Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vayron bo‘layotgan G‘azo, jaziramada qolgan Yevropa va “Oreshnik” bilan qurollanayotgan Belarus – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

G‘azo vayron bo‘lmoqda
Kuni-kecha Tramp Isroil sulhga rozi bo‘lgani haqida yozganiga qaramay, G‘azodagi genotsid davom etmoqda. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning davom etayotgan hujumlari natijasida so‘nggi 24 soat ichida G‘azodagi shifoxonalarga 142 nafar jasad va 487 yarador keltirilgan.
Isroil armiyasi joriy yil boshidagi sulhni buzib 18 martdan buyon uyushtirgan hujumlar oqibatida 6 454 kishi halok bo‘lgan. Umuman olganda, 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azodagi qurbonlar soni 57 012 nafarga, yaradorlar soni 134 592 nafarga yetdi. Falastinlik manbalarga ko‘ra, G‘azoda yuzlab qurbonlar hali ham vayronalar ostida qolmoqda.
Anadolu nashrining yozishicha, Isroil armiyasi G‘azodagi Indoneziya kasalxonasi direktori doktor Marvon Sultonning uyini nishonga olib, uni oilasi bilan birga o‘ldirgan. Hamas bu hujumni «urush jinoyati» deb atadi.
G‘azodagi «Ash-Shifa» kasalxonasiga BMT va xalqaro yordam so‘rovlaridan so‘ng 3 000 litr yonilg‘i yetkazildi, ammo bu atigi 2 kunlik ehtiyojni qoplaydi. Mutasaddilar doimiy ta’minotga chaqirmoqda.
Bundan tashqari, G‘azoda 40 dan ortiq qabriston vayron qilingani oqibatida ko‘plab jasadlar ko‘milmay yotibdi. Ba’zi oilalar eski qabrlarni ochib, yangi jasadlarni shu yerga ko‘mishga majbur bo‘lmoqda.
Isroil va AQSh tuzgan «G‘azo insonparvarlik fondi» tugatilmoqda
Isroil va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, hozirda G‘azoda faoliyat yuritayotgan bahsli insonparvarlik tashkiloti — G‘azo Insonparvarlik Fondi (Gaza Humanitar Foundation) — rasman tugatilmoqda. Bu haqda Shveytsariyaning jamoat teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Ushbu fond joriy yil boshida Jyenevada o‘z vakolatxonasini ochgan edi — bu Isroil tomonidan G‘azodagi BMT orqali tarqatiladigan yordam tizimini chetlab o‘tish maqsadida yaratilgan alternativ mexanizm edi.
Rs ma’lumotlariga ko‘ra, Shveytsariya Federal Fondlar nazorati boshqarmasi GHF'ni yopish to‘g‘risida qaror chiqargan. Sababi fond Shveytsariyada endi na vakilga va na rasmiy manzilga ega, bu muammoni bartaraf etish uchun esa hech qanday chora ko‘rmagan. Shveytsariya Ichki ishlar vazirligi bu qarorni tasdiqladi.
Iyunning boshida Shveytsariya Tashqi ishlar vazirligi GHF'ning Jyenevadagi bahsli bo‘limi «faolsiz» va «huquqiy talablarga javob bermaydi» deya berilgan bahoni tasdiqlagan edi.
Shu mojaro ortidan tashkilotning Shveytsariyadagi direktori iste’foga chiqdi. Trial International nomli Shveytsariya nohukumat tashkiloti federal hokimiyatga ikkita shikoyat arizasi topshirdi va fond faoliyatining shaffofligi bo‘yicha tergov talab qildi. Tashkilot bu GHF faoliyati nafaqat qonunga zid, balki «Shveytsariyaning xalqaro obro‘yiga xavf soladigan darajada xavfli bo‘lishi mumkin», deya ta’kidladi.
Shuningdek, GHF'ning G‘azoda yordam tarqatish modeli — «insoniylikdan yiroq» ekani va urush jinoyatlari hamda insoniyatga qarshi jinoyatlarda hamkorlik sifatida baholanishi mumkinligini ogohlantirdi.
GHF mexanizmi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tanqid ostiga olingan, BMT tomonidan keskin qoralangan edi. Bu tanqidlarga sabab — yordam tarqatish paytida sodir bo‘lgan tartibsizliklar va yuzlab falastinliklarning halok bo‘lishi bo‘ldi. Falastinning BMTdagi elchisi Riyod Mansur Isroil bu tashkilot orqali «yordamni urush quroliga aylantirayotganini» aytgan edi.
AQSh Ukrainaga raketa yetkazishni vaqtincha to‘xtatdi
AQSh hukumati Ukraina uchun qurol-yarog‘, jumladan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar, Himars uchun, tank va dronga qarshi yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bunga Pentagon zaxiralari haddan ziyod kamaygani haqidagi xavotir sabab bo‘ldi. Politico manbalariga ko‘ra, bu qaror AQSh Mudofaa vazirligining siyosiy bo‘limi rahbari Elbridj Kolbi tashabbusi bilan, mavjud zaxiralar ko‘rib chiqilgach qabul qilingan.
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli bu ma’lumotni tasdiqlagan.
«Bu qaror Amerika manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish maqsadida qabul qilindi, Mudofaa vazirligi global harbiy yordamni ko‘rib chiqqach, shunday xulosaga kelindi», degan u AFP agentligiga.
Bosh manbalarga ko‘ra, AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset qurol zaxiralarini tekshirishni buyurgan va shundan so‘ng yetkazib berish to‘xtatilgan. Baholash tugagunga qadar bu pauza davom etadi. Agar zaxiralar yetarli emasligi yoki boshqa mintaqalarda zarurat mavjudligi aniqlansa, Ukrainaga qurol yuborish muddati yana cho‘zilishi mumkin.
Yevropalik amaldorlar AQSh tomonidan raketalar yetkazib berilishini to‘xtatish qaroridan «hayratga tushdi». Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari Oq uydan ushbu qarorga oydinlik kiritishni so‘ramoqda va ularning ayrimlari Amerika o‘z pozitsiyasini yumshatishiga umid qilyapti.
Tramp NATO sammitida Volodimir Zelenskiy bilan o‘tgan «yaxshi» uchrashuvdan keyin Ukrainaga Patriot tizimlari yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqishini aytgandi. AQSh prezidentining shu gaplaridan keyin yetkazib berishlar to‘xtatilgani yevropaliklarni ko‘proq hayron qoldirgan.
Yevropadagi jazirama insonlar o‘limiga olib kelmoqda
Yevropaning katta qismida davom etayotgan erta yozgi issiq to‘lqini chog‘ida chorshanba kuni Ispaniyada 4, Fransiyada 2 va Italiyada 2 kishi halok bo‘ldi. Reuters nashrining yozishicha, issiq to‘lqin o‘rmon yong‘inlariga va Shveytsariyadagi atom elektr stansiyasida reaktorning yopilishiga sabab bo‘ldi.
Ispaniya rasmiylari Kataloniyada yuz bergan o‘rmon yong‘inida ikki kishi halok bo‘lganini, shuningdek, Kordovada ham issiqlik bilan bog‘liq o‘limlar qayd etilganini bildirdi. Fransiya energetika vaziri ikki kishining issiq tufayli vafot etganini va 300 kishining shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
Italiya 18 ta shaharda qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qildi. Germaniyada esa ayrim hududlarda harorat 40°C ga yetishi prognoz qilinib, bu yilning eng issiq kuni bo‘ldi. ANSA agentligi xabariga ko‘ra, Sardiniyada plyajda ikki nafar 60 yoshdan oshgan erkak issiqdan halok bo‘lgan. Meteo France ma’lumotiga ko‘ra, Fransiyaning markaziy hududlarida hamon qizil ogohlantirishlar amal qilmoqda.
Turkiyada haftaning boshida 50 mingga yaqin odam evakuatsiya qilinishiga sabab bo‘lgan yong‘inlar asosan bartaraf etilgan. Ispaniyaning Kataloniya mintaqasida seshanba kungi yong‘in 25 milya hududga zarar yetkazib, bir nechta fermalarni yo‘q qilgan.
Allians Research hisobotida aytilishicha, haddan tashqari issiqlik mintaqa iqtisodiy o‘sishini 2025 yilda yarim foizga pasaytirishi mumkin. Issiq 32°C dan oshgan bir kunlik moliyaviy zarar «ish tashlashning yarim kuni»ga teng deb baholanmoqda.
