Jamiyat | 14:50 / 27.02.2025
28427
7 daqiqa o‘qiladi

IIBdan yana o‘lik chiqdi: Uzundagi qotillik ishi doirasida so‘roqqa olib ketilgan fermer vafot etdi

Surxondaryoda bir oilaning uch a’zosi o‘ldirib ketilgan qotillik jinoyati tergovi jarayonida shu hududdagi ko‘plab erkaklar so‘roq uchun Uzun tumani IIB binosiga olib borilgan. Shular qatorida bo‘lgan 50 yoshli fermer ham xodimlar tomonidan uyidan olib ketilgan. U IIB binosida 2 kun saqlangan va 25 fevral kuni «yurak xurujidan» vafot etgan. Marhumning yaqinlari tanada qiynoq izlari borligini, jinoyatni uning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lgan bo‘lishlari mumkinligini aytmoqda.

Joriy yil 15 fevral kuni Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida mudhish qotillik yuz bergani xabar qilingan edi: noma’lum shaxslar ona va uning ikki farzandini o‘ldirib, jinoyatni yashirish uchun uyiga o‘t qo‘ygan. 10 kundan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay tezkor-tergov guruhi jinoyatchilarni fosh etolgani yo‘q.

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, tergov doirasida olib ketilgan 50 yoshli fuqaro Tohir Hayitov IIB binosida vafot etgan.

Yaqinlarining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, marhum qotillik sodir bo‘lgan mahallada yashagan va tumandagi «Abdusalim Barlos» fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lgan. IIB xodimlari Uzundagi qotillik ishi yuzasidan mahalladagi barcha erkaklar qatori Tohir Hayitovni ham so‘roq uchun yashab turgan uyidan olib chiqib ketgan.

«Uyimizni tintuv qilib, dadamizni olib ketishdi. Ko‘pchilikni 3-4 soatda so‘roq qilib qo‘yib yuborishdi. Lekin dadamni 2 kun ushlab turishdi, tergov bo‘lyapti deb oldiga kirgizishmadi. Ertasi kuni – 25 fevral ertalabda oldiga borsak, yurak xuruji bo‘lib o‘lib qoldi, deyishdi. Dadam kasal emasdi, yurak bilan bog‘liq hech qanday muammosi yo‘q edi.

Jasadni ekspertiza qilishga bizni kiritishmadi ham, xabarimiz ham bo‘lmadi. Kim bunday qilgan, nega? Hech kim izoh bermayapti. Dadamning qo‘llarida, yuzida va tanasida ko‘kargan izlar bor. Qiynoq qo‘llangan va jinoyatni dadamning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lishgan deb o‘ylayapmiz. Dadam IIB binosida o‘lib qolgan.

Shu kunlarda jinoyatni tergov qilishda respublika ishchi guruhidan kelganlar ham qatnashgan ekan. Dadamning jasadini so‘raganimizda IIB xodimlari boshqa tuman o‘likxonasida, dedi. Lekin u yerda emas ekan. Biz topib beringlar, deganimizdan keyin tuman hokimi kelib, yonimizdagi o‘likxonada ekanini aytdi», - deydi marhumning o‘g‘li.

Hayitov Tohirning vafot etgani haqida tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda ham unga nisbatan qiynoqlar qo‘llangani aytiladi.

«Har doimgidek, ichki ishlar xodimlari uning o‘limi sog‘lig‘idagi muammolar bilan bog‘liqligini aytib, o‘zlarini oqlashga uringan. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, Tohir Hayitov hibsxonada 3 kun davomida qattiq qiynoqqa solingan. U shu haqda qarindoshlariga telefon orqali xabar berib, yordam so‘rashga ham ulgurgan. Lekin qarindoshlar u bilan bog‘liq muammoni hal qilish uchun tanish-bilish izlagan paytda, surishtiruv jarayoni davomida vafot etgan» - deyiladi xabarda.

Kun.uz ishni o‘rganish davomida marhum Tohir Hayitovga nisbatan 24 fevral kuni JIB Uzun tuman sudi sudyasi A.Aliqulov tomonidan chiqarilgan qarorni qo‘lga kiritdi. Sud hujjatiga ko‘ra, marhumga o‘limidan bir kun oldin «navbatchi» modda – MJtK 183-moddasi (mayda bezorilik) qo‘yilgan va 6 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Lekin sud qarorining o‘zida bir qancha chalkashliklar bor.

Xususan, marhumning yaqinlari «23 fevral kuni IIB xodimlari uyni tintuv qilib, Tohir Hayitovni olib ketgani»ni aytgan bo‘lsa, sud qarorida fuqaro Navro‘z mahallasida kim bilandir janjallashgani yozilgan.

Tohir Hayitovga nisbatan chiqarilgan sud qarori

Sud qarorida Tohir Hayitov Navro‘z mahalla idorasida O‘.Qoraboyeva bilan o‘zaro tortishib, jamoat joyida uni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani yozilgan.

Qarorning davomida esa jabrlanuvchining ism-familiyasi «M.Jo‘rayeva»ga almashib qolgan. Bundan tashqari, sud qarorida aytilgan «ishda to‘plangan boshqa obektiv dalillar yig‘indisi» nimaligi ham ochiqlanmagan. Tohir Hayitovning yaqinlariga sud bo‘lgani va ularning asosiy boquvchisi 6 sutkaga qamalgani haqida xabar ham berilmagan.

2025 yil 24 fevral kuni soat 18:00 da – «jazoni o‘tash muddati» boshlangan. 25 fevral kuni ertalabda esa fuqaro vafot etgan.

Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov bilan bog‘landi. IIV rasmiysi holat yuzasidan «prokuratura ma’lumot berishi mumkin»ligini aytish bilan cheklandi.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov esa Kun.uz so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Tahririyat ixtiyorida Tohir Hayitovning o‘limi yuzasidan tayyorlangan maxsus axborot mavjud. Unda «sud qarori bilan aybli deb topilib, 6 sutka ma’muriy qamoq jazosini o‘tash uchun Termiz shahridagi ma’muriy qamoqxonaga olib borilayotgan vaqtda yo‘lda sog‘ligi yomonlashgani sababli Sariosiyo tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganida uning vafot etgani ma’lum bo‘lgan» deb yoziladi.

Ma’muriy qamoq – klassik usul

Tergov tezkor guruhi ochilmagan jinoyatni fosh etishda shubhali shaxslarni IIB binosiga olib kirib olish uchun ma’muriy qamoq amaliyotini qo‘llab keladi. Bunda shubha ostiga olingan shaxsga MJtKning mayda bezorilik, haqorat yoki ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmaslik kabi ayblovlar «ilinadi». Shaxs unga qo‘yilgan ayblovni sodir etgan-etmagani ahamiyati yo‘q: sudlar o‘z vazifasini «qoyillatib» ijro qilib beradi.

Masalan, Prezident administratsiyasi sobiq amaldori Komil Allamjonovga suiqasd sodir etilgan vaqtda uning 7 nafar xodimi (qo‘riqchi, haydovchi, oshpaz va h.k.) «ichki ishlar xodimi talabiga bo‘ysunmagani» uchun 15 sutka ma’muriy qamoqqa tiqiladi. Ushbu shaxslarga oid ish Oliy sudda ko‘rib chiqiladi va 15 sutkaga tortilganlarning barchasi oqlanadi.

Mavzuga oid