O‘zbekiston | 17:50 / 01.03.2025
27701
16 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chatlar nima sababdan quriydi, ularni qanday ekish kerak o‘zi? – mutaxassis bunga javob berdi

O‘zbekistonda fevral oxiri va mart oyi boshidan tomorqa hamda bog‘larga yangi nihollar ekish boshlanadi. Bu davrda yomg‘irlar ko‘p yog‘ishi va quyosh charaqlab turishiga qaramay ayrim ko‘chatlar nobud bo‘ladi. Xo‘sh, ular nima sababdan qurib qoladi? Ekish jarayonida qaysi omillar hisobga olinishi kerak? Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish uchun akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Alijon Esonqulov bilan suhbatlashdi.

Foto: Getty images

Qaysi omillar ko‘chatning o‘sishdan to‘xtashiga sabab bo‘ladi?

Ko‘chatlarning qurish sabablari biologik, agrotexnik, ekologik va patogen faktorlar bilan uzviy bog‘liq. Tashish va sotish jarayonlarida ko‘chatlar ildiz qismi sovuq havo, quyosh nuri hamda shamoldan zararlanib, ekilganidan so‘ng ko‘karmasligi mumkin.

Yangi nihollar fotosintez jarayoni uchun ko‘proq quyosh nurini talab qiladi. Yorug‘likning kamligi fotosintezni sustlashtiradi va o‘sishni sekinlashtiradi. Meva ko‘chatlari yaxshi o‘sishi uchun unga kuniga kamida 6-8 soat to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri tushishi kerak. Masalan, olma, gilos va shaftoli daraxtlari quyoshli joyda yaxshi o‘sadi va yorug‘lik yetarli bo‘lishi meva berish uchun zarur quvvatni to‘plashga ko‘maklashadi.

Biroq ortiqcha quyosh nuri nihol hujayralarida suv yo‘qotish jarayonini tezlashtiradi. Kaliforniya qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslar universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarda suvsizlanish nihollarning qurishiga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Shuningdek, sug‘orishning ortiqcha bo‘lishi ham ildizlarda kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi va chirish jarayonini tezlashtiradi. Tuproq taxminan 5-10 sm chuqurlikda nam bo‘lsa, bu yetarli sug‘orilganlikni ko‘rsatadi, quruqroq bo‘lsa, ko‘chatga qo‘shimcha suv quyish kerak. Sug‘orishdan keyin tuproqning suvni qanchalik tez yutishini kuzatish zarur, agar suv tez singib ketsa va yer yana quruqroq ko‘rinadigan bo‘lsa, ko‘proq sug‘orish talab etiladi. Ko‘chatning barglari so‘lib yoki tushib qolsa, bu ildizga yetarli miqdorda suv yetib bormayotganining belgisi bo‘lishi mumkin. Tuproq namligini o‘lchash uchun maxsus asboblar ham mavjud. Ushbu qurilmalar tuproqning namlik darajasini aniq ko‘rsatib, qancha sug‘orish kerakligi haqida ma’lumot beradi.

Yerning fizik-kimyoviy xususiyatlari nihollar o‘sishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Xususan, yangi ko‘chatlar havodor va yaxshi drenajlangan tuproqda qulay o‘rnashadi. Tuproqning yengil va qumli tuzilishi ildizlarning yer ostida chuqurroq va kengroq joylashishiga imkon yaratadi. Suv o‘tkazmaydigan yoki saz tuzilishdagi(yopishqoq) tuproqlar ildizlar zararlanishini tezlashtiradi.

Nihollar ekilgandan keyin birinchi haftadagi harorat balansi ularning o‘sishida muhim sanaladi. Haddan tashqari issiq yoki sovuq havo ham ko‘chatlarning qurishiga sabab bo‘ladi. Masalan, 10°C dan past va 35°C dan yuqori harorat nihollarda stress holatini keltirib chiqaradi. Bu ko‘chatlarning fiziologik va biologik jarayonida buzilishlar yuzaga kelishi bo‘lib, uning natijasida nihollar o‘sishi sekinlashishi, hujayra strukturasi o‘zgarishi va qurib qolishi mumkin.

Shuningdek, ekish jarayonida ildiz tizimiga yetkazilgan shikastlanishlar niholning suv va ozuqaviy moddalarni singdirish qobiliyatini susaytiradi. Azot (N), fosfor (P) va kaliy (K) kabi asosiy elementlar yetishmovchiligi o‘sishning to‘xtashi va qurishga olib keladi. Masalan, azot yetishmovchiligi barglarning sariqlashishi va qurishini hosil qiladi. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sug‘orish va tuproq tanlovini to‘g‘ri amalga oshirish, iqlim sharoitini hisobga olish, yetarli yorug‘lik va ozuqaviy moddalar bilan ta’minlash nihollar qurishini kamaytiradi.

