Tishlari to‘kilgan qonun, avtomobil importidagi muzlash va Uzundagi jinoyat(lar) - hafta dayjesti
Ichki ishlar vazirligi haydovchilar uchun jarima ballariga oid tartibning eng muhim qismini chopib tashladi. Surxondaryodagi mudhish qotillik tergovi doirasida, IIBdan yana bir fuqaroning o‘ligi chiqdi. O‘zbekistondagi eng ommabop mobil ilova taqiqlanishi mumkin. Ayrim hujjatlarning chiroyli seriya raqamlari sotuvga qo‘yiladi. Ortda qolayotgan haftaning asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Ashaddiy qoidabuzarlar ko‘chasida yana bayram
O‘tgan hafta jarima ballari haqidagi qonunni nazarda tutib, dayjestimizga “qoidabuzarlarni tiyadigan qonun” deb sarlavha qo‘yganimizda biroz soddalik qilgan ekanmiz. Endi haydovchilar xohlaganicha qoidani buzolmaydi deb o‘ylab, chuchvarani xom sanabmiz. Bu qonunni naq 7 yil cho‘zib yurishni eplagan soha rahbarlari, uning ijrosi bo‘yicha ham biror lazeyka o‘ylab qo‘ygan bo‘lishi mumkinligini inobatga olishimiz kerak edi.
Xullas, jarima ballari haqidagi qonun o‘pkasini bosib ololmaydigan ashaddiy qoidabuzarlarni tiymasligi ma’lum bo‘ldi. Qoidalarga tupurib, yuzlab jarima qog‘ozlarini kolleksiya qiladiganlar bexavotir, kelgan joyidan davom etaverishsa bo‘ladi. “Pulini to‘la, xohlaganingcha tezlikni oshir” rejimi o‘z kuchida qoladi. Qanaqasiga deysizmi? Mana bunaqasiga:
“Xalqimizning takliflari, ijtimoiy holatini inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida belgilab o‘tildi: faqat YPX inspektori tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma asosida ball tizimi yuritiladi”.
Bundan kelib chiqadiki, kameralar va radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima balli hisoblanmaydi. Eng ko‘p sodir etiladigan va qonli hodisalarga olib keladigan tezlikni oshirish qoidabuzarligi asosan kamera/radarlar orqali aniqlanishini hisobga olsak, jarima ballari avariyalarni kamaytirish, yo‘llarni tartibga keltirish borasida keskin ijobiy o‘zgarishga sabab bo‘lolmasligi aniq. “Jarima ballini faqat YPX inspektori beradi” degan qoida, bu tizimning samaradorligini inson omiliga bog‘lab qo‘yadi: 12 ballik limitga yaqinlashib qolgan haydovchi inspektor rad etishi qiyin bo‘lgan summani taklif qilishi, evaziga inspektor ball berilmaydigan qoidabuzarlikni yozib bayonnoma tuzishi yoki umuman potensial qotilni jarimasiz qo‘yib yuborishi ehtimoli ortadi.
Ichki ishlar vazirligi ko‘ra-bila turib bunga yo‘l qo‘yayotgani ajablanarli. Vazirlik ko‘rib-bilib turgan yana bir fakt esa quyidagicha: o‘tgan yili qayd etilgan yo‘l-transport hodisalarining yarmini ashaddiy qoidabuzarlar sodir etgan. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimovning ma’lum qilishicha, 2024 yil davomida 38 mingdan ortiq haydovchi 10 va undan ko‘proq marta qoida buzgan. 2024 yildagi avariyalarning 46 foizi aynan shunday toifadagi haydovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Respublika GAI” boshlig‘i keltirgan bu raqamlardan bir xulosaga kelish mumkin: agar radarga tushganda ham jarima balli berilganida, ya’ni yiliga o‘ntadan ko‘p qoida buzadigan o‘sha 38 mingta haydovchi guvohnomasiz qolib ketganida, jami avariyalar soni 2 barobargacha kamaygan bo‘lardi. Ming afsuski, mas’ullar 38 mingta ashaddiy qoidabuzarning buzuq manfaatini millionlab bolalarning maktabga xavfsiz borib kelish huquqidan ustun qo‘ydi.
Import bilan kurash
Butun 2024 yil davomida avtomobil importini cheklash ustida ish olib borganlarning sharafsiz mehnati o‘z mevasini bera boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, yanvar oyida O‘zbekiston yengil avtomobil importi karrasiga qisqarib ketgan.
Bojxona qo‘mitasi ochiqlagan raqamlarga ko‘ra, 2025 yil yanvar oyida O‘zbekistonga atigi 1796 ta yengil avtomobil import qilingan. Bu – 2024 yilning yanvari bilan taqqoslaganda 5,6 barobarga kam. O‘tgan yili yanvarda xorijdan 10 mingdan oshiq yengil avtomobil olib kirilgan bo‘lsa, bu yil yanvarda bu raqam hatto 2 mingtaga ham yetmagan. Benzinda yuradigan avtomobillar importi 2,5 barobarga, elektromobillar importi 6,7 barobarga, gibrid modellar importi esa 31 barobarga qisqarib ketgan. Eslatib o‘tamiz, bozorni hali oldinda 1 maydan boshlab elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imining oshirilishi ham kutmoqda.
Voqealarning hozirgi rivojida jismoniy shaxslar Xitoydan nafaqat haqiqiy avtomobil, balki o‘yinchoq mashina buyurtma berishda ham yangi to‘siqlarga uchrashi mumkin. Kutilganidek, hukumat Temu marketpleysini bloklash bilan tahdid qilmoqda. Raqamli tijorat sohasi regulyatori – Istiqbolli loyihalar milliy agentligining ma’lum qilishicha, Temu yo O‘zbekiston bozoriga rasman kirib, o‘z shu’basini ochishi, yoki soliq tizimida ro‘yxatdan o‘tib, QQS to‘lovchisiga aylanishi kerak. Aks holda, platformaning O‘zbekistondagi faoliyati taqiqlanadi.
Rasmiylarning izohlashicha, chet eldagi marketpleyslarning O‘zbekistonda vakolatxonasi yo‘qligi o‘zbekistonlik iste’molchilarni nuqsonli tovarlarni qaytarish yoki shikoyat qilish imkoniyatidan mahrum qiladi. Ma’lumot uchun, Xitoydan arzon tovarlar buyurtma qilish imkonini beruvchi Temu ilovasi hozir Google Play'da ham, App Store'da ham o‘zbekistonliklar tomonidan eng ko‘p yuklab olinayotgan ilovalar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turibdi.
Uzunda nimalar bo‘lyapti?
Surxondaryodagi mudhish qotillik, va uning tergovi doirasida ichki ishlar bo‘limidan yana o‘lik chiqqani ko‘pchilikni larzaga soldi. 15 fevralga o‘tar kechasi Uzun tumanida yashagan 43 yoshli ayol va uning ikki farzandi o‘z uylarida o‘ldirib ketilgan. Kun.uz muxbirining o‘rganishlariga ko‘ra, oiladagi 3 farzanddan biri fojiadan omon qolgan. Noma’lum qotillar jinoyat izlarini yashirish uchun uyga o‘t qo‘yib ketgan.
Jinoyat motivlari ma’lum emas. Fojiaga marhumaning eri boshqalardan katta miqdorda qarzdor bo‘lgani sabab bo‘lishi mumkinligi aytilyapti. Fermer bo‘lib ishlagan oila boshlig‘i qarzga kirib qolgach, 2021 yilda Rossiyaga ketgan, shundan beri uyiga qaytmagan.
Oradan o‘tgan ikki haftadan buyon, qotillar topilganicha yo‘q. Tergov jarayonida shu hududdagi ko‘plab erkaklar so‘roq uchun Uzun tuman IIBga olib borilgan, ulardan biri tergov jarayonida vafot etgan. Kun.uz'ning aniqlashicha, idoraga olib borilgan 50 yoshli fermer 2 kun ushlab turilgach, 25 fevral kuni o‘ligi chiqqan. Xodimlar u yurak xurujiga uchraganini aytgan bo‘lsa, marhumning yaqinlari yuragi soppa-sog‘ bo‘lgani, tanasida qiynoq izlari borligi, jinoyatni bo‘yniga qo‘yish uchun qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligini aytyapti.
Tohir Hayitovni qamash haqidagi sud qarori ham shubhalarni ko‘paytiradi. Marhumning o‘limidan bir kun oldin Uzun tuman sudi chiqargan qaror bilan, u eng ko‘p ishlatiladigan “navbatchi” modda – mayda bezorilikda ayblanib, 6 sutkaga qamalgan. Bu haqda uning yaqinlariga xabar berilmagan, sud qarorida ham bir qancha chalkashliklar bor. Kun.uz surishtiruvi ortidan Sudyalar oliy kengashi bu bahsli qarorni chiqargan tergov sudyasiga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlanganini ma’lum qildi. Prokuratura ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazyapti. Eslatib o‘tamiz, fevral oyida ikkita koloniyada mahkumlarning vafot etishi holatlari ro‘y bergandi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Eskirgan ko‘p kvartirali uylar o‘rniga yangilarini qurishda mulk huquqi ustuvor deb e’lon qilindi. Prezident farmoniga ko‘ra, renovatsiyani boshlashdan oldin quruvchilar barcha mulkdorlarni to‘liq rozi qilib, ular bilan bitimlarni notarial tasdiqdan o‘tkazishi shart bo‘ladi. Bu kelishuvda mulkdor kompensatsiya sifatida tanlashi mumkin bo‘lgan variantlar cheklanmagan. Farmondan, shuningdek, qurilish sohasida avvalroq anons qilingan, biz avvalgi dayjestlarimizda batafsil to‘xtalib o‘tgan qator yangiliklar ham o‘rin olgan.
Ichki ishlar vazirligi ayrim hujjatlarning “chiroyli” seriya raqamlarini sotish niyatida. Bu yerda gap ID-karta, xorijga chiqish pasporti, haydovchilik guvohnomasi va “texpasport” haqida ketyapti. Vazirlik taklifiga ko‘ra, bu hujjatlarning chiroyli raqamlisini olishni istaganlar ko‘proq pul to‘lab, bunga erishishlari mumkin bo‘ladi. Narxlar hali aniq emas. Ya’ni masalan, yettita 7 raqamli qizil pasport bilan maqtanish qanchaga tushishi – muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasida ko‘rsatilmagan.
O‘zbekiston yana suveren obligatsiya chiqarish orqali 1,5 mlrd dollar tashqi qarz oldi. 500 mln dollarlik obligatsiyalar 7 yil, 500 mln yevrolik qimmatli qog‘ozlar 4 yil, milliy valutadagi 6 trln so‘mlik bondlar esa 3 yil muomalada bo‘ladi. Dollardagi qarz 6,95 foiz stavkada olindi. Pullar asosan budjet defitsitini yopishga ishlatiladi. Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi 40 mlrd dollardan oshgan. Shundan 33,7 mlrd dollarini tashqi qarzlar tashkil etadi.
Taksichilarning o‘zini o‘zi band qilish huquqi doimiy deb e’tirof etildi. Avvalroq ularga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishlash huquqi 2024 yil oxirigacha berilgandi. Payshanba kungi prezident qarori bilan, bu cheklov olib tashlandi. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yo‘lovchi tashishda foydalanadigan avtomobil o‘rindiqlari soniga cheklov ham bekor qilindi. Bu – shaharlararo qatnaydigan Damas haydovchilari ham endi imtiyozlardan foydalana olishini anglatishi mumkin. Bu borada rasmiy izoh berilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid

08:10
Sebzor ko‘chasida ikkita Nexia-3 ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

14:10 / 09.03.2025
“Kasbingizni sevsangiz, qiyinchiliklari bilinmaydi” – kranchi, tergovchi, poyezd va avtobus haydovchi ayollar hikoyasi

22:31 / 08.03.2025
Sektor boshqaruvining tugashi, metanning ochilishi va Bobojonov iste’fosi - hafta dayjesti

15:12 / 06.03.2025