O‘zbekiston | 20:45 / 05.03.2025
4797
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni qabul qildi

Oliy martabali mehmon Shavkat Mirziyoyevga Gurjiston prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon Shavkat Mirziyoyevga Gurjiston prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qo‘shma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi ko‘paydi. Poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda gurjistonlik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Gumanitar yo‘nalishda o‘tgan yili Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishining yakunlari yuksak baholandi.

«Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuvda raqamlashtirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi sheriklik va almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida kelgusida O‘zbekiston va Gurjiston hukumatlari darajasida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Gurjiston bosh vaziri O‘zbekistonga 4 mart kuni yetib kelgandi. Tashrif avvalida u «Yangi O‘zbekiston» bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng Irakliy Kobaxidze «Texnopark»da bo‘ldi, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Mavzuga oid