Ildiz tizimi bilan bog‘liq qanday muammolar ko‘chatni o‘sishdan to‘xtatadi?

Nihollarning ildiz tizimi bilan bog‘liq holat o‘simlikning rivojlanishi va undan olinadigan hosilga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ildizlar zaif, mayda yoki zararlangan bo‘lsa, suv va oziqa moddalarini yetarli darajada qabul qila olmaydi, bu esa o‘sishga to‘siq bo‘ladi. Oqibatda o‘simlik zaiflashadi va hosil kamayadi.

Tuproq ostida suv ko‘p to‘planishi kislota va kislota moddalarining konsentratsiyasi oshishiga sabab bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, ildizlarning kislotaga chidamsizligi va zaiflashuvini keltirib chiqaradi. Tuproq bo‘laklari keragidan ortiq katta yoki mayda bo‘lishi ham ildizlar uchun muammo tug‘diradi. Tuproq katta bo‘laklarga bo‘lingan bo‘lsa, o‘sayotgan ildizlarning yer ostida joy topishi murakkablashadi. Mayda tuproqlarda esa suvni yaxshi saqlab turish qiyin bo‘ladi va ildizlar ortiqcha suv yoki kislotaga chidamsizlashib, zararlanadi. Bundan tashqari, ko‘chatlar zich ekilib, ildizlar to‘qnashsa, bir-birining o‘sishiga to‘sqinlik qiladi.

Nihollarni ekish uchun tuproq qanday tayyorlanishi lozim? (tarkibiga go‘ng yoki mineral o‘g‘itlar qo‘shish shartmi?)

Kuzda ko‘chat ekish uchun tanlab olingan maydon plantaj plugi bilan 50-60 sm chuqurlikda haydalgan bo‘lishi kerak. Yer ag‘darilmagan bo‘lsa, bahorda 35-40 sm chuqurlikda ishlov berilib, tekislanadi va ko‘chat ekish uchun reja tortiladi. Ko‘chatlarni ekish uchun reja tortishda quyidagi sxemalardan foydalanish tavsiya etiladi:

• Pakana payvandtagga ulangan olma ko‘chatlari uchun 3,5×2,5 m, o‘rta o‘suvchi olma uchun 3,5×3 m, MM-106 payvandtagga ulangan olma ko‘chatlari uchun 6×4 m va 6×5 m;

• Nok uchun 3,5×2 m, o‘rta o‘suvchi nok uchun 3,5×2,5 m;

• Shaftoli ko‘chatlari uchun 3×3 m yoki 4×4 m;

• Gilos ko‘chatlari uchun 3×2,5 m yoki 4×3 m;

• O‘rik ko‘chatlari uchun 4×3 m;

• Anor ko‘chatlari uchun 3,5×3 m yoki 4×4 m;

• Bodom uchun 4×3 m yoki 4×4 m;.

• Yong‘oq ko‘chatlari uchun 5×4 m masofalik sxemada ekish lozim.

Ko‘chatning turi va uning o‘sish xususiyatlariga qarab orasidagi masofa va qator uzunligi belgilanadi. Masalan, ba’zi ko‘chatlar keng o‘sadi, boshqalari esa uzun va baland bo‘ladi.

Tuproqni boyitish uchun go‘ng va mineral o‘g‘itlardan foydalanish talab qilinadi. Organik go‘ng tuproqni vodorod ionlari, azot va fosfor moddalari bilan ta’minlaydi. Tarkibni boyitishda go‘ng to‘g‘ri miqdorda qo‘shilishi lozim. Ortiqcha go‘ng ildizlarning zararlanishi yoki ko‘chatlarning yaxshi o‘smasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Tuproqni mineral moddalar bilan boyitish zaruruti tug‘ilsa, azotli, fosforli va kaliyli o‘g‘itlardan to‘g‘ri miqdorda foydalanish tavsiya etiladi.

Tuproqda kislota darajasi yuqori bo‘lsa, uni pastlatish uchun dolomitli o‘g‘itlar (CaMg(CO₃)₂) qo‘shish mumkin.

Ko‘chatni ekishdan oldin ularni maxsus eritmalarda saqlash yoki ildizlarini kuchaytirish usullari bormi?

Ekishdan oldin ildizlarni mustahkamlash uchun ko‘chatlar shatmoqqa botiriladi. Shatmoq tayyorlashda yangi mol go‘ngi va tuproqni 1:1 nisbatda aralashtirib, qaymoqsimon holga keltiriladi. Bu kombinatsiya ko‘chatning ildiz tizimi to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi. Go‘ngning organik moddalarga boyligi ildizlarning tez va sog‘lom o‘sishini ta’minlaydi.

Ko‘chatlarni ekishdan oldin ildiz tizimini mustahkamlash va yangi muhitga moslashishini osonlashtirish uchun maxsus eritmalardan foydalanish samarali usuldir. Buning uchun gibberellik kislotasi yoki Indol-3-sirka kislotasi kabi stimulyatorlarni ishlatish mumkin. Gibberellik kislotasi (GA₃) o‘simliklarning o‘sishini tezlashtirish, ildiz tizimi va yuqori qismlarining rivojlanishini kuchaytirish uchun ishlatiladi. Indol-3-sirka kislotasi (Indole-3-acetic acid, IAA) tabiiy ildiz gormoni bo‘lib, undan o‘simliklar ildizining o‘sishi uchun stimulyator sifatida foydalanish mumkin. Ko‘chatlarni 1-2 soat davomida eritmaga botirib, keyin to‘g‘ri tanlangan maydonga o‘tkazish lozim.

Nihollarni qanday chuqurlikda ekish kerak?

Ko‘chat ekish uchun chuqurlik va kenglik 60×60 sm bo‘lishi kerak. Chuqur qazishda tuproqning ustki 20-25 sm qismi bir tomonga, chuqurning qolgan qismi esa ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. Bu ko‘chat ildizlarining to‘g‘ri joylashishi va yaxshi o‘sishi uchun muhim.

Ko‘chat ekishdan oldin chuqurga 350-400 g fosforli o‘g‘it, 30-40 g kaliy o‘g‘iti va 8-10 kg chirigan go‘ng solib, tuproq bilan aralashtiriladi. Bu oziq moddalar ildizlarning tez va sog‘lom rivojlanishiga yordam beradi. Ko‘chat ekilganidan so‘ng har bir chuqurga to‘ldirib suv quyiladi. Bu usul tuproqni zichlashtirib, ildizlar atrofidagi havo bo‘shliqlarini yo‘qotadi va ko‘chatning suvni yaxshi o‘zlashtirishini ta’minlaydi. Sug‘orish namlikni barqarorlashtirishi natijasida ko‘chat tez rivojlanadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga qo‘shimcha tuproq solinib, to‘ldiriladi. Bu ildizlarni himoya qiladi, havo hamda suv bilan ta’minlaydi. Tuproq to‘g‘ri to‘ldirilganda, ko‘chat sog‘lom va mustahkam o‘sadi. Tuproq namligini saqlash uchun uning yuzasini mulch (cho‘p, kog‘oz yoki po‘stloq) bilan yopish tavsiya etiladi. Bu usul suv tez bug‘lanishining oldini oladi va ildiz tizimining yaxshi rivojlanishiga yordam beradi.

Ko‘chat ekishda muhim qoidalar:

  • Ko‘chatni chuqurga to‘g‘ri joylashtirish: Ildizlar erkin yoyilishini ta’minlash uchun avval olingan tuproqning bir qismi chuqur tagiga solinadi.
  • Payvand qilingan joy: Ko‘chat payvand qilingan qismi tuproq sathidan 4-5 sm yuqorida bo‘lishi kerak. Bu ildiz tizimining kuchli rivojlanishiga yordam beradi.
  • Balandlik darajasi: Pakana va yarim pakana payvandtaglarga ekilgan ko‘chatlar yer sathidan 2-3 sm yuqorida joylashishi lozim. Agar chuqur ekilsa, ildiz nav paydo bo‘lishi kechikadi va ko‘chat rivojlanishi sekinlashadi.

Nihollar ekilgandan keyin dastlabki haftalarda sug‘orish qanday bo‘lishi lozim?

Yangi ekilgan ko‘chatlarning ilk davrda suv bilan ta’minlanishiga katta e’tibor berish zarur. Tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushmagan bo‘lsa, ko‘chatlar to‘liq ko‘karib ketishi uchun uning atrofidan aylana shaklda ariq yoki yo‘lakcha ochib, agat to‘lguncha suv quyish kerak. Agar ariq orqali sug‘orish amalga oshirilsa, suvni aylantirib o‘tkazib, ko‘chat atrofini to‘ldirish lozim.

Ob-havo va tuproq sharoitiga qarab, yosh bog‘larga yil davomida 12-20 marotabagacha suv berilishi mumkin. Sug‘orishdan so‘ng ko‘chat atrofi qatqaloq bo‘lib qolmasligi uchun 10-12 sm chuqurlikda tuproqni yumshatib turish kerak.

Tomchilatib sug‘orish mevali ko‘chatlarning to‘liq ko‘karishiga yordam beradi va bu jarayonda suv sarfi 45-50% ga tejaladi.

Mevali bog‘larni sug‘orishda eng yaxshi vaqt – tong va kechki paytlar. Bu vaqtda sug‘orish o‘simliklarni stress holatlardan asraydi va yuqori hosil olish imkonini beradi.

Bog‘larni turli zamburug‘li kasalliklardan himoya qilish uchun daraxtlarga to‘g‘ri shakl berish, me’yorida o‘g‘itlash va sug‘orish, shuningdek, tanasini oqlash kabi agrotexnik ishlar amalga oshiriladi.

O‘zbekistonning tuproq-iqlim sharoitini hisobga olgan holda hududlarda ekish usullari qanday farqlanadi?

Mevali ko‘chatlarning yerda ildiz otib, ko‘karishida ularning iqlim va tuproq sharoitlariga mos kelishi muhimdir.

Cho‘l va yarim cho‘l mintaqalar: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Buxoro viloyatlarida yong‘oq, bodom va anor kabi quruq va issiq sharoitlarga chidamli daraxtlar yaxshi o‘sadi. Bu kabi hududlarda tomchilatib sug‘orish usulidan foydalanish, har bir daraxt tagiga haftasiga 10-20 litr suv quyish tavsiya etiladi, suv miqdori o‘simlikning yoshi va holatiga qarab o‘zgarishi mumkin. Tuproqni fosfor va kaliyga boy o‘g‘itlar bilan boyitish o‘simliklarning qurg‘oqchil sharoitlariga moslashishiga yordam beradi.

Tog‘li hududlar: Samarqand, Toshkent va Jizzax viloyatlarida olma, gilos va o‘rik kabi sovuqqa chidamli va yuqori namlikka moslashgan daraxtlar yaxshi ko‘karadi. Mazkur viloyatlarning janubiy yonbag‘irlarida ko‘chatlarni ekish, nihol qadalgan tuproqni kompost, gumus kabi organik moddalar bilan boyitish, shuningdek, azotli o‘g‘itlardan foydalanish o‘simliklarning o‘sish va meva berish samaradorligini oshiradi. Ushbu mintaqalarda suv ko‘proq bo‘lgani uchun daraxtlarni haftasiga 20-30 litr atrofida sug‘orsa bo‘ladi.

Vodiy va daryo bo‘yi hududlari: Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida shaftoli, anor, tut kabi ko‘chatlarni ekish maslahat beriladi. Daraxtlar unumdor bo‘lishi uchun tuproqni drenajlash, kaliy va fosforga boy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, muntazam ravishda tuproqni organik moddalar bilan boyitib turish zarur. Bu hududlardagi tuproqlar namlikni yaxshi saqlaydi, shu sabab daraxtlarni haftasiga 15-25 litr suv bilan sug‘orish maqsadga muvofiq. Yoz oylarida suv miqdorini biroz oshirish mumkin.

Dasht va o‘rmon-dasht mintaqalari: Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlarida olma, yong‘oq, gilos kabi o‘rtacha namlik va haroratga mos keladigan daraxtlarni ekish mumkin. Bu turdagi yerlarda nihollarni sug‘orish va oziqlanish tizimini samarali tashkil qilishga kuchliroq e’tibor qaratish tavsiya qilinadi. Mazkur mintaqada namlik o‘rtacha bo‘lgani uchun daraxtlarni haftasiga 20-30 litr suv bilan sug‘orish yaxshi natija beradi. Tuproqqa barcha muhim minerallarni o‘z ichiga olgan murakkab o‘g‘itlar qo‘shish foydali bo‘ladi.

Mevali daraxtlarni ekishda xar bir nihol o‘sib rivojlanganidan so‘ng bir-biriga soya-salqin bermasligiga e’tibor qaratish kerak. Anor va anjir mevalarini respublika iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda 450 burchak ostida ekish lozim, bu kuz mavsumida (noyabr oylarida) ko‘chatlarni ko‘mishga qulaylik yaratadi.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid