O‘zbekiston | 20:52 / 05.03.2025
8514
7 daqiqa o‘qiladi

Ittifoqchilik nima? O‘zbekistonning ittifoqchilari kimlar va yana kimlar bo‘lishi mumkin?

Davlatlararo munosabatlarni kuzatganda, “ittifoqchilik munosabatlari” haqida eshitib qolishingiz mumkin. Xo‘sh, “ittifoqchilik munosabatlari” nima degani? “Ittifoqchilik”ning huquqiy, yuridik ta’rifi bormi? Davlatlar nima uchun o‘zlariga ittifoqchi davlatlar va munosabatlarni rivojlantirishadi?

Avvalo aytish kerakki, “ittifoqchilik” borasida yuridik ta’rif mavjud emas. Ittifoqchilik munosabatlari – to‘liq siyosiy tushuncha, siyosiy mazmun va mohiyatga ega. Ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatayotgan davlatlar, “ittifoqchilik” degan atamaga, o‘zlarining siyosiy an’analari, ehtiyojlari va qarashlaridan kelib chiqib, ma’no-mazmun berishadi. Shuning uchun davlatlar o‘rtasida o‘rnatilgan “ittifoqchilik” aynan bir xil ma’noni, mazmunni, ohangni va hamkorlikni anglatmasligi mumkin.

Ittifoqchilik munosabatlari – davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuqorisi, cho‘qqisi hisoblanadi. Davlatlar, o‘zaro ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatar ekan, bu degani, har qanday ob-havoda – siyosiy va geosiyosiy turbulentlik holatlarida ham, ushbu davlatlar bir-biriga ishonadi va ishonishi kerak degani bo‘ladi. Ular o‘rtasida urush bo‘lishi mumkin emas, ziddiyatlar va mojarolar o‘sib bormasligi, agar qandaydir masalalarda muammoli vaziyat paydo bo‘lsa – tomonlar o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhiyatida ushbu muammolarni bemalol hal qilishlari nazarda tutiladi. Qolaversa, “ittifoqchilik” – uni imzolagan davlatlar uchun og‘ir vaziyatlarda bir-biriga tayanishi mumkin, degan siyosiy ma’noni beradi.

O‘zbekiston 1991 yil davlat mustaqilligiga erishgan bo‘lsa, o‘tgan 34 yil davomida 4 ta davlat bilan ittifoqchilik munosabatlariga kirishdi.

O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati davrida, davlatimiz faqat bitta davlat bilan – Rossiya Federatsiyasi bilan ittifoqchilik kelishuvi imzoladi. Bu kelishuv – 2005 yilning noyabr oyida imzolandi. Rossiya Federatsiyasi bilan imzolangan bu ittifoqchilik munosabati, murakkab siyosiy va geosiyosiy kontekstga ega. 2005 yil may oyida Andijon shahrida bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng, G‘arb davlatlari, Yevropa Ittifoqi bu voqealarni xalqaro tergov qilishga chaqirgan edi. Mana shu fonda O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi bilan jiddiy yaqinlashadi, va 14 noyabrga kelib, Moskvada ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi kelishuv imzolanadi. Rossiya bilan ittifoqchilik – prezident Karimov boshqaruvi davrida o‘rnatilgan yagona ittifoqchilik munosabatlari bo‘ldi.

2016 yilda hokimiyat o‘zgargach, O‘zbekiston “ittifoqchilik” tushunchasini mutlaq boshqacha talqin qilib boshladi. Bu tushunchaga taktik emas, haqiqatda strategik ma’no-mazmun berdi, mintaqaviy va turkiy o‘zlik mezoni orqali qaray boshladi.

Prezident Mirziyoyev davrida uchta davlat bilan ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilgan bo‘lsa, bu davlatlardan ikkitasi – yaqin va bevosita chegaradosh qo‘shnilarimimz, uchinchisi esa qo‘shni mintaqadagi, tarixan aloqalarimiz kuchli bo‘lgan davlat va millat hisoblanadi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan ittifoqchilik munosabatlari 2022 yilning 22 dekabrida o‘rnatildi. Eslatib o‘tish kerakki, o‘sha 2022 yilning fevralida Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga bostirib kirdi, va katta urush boshlandi. Bu urush, Markaziy Osiyo davlatlaridagi o‘zaro munosabatlarga ham ta’sir qilgani aniq. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro ittifoqchi davlatlar degan munosabatga o‘tar ekan, tashqi tahdidlar va muammolar fonida, o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi. Boshqacha qilib aytganda, mintaqa taqdiri uchun bu ikki davlatning mas’uliyati alohida urg‘ulandi, tashqi kuchlarning manfaati yoki loyihalari uchun bir-biriga yashirincha yoki oshkora qarshi bormaslik borasida tarixiy kelishuv qilishdi.

2024 yilda esa O‘zbekiston ikki davlat bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatdi. Fevralda Tojikiston bilan, avgustda esa Ozarboyjon bilan ittifoqchilik kelishuvlari imzolandi.

Agar e’tibor berilsa, birinchi ma’muriyat davrida O‘zbekistonning Rossiya bilan ham, Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham munosabatlari juda tarang hamda ziddiyatli, vaqti-vaqti bilan o‘ta sovuq edi. Biroq ikkinchi ma’muriyat tashqi siyosatda, jumladan qo‘shnilar bilan munosabatlarda mutlaq yangi ohang yarata oldi, muammolar sabab sovuqlik ustuvor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi, balki imkoniyatlar uchun do‘stlik va ishonch ruhiyatini parvarishladi. Ayni vaqtda milliy manfaatlarimizdan chekinmasdan, bu natijaga erisha oldi.

Tojikiston va tojiklar O‘zbekiston va o‘zbeklar uchun eng yaqin davlat va xalq hisoblanadi. Agar o‘zbeklarga til va madaniyat nuqtayi nazaridan eng yaqin millat uyg‘urlar bo‘lsa, zehniyat nuqtayi nazaridan eng yaqini tojiklar bo‘lsa kerak.

Kavkaz mintaqasida uchta davlat bo‘lsa, undan faqat bittasi turkiy, bu – Ozarboyjon. Ozarboyjon – Markaziy Osiyoni, ya’ni tarixiy Turkistonni Turkiyaga bog‘lovchi ko‘prik davlat hisoblanadi.

Xo‘sh, kelajakda O‘zbekiston yana qaysi davlatlar bilan ittifoqchilik munosabatlarini o‘rnatishi mumkin? Nazarimda, keyingi yillarda O‘zbekiston Turkiya bilan, qolaversa, qo‘shni Qirg‘iziston bilan ham ittifoqchi bo‘lishi – vaqt masalasi bo‘lsa kerak. Hozircha Turkmaniston tashqi siyosatda neytrallik tamoyili orqali ish tutmoqda, davlatlararo va ko‘p tomonlama tashkilotlarda u qadar faol emas. Lekin istiqbolda agar Turkmaniston neytrallikdan ko‘ra geosiyosiy faollikni tanlasa, ushbu davlat bilan ham ittifoqchilik yo‘lga qo‘yilishi – O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati, Markaziy Osiyo integratsiyasi va tarixiy Turkistonning jipsligi uchun muhim qadam bo‘ladi.

Dunyoda yangicha davlatlararo munosabatlar shakllanib bormoqda. Xalqaro huquq ancha zaiflashdi. Qudratli davlatlar o‘z irodasini o‘tkazishi borasida yangi o‘yin qoidalari shakllanmoqda. Mana shu fonda O‘zbekiston va Turkiyaning ittifoqdosh bo‘lishi – ikki davlat xavfsizligi va barqarorligi, Markaziy Osiyoning siyosiy, geosiyosiy va harbiy-strategik salohiyati uchun ulkan ahamiyat kasb etardi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid