin 1959 yilda Xalqaro sud hukmi bilan Bolgariya halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli to‘lab beradi.

Keyinchalik SSSR parchalanib ketganidan so‘ng Isroilga tegishli samolyotni bolgarlar emas, Bolgariya osmonini qo‘riqlayotgan sovet harbiylari urib tushirgani ma’lum bo‘ladi.

1962 yil 30 iyun. Aeroflot aviakompaniyasiga qarashli Tu-104 samolyoti Xabarovsk-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotganda Krosnoyarsk o‘lkasi hududida qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 76 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zolari vafot etadi.

Hodisa yuzasidan surishtiruv olib borgan komissiya halokatga samolyotning bulutlar orasiga tushib qolishi yoki uning salonida sodir bo‘lgan ish sabab bo‘lgan degan xulosaga keladi.

Ammo samolyot bo‘laklarining biridan diametri 20 santimetr bo‘lgan teshik topiladi. Teshikning atrofi kuygan edi. Tu-104 zenit raketasi bilan urib tushirilgandi. Ammo o‘sha paytda sovetlar samolyotning urib tushirilganini ommadan yashirishadi.

1973 yil 21 fevral. Liviya aviakompaniyasiga qarashli Boeing 727 Tripolidan Bahraynga uchayotganda Misrning Ismoiliya shahri yaqinida Isroil harbiy-havo kuchlari tomonidan urib tushiriladi. Oqibatda 108 kishi halok bo‘ladi. 5 kishi tirik qoladi.

Keyinchalik aniqlanishicha, Qohirada to‘xtab o‘tgan samolyot havoga ko‘tarilgach qum bo‘ronlariga duch kelgan va yo‘nalishdan adashib Isroil hududiga o‘tib ketgan. Isroilliklar samolyot terrorchilar tomonidan egallab olingan degan gumonga boradi va urib tushiradi.

1978 yil 20 aprel. Korean Air Lines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 707 samolyoti Parijdan Seulga parvoz qiladi. Samolyot uchuvchilari navigatsiya xatosi tufayli yo‘nalishdan adashib Kareliyada SSSR havo hududiga kiradi.

Shundan so‘ng Su-15 qiruvchi samolyoti Boeing 707’ga raketa otib unga shikast yetkazadi. Shu tariqa Koreya samolyoti muzlagan Korpiyarvi ko‘liga majburan qo‘ndiriladi.

O‘shanda samolyot bortida 97 nafar yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hodisada ikki yo‘lovchi raketa parchalari tegib halok bo‘ladi, 13 kishi yaralanadi.

Oradan ikki kun o‘tib Boeing 707 yo‘lovchilari AQSh samolyotida Murmanskdan Finlandiyaga olib ketiladi. Koreyalik uchuvchilar SSSR havo hududini buzishda ayblanib hibsga olinadi. Ular o‘z aybini tan olib afv so‘ragach SSSRdan chiqarib yuboriladi.

1978 yil 3 sentabr. Air Rhodesia aviakompaniyasiga qarashli Vickers Viscount 782D samolyoti Viktoriya sharsharasidan Solsberi (hozirgi Xarare) shahriga uchayotganda partizanlar tomonidan SSSRda ishlab chiqarilgan “Strela-2” zenit kompleksi yordamida urib tushiriladi.

Oqibatda samolyot Karoy shahri yaqiniga qulab tushadi va uning bortidagi 52 kishidan 34 nafari halok bo‘ladi. Yana 10 nafari partizanlar tomonidan otib tashlanadi. Qolgan 8 kishi partizanlardan qochib qutuladi.

1979 yil 12 fevral. Air Rhodesia aviakompaniyasiga qarashli Vickers Viscount samolyoti Karibadan Solsberiga uchayotganda partizanlar tomonidan “Strela-2” zenit kompleksi yordamida urib tushiriladi. Oqibatda samolyot bortidagi barcha, 55 yo‘lovchi va 4 ekipaj a’zosi halok bo‘ladi.

1980 yil 27 iyun. Italiya aviakompaniyasiga qarashli McDonnel Douglas samolyoti Bolonya-Palermo yo‘nalishida uchayotganda Ustika oroli yaqinida dengiziga qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 81 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.

O‘shanda samolyot NATO harbiylari ishtirokida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar paytida uchirilgan raketa tegib qulab tushgani aytiladi. Shuningdek, samolyot terrorchilar tomonidan olib qochilgan degan taxminlar ham bildiriladi.

1983 yil 1 sentabr. Korean Air Lines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 747 Nyu-York-Seul yo‘nalishi bo‘ylab uchayotganda SSSR hududiga kirgani aytilib, Su-15 samolyoti tomonidan urib tushiriladi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 246 yo‘lovchi va 23 ekipaj a’zosi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida AQSh kongressi a’zosi Larri MakDonald ham bor edi. O‘shanda SSSR na uzr so‘raydi, na tovon puli to‘laydi. Aksincha hodisada koreyaliklarning o‘zini ayblab chiqadi.

1988 yil 3 iyul. Iran Air aviakompaniyasiga qarashli Airbus A300 Bandar Abbos-Dubay yo‘nalishida parvoz qilayotganda AQShga qarashli Vincennes kreyseridan uchirilgan raketa bilan urib tushiriladi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan barcha – 290 kishi halok bo‘ladi. O‘shanda AQSh harbiylari Airbus A300’ni harbiy samolyot deb taxmin qilgani aytiladi. 1996 yilda AQSh halok bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon pullarini to‘lab beradi.

2001 yil 4 oktyabr. Rossiyaning “Sibir” aviakompaniyasiga qarashli Tu-154 samolyoti Tel-Avivdan Novosibirskka uchayotganda Qora dengiz ustida qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 66 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosi halok bo‘ladi.

Xalqaro komissiya xulosasiga ko‘ra, samolyot harbiy mashg‘ulotlar vaqtida uchirilgan Ukrainaning S-200 zenit-raketa majmuasi bilan urib tushirilgan.  Keyinroq Ukraina halok bo‘lganlarning yaqinlariga tovon puli to‘lab beradi.

2014 yil 17 iyul. Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli Boeing 777 samolyoti Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchayotganda Ukraina sharqidagi Donetsk viloyatida qulab tushadi.

Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 283 yo‘lovchi va 15 ekipaj a’zosi halok bo‘ladi. Keyinroq mazkur samolyot Rossiyaning “Buk” raketasi bilan urib tushirilgani ma’lum bo‘ladi. Biroq Rossiya tomoni ushbu hodisaga aloqadorligini inkor etib kelmoqda.

2020 yil 8 yanvar. Ukraina aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737 samolyoti Tehron-Kiyev yo‘nalishida parvoz qilish uchun havoga ko‘tarilganda ikkita raketa bilan urib tushiriladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 176 nafar odam halok bo‘ladi.

Oradan uch kun o‘tib 2020 yil 11 yanvar kuni Eron tomoni samolyot xatolik tufayli Eron harbiylari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qiladi. So‘ng hodisa uchun Ukraina hukumati hamda halok bo‘lganlarning oila a’zolaridan uzr so‘raydi.

Eronliklar bayonotiga ko‘ra, avialayner Islom inqilobi muhofizlari korpusiga qarashli muhim harbiy obektlardan birining tepasidan uchib o‘tgan. Harbiylar samolyotni “dushman obekti” deb o‘ylagan va bosh shtab ruxsatisiz urib tushirgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid