O‘zbekiston | 13:30 / 28.02.2025
13075
3 daqiqa o‘qiladi

Uzun tuman IIBda fuqaro vafot etishi bilan bog‘liq holatni prokuratura va Ombudsman o‘rganmoqda

Marhumni o‘limidan bir necha soat oldin ma’muriy qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan sudyaga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan, deb xabar bermoqda Sudyalar Oliy kengashi. Yaqinlariga ko‘ra, fermer Tohir Hayitovni Uzun tumanida sodir etilgan mudhish qotillikni fosh etish bo‘yicha tezkor tadbirlar doirasida IIB xodimlari uyidan olib chiqib ketgan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz 27 fevral kuni Uzundagi qotillik ishi doirasida so‘roqqa olib ketilgan fermer vafot etgani, uning tanasida qiynoq izlari borligi haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ushbu holatni O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning hududiy vakillari ham o‘rganmoqda, yakunlari bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi. Bu haqda Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Surishtiruvda marhum fuqaroga o‘limidan bir necha soat oldin «navbatchi» modda bilan 6 sutka ma’muriy qamoq qo‘llangani, sud qarorida chalkashliklar borligi ma’lum qilingan edi. Sudyalar oliy kengashi ushbu holatda qaror chiqargan tergov sudyasi A’zamberdi Aliqulovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qildi.

«…T. H.ga (marhum) oid ma’muriy huquqbuzarlikka doir ish ko‘rib chiqilishida Sudyalar odobi kodeksi qoidalari buzilgani ehtimolidan kelib chiqib, Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining tergov sudyasi A. Aliqulovga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi»,deyiladi Sudyalar oliy kengashi bayonotida.

Ma’lumot uchun, 15 fevral kuni Surxondaryoda bir oilaning uch a’zosi o‘ldirib ketilgan qotillik jinoyati sodir qilindi. Shundan so‘ng tergov jarayonida shu hududdagi ko‘plab erkaklar so‘roq uchun Uzun tumani IIB binosiga olib borilgan. Shular qatorida 50 yoshli fermer Tohir Hayitov ham xodimlar tomonidan olib ketilib, IIB binosida 2 kun saqlangan va 25 fevral kuni «yurak xurujidan» vafot etgan. Marhumning yaqinlari Kun.uz'ga tanada qiynoq izlari borligini, jinoyatni uning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lgan bo‘lishlari mumkinligini aytgan edi.

Mavzuga oid