Jahon | 16:59
9863
10 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Moskva Kursk oblastidagi jiddiy yutuqlari haqida e’lon qilmoqda

Yakshanba kuni Rossiyaning rasmiy manbalari RF armiyasi Kursk oblastida avvalroq Ukraina harbiylari ishg‘ol etib turgan aholi yashash manzillaridan yana uchtasi nazorat ostiga qaytarilganini ma’lum qildi. Bir kun avval Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi harbiy blogerlar va Ukraina nashrlari ortidan Rossiya shturmchi guruhlarining gaz quvuri tarmog‘i orqali Sudja shahriga kirishga urinishi haqida xabar bergandi.

Stanislav Krasilnikov / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Rossiya harbiy idorasining telegram-kanalida joylashtirilgan xabarda Malaya Loknya, Cherkasskoye Porechnoye va Kositsa aholi punktlari ozod qilingani haqida so‘z boradi. So‘nggi ikki kun mobaynida Rossiya mudofaa vazirligi o‘z harbiylari Kursk oblastidagi Lebedevka, Viktorovka, Nikolayevka va Staraaya Sorochina qishloqlari hamda Ukrainaning Sumi oblastidagi Novenkoye xutorini nazorat ostiga olgani haqida ham ma’lum qilgandi.

Ukraina manbalari bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamadi, ammo Ukrainaning nufuzli DeepState loyihasi xaritasida bu aholi punktlarining barchasi Rossiya nazorati ostiga o‘tgani ko‘rsatilgan.

Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida faol amaliyot o‘tkazayotgani haqida Rossiyada ham, Ukrainada ham ko‘plab jurnalistlar va «harbiy muxbirlar» xabar berishdi. Hafta oxirida Ukraina ommaviy axborot vositalari, harbiylar va DeepState rossiyaliklar Kursk oblastidagi ukrain bo‘linmalariga ta’minot yetkazib berishda muhim hisoblangan Sumi-Sudja trassasiga sharqdan yaqinlashib kelishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berdi. Bu esa Rossiya hududidagi qo‘shinlar qurshovga tushish xavfini tug‘dirdi.

Jurnalist va Tsenzor.NeT bosh muharriri Yuriy Butusov 8 mart kuni feysbukda Kursk yo‘nalishida vaziyat yomonlashishda davom etayotgani haqida yozgandi. U Rossiya qo‘shinlari butun front bo‘ylab tinimsiz zarbalar berayotganini qayd etgan.

Rossiya manbalari Kursk oblastidagi aholi punktlaridan birida bayroq ko‘tarilgani aks etgan kadrlarni e’lon qilmoqda.

Butusovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya qo‘shinlari «favqulodda qahramonlik va matonat ko‘rsatayotgan» ukrain jangchilaridan son jihatdan sezilarli ustunlikka ega.

Butusov Rossiya Ukraina harbiylari harakatlanuvchi yo‘llarni shiddatli zarbalar bilan nazoratga olgani, shuning uchun endi Kursk oblastidagi pozitsiyalarni ushlab turish «frontning boshqa barcha uchastkalaridan eng qiyini» ekanini ta’kidlagan.

Yakshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi ham Rossiya dronlari 2024 yil avgustida egallab olingan Sudjadan chekinayotgan ukrain harbiylari avtokolonnasiga hujum qilayotgani ko‘rsatilgan videoni namoyish etdi.

Shunga o‘xshash xabarlar avvalroq rossiyalik harbiylashgan blogerlar tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, ular bir kun oldin rus harbiylari Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qisman egallangan Kursk oblastida muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazganini aytishgandi.

Rossiyalik blogerlarning ta’kidlashicha, Sudjadagi hujumda «Axmat» maxsus topshiriqli kuchlari, «Veteranlar» shturmchi brigadasi, «DXR»dan bo‘lgan «Vostok» brigadasi hamda boshqa bo‘linmalar ishtirok etmoqda. «Axmat» qo‘mondoni Apti Alaudinov shanba kuni «frontning Kursk uchastkasining barcha yo‘nalishlarida barcha bo‘linmalar keng ko‘lamli hujumga o‘tgani»ni aytgandi.