Olimlar bu yil issiq to‘lqinlar oldinroq boshlanib, ba’zi hududlarda haroratni 10°C gacha oshirganini aytmoqda. Issiq okeanlar Yevropa ustida «issiqlik gumbazi» hosil qilib, issiq havo massasini ushlab qolgan.
Belarusda «Oreshnik» joylashtiriladi
Rossiyaning «Oreshnik» eng yangi gipertovushli ballistik raketa tizimi joriy yil oxirigacha Belarusda joylashtiriladi. Bu haqda prezident Aleksandr Lukashenko respublika Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tadbirda ma’lum qildi.
«Volgogradda Putin bilan kelishib oldik. «Oreshnik»ning dastlabki pozitsiyalari Belarusda bo‘ladi. «Oreshnik» qanday ishlashini ko‘rdingiz. Yil oxiriga qadar bu qurol Belarusda joylashtiriladi. «Oreshnik» Belarus tuprog‘ida bo‘ladi», — dedi u.
Lukashenko bu qadamni mamlakat milliy xavfsizligini mustahkamlash harakatlarining bir qismi sifatida baholadi. Uning fikricha, bu suverenitetni himoya qilish va tashqi tahdidlarning oldini olish uchun zarur.
«Oreshnik» — bir nechta jangovar kallaklarga ega Rossiyaning yangi ballistik gipertovushli raketasi. U ham yadroviy, ham yadrosiz variantda jihozlanishi mumkin. Raketaning uchish masofasi 5500 kilometrni tashkil qiladi.
AQShda «Timsohli Alkatras»
AQSh prezidenti Donald Tramp Florida shtatida, timsohlar bilan to‘la hududda yangi qurilgan immigratsiya hibsxonasini ko‘zdan kechirdi. Bu markaz norasmiy ravishda «Timsohli Alkatras» (Alligator Alcatraz) deb nomlanadi. USNews'ning yozishicha, Tramp bu joyni deportatsiya jarayonlarini tezlashtirishga mo‘ljallangan binolar uchun namunaviy loyiha sifatida maqtagan va hattoki, AQSh fuqarolari ham deportatsiya qilinishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Markazga Tramp bilan birga Florida gubernatori Ron DeSantis va AQSh Ichki xavfsizlik kotibi Kristi Noem ham tashrif buyurdi.
«Timsohli Alkatras» butun mamlakat bo‘ylab qurilishi mumkin bo‘lgan qamoqxonalarga namuna bo‘la oladi. Bu markaz Departamentga ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirish uchun yetarli joy va yotoq o‘rinlarini taqdim etadi», deyiladi rasmiy bayonotda.
Ushbu muassasa DeSantis administratsiyasi tomonidan sakkiz kun ichida, 10 milga cho‘zilgan botqoqlik hududida tezkorlik bilan qurilgan. U panjara tikanli simlar, kuzatuv kameralar va 400 nafar xavfsizlik xodimi bilan ta’minlangan. Taxminan 3 ming migrantni saqlashga mo‘ljallangan.
Bu markaz qurilishiga qarshi AQSh muhojirlarining huquq himoyachilari, ekofaollar va ajdodlarining yurtini himoya qilayotgan mahalliy amerikaliklar aeroportga yig‘ilib, norozilik bildirgan.
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tramp Yevroittifoq bilan savdo bitimi tuzilganini e’lon qildi
Jahon | 00:48
-
Dunyoda elektromobillar savdosi oshmoqda
Avto | 00:26
-
Germaniya janubi-g‘arbida yo‘lovchi poyezdi izidan chiqib ketdi
Jahon | 00:00
-
Tojikistonda 10ta yangi tarixiy-madaniy meros yodgorliklari topildi
Jahon | 23:31 / 27.07.2025
Mavzuga oid

14:36 / 26.07.2025
IShID yetakchilaridan birini o‘ldirgan AQSh, cho‘kib ketishiga sal qolgan Ramzon Qodirov va G‘azoda davom etayotgan fojia – kun dayjesti

13:59 / 25.07.2025
HAMAS bilan muzokaralardan chiqqan AQSh, Osiyoda yangi to‘qnashuv va Falastinni tan olmoqchi bo‘lgan Fransiya – kun dayjesti

13:30 / 24.07.2025
Ilk gipertovushli raketasini taqdim qilgan Turkiya, iqlim o‘zgarishiga baho bergan BMT sudi va Rossiya-Ukraina muzokaralari – kun dayjesti

13:55 / 23.07.2025