Gaz quvuri orqali kirishga urinish: nimalar ma’lum?

Shanba kuni kechqurun Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi shunday xabar berdi: «Desant-shturm kuchlari bo‘linmalari gaz quvuri bo‘ylab Sudjaga qarab harakatlanayotgan Rossiya maxsus kuchlarini yo‘q qilmoqda».

Gap «Urengoy-Pomari-Ujgorod» magistral gaz quvuri haqida ketmoqda, u Sudja orqali o‘tadi va 2025 yil 1 yanvardan buyon ishlamayapti.

Rossiya harbiylariga tegishli telegram-kanallar gaz quvuridan o‘tishga urinayotgan rossiyalik harbiylar aks etgan kadrlarni e’lon qildi.

Ukraina Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, diversant-shturm guruhlari Sudja atrofida mustahkamlanishga harakat qilgan, ammo «ular o‘z vaqtida aniqlangan», «bloklangan» va «yo‘q qilingan». Ukraina harbiylariga ko‘ra, ruslarning Sudja hududidagi yo‘qotishlari «juda katta». Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ham feysbukdagi sahifasida jang videosini e’lon qildi. Unda gaz quvuri ustiga artilleriya zarbalari yog‘dirilganini ko‘rish mumkin.

Yakshanba kuni Kursk oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn o‘z telegram-kanalida shaharga quvur orqali kirib borishga urinish haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi.

«Dushman dronlari, minalari va texnikasini chetlab o‘tish uchun Rossiya qurolli kuchlari ilgari Rossiyadan Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berilgan magistral gaz quvuridan foydalangan», – deb yozdi Xinshteyn.

«Bu jiddiy qadam edi, – deya qo‘shimcha qildi Xinshteyn. – U yerda tik harakatlanib bo‘lmasligidan tashqari (egilgan holatda, harbiy libosda o‘nlab kilometr yurish!), zaharlanish xavfi ham bor edi, himoya vositalari kerak bo‘ldi».

Xinshteyn rossiyalik harbiylar «barcha xavf-xatarlarni bilgani, ammo baribir oldinga yurgani va barcha maqsadlariga erishgani»ni ta’kidlagan. U bu da’volarga hech qanday dalil keltirmagan.

Rossiya mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan Rybar telegram-kanali quvur orqali amaliyot haqidagi xabarlarga munosabatida «Kursk oblastida harbiy harakatlar faollashgani» va «yutuqlar borligi», ammo ular «qimmatga tushayotgani»ni ta’kidlaydi.

Urush tarafdori bo‘lgan boshqa bir «Severniy» telegram-kanali esa Sudjaga kirishga urinish katta yo‘qotishlar tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchraganini yozgan. «Bu safar Ukraina qurolli kuchlari tayyor edi va yigitlarimiz kuchli zarbalar ostiga tushib qolishdi», – deyiladi xabarda.

Ukrainalik harbiy bloger Miroslav Gay Ukraina qurolli kuchlarining desant-shturm brigadalaridan birining qo‘mondonligi dushmanning «Progress» magistral gaz quvurining yerosti kommunikatsiyalaridan foydalanish rejalari haqida oldindan razvedka ma’lumotlarini olganini aytdi.

«Dushman Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostidagi hududga muhandislik inshootlaridan foydalangan holda Avdiyivka amaliyoti ssenariysi bo‘yicha harakat qilishga uringan», – deyiladi harbiy esatmada. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain harbiylari tunneldan chiqish joyida pistirma uyushtirgan va rossiyalik harbiylarning katta qismini yakson etishga muvaffaq bo‘lgan.

Shanba kuni ertalab «Ukrainskaya pravda» gazetasi Kursk oblastida bo‘lib turgan ukrainalik harbiyga tayanib, 8 mart kuni 100 ga yaqin rossiyalik harbiylar Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga gaz quvuri orqali yaqinlashib kelgani, ammo bu ukrainlar uchun «kutilmagan holat» bo‘lmaganini yozgandi.

Nashr manbasi rossiyaliklar gaz quvuri yoqalab ham shturmchi rotani sezdirmasdan olib o‘tishga uringani haqida gapirgan. Ammo Ukraina kuchlari bu guruhni ham o‘z vaqtida aniqlab, uning harakatini to‘xtatgan.

«Mojyem ob’yasnit» telegram-kanali Z-kanallar e’lon qilgan Sudja shturmi amalda boshlanmagani, «Quvur» operatsiyasi esa otryadning bir qismi halokati bilan yakunlangani haqida yozgan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, quvur orqali harakatlangan harbiylarning bir qismi zaharlanib halok bo‘lgan, qolgani Bogdanovka qishlog‘idan sharqda quvurdan chiqqanida kassetali snaryadlar yomg‘iri ostida qolgan. Ushbu amaliyotga tayyorgarlik Z-mualliflardan birining posti tufayli ukrainlarga oldindan ma’lum bo‘lgan – u Kurskda zudlik bilan kislorod ballonlar zarurligi haqida yozgandi.

Harbiy tahlilchi Yan Matveyev qayd etishicha, quvur orqali olib o‘tilgan va yengil qurollangan otryad (taxminan 100 kishi) raqibning frontorti hududida to‘laqonli amaliyot o‘tkaza olmasdi. «Bu vahima uyg‘otishi va asosiy yurishni qo‘llab-quvvatlashi kerak edi», – deydi u.

Sudja atrofidagi vaziyat qanday?

Rossiya harbiylari Kursk oblastida katta masofaga ilgariab, ukrain harbiylarini platsdarmning shimoliy qismidan surib tashlab, Sudjaga chekintirgan va ushbu shaharga uch tomondan yaqinlashmoqda. Buni Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) xaritalari, shuningdek, BlackBird va Liveuamap loyihalari ham tasdiqlaydi.

Rossiya qo‘shinlari Novaya Sorochina (Sudjadan 18 km shimoli-g‘arbda), Malaya Loknya (Sudjadan 15 km shimoli-g‘arbda), Lebedevka (Sudjadan 9 km shimoli-g‘arbda), shuningdek, aholi punktlari orasidagi dalalarni egalladi, deb yozadi ISW geolokatsiyalangan kadrlarga tayanib. Xaritalar shuni ko‘rsatadiki, Rossiya harbiylari Sujadan 5 km shimolda joylashgan Kazachaya Loknyaga yaqinlashgan.

Manbalarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari uchun Kursk oblastidagi vaziyat yomonlashuviga Ukraina AQSh razvedka ma’lumotlaridan mahrum bo‘lishi ham sabab bo‘lmoqda.

Amerikaning Time jurnali Ukraina va G‘arbdagi beshta nufuzli manbaga tayanib, aynan Kursk hududidagi operatsiyalar razvedka ma’lumotlari yo‘qolishidan eng ko‘p zarar ko‘rganini yozdi.

«Ushbu tanaffus natijasida yuzlab ukrainaliklar halok bo‘ldi», – deydi ukrainalik zobitlardan biri maqola muallifi, taniqli jurnalist Saymon Shusterga.

Ushbu manba «eng katta muammo – bu ruhiyat» ekani, biroq Vashingtonning razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatish qarori «dushmanga frontda ustunlik berishi»ni qo‘shimcha qilgan.

Shusterning Ukraina hukumatidagi manbasining ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlari «nafaqat Kursk oblastida, balki Rossiya nazoratidagi barcha hududlarda» muammolarga duch kelmoqda, chunki ukrainalik harbiylar Rossiya aviatsiyasi yaqinlashayotganini oldindan payqash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.

Bu nafaqat frontdagi vaziyatga, balki Ukrainaning Rossiya samolyotlarining mamlakat shaharlariga hujumlarini qaytarish qobiliyatiga ham ta’sir qiladi, deyiladi maqolada.

Mavzuga oid