Jahon | 17:20 / 25.02.2025
2849
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va AQSh delegatsiyasi Ar-Riyodda ikkinchi uchrashuvni o‘tkazadi - OAV

Ushbu uchrashuv 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida o‘tkazilgan muzokaralarning davomi bo‘ladi. Hozircha unda kimlar ishtirok etishi ma’lum emas.

Foto: AP

Rossiya va Amerika delegatsiyasi 25 fevral kuni Ar-Riyodda ikkinchi uchrashuvni o‘tkazadi. Bu haqda Die Zeit nashri diplomatik manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashr uchrashuvda kimlar ishtirok etishiga oydinlik kiritmagan. Ta’kidlanishicha, u 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida o‘tkazilgan muzokaralarning davomi bo‘ladi. O‘shanda Rossiya delegatsiyasida tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Amerika delegatsiyasiga esa AQSh davlat kotibi Marko Rubio boshchilik qilgandi. Bu darajadagi uchrashuv Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri ilk bor o‘tkazildi. YeI va Ukraina vakillari muzokaralarda ishtirok etmadi.

Qayd etilishicha, 25 fevral kuni Ar-Riyodda o‘tkaziladigan uchrashuv Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning AQShga tashrifidan bir kun o‘tib sodir bo‘lmoqda. Mazkur uchrashuvdan keyin Tramp o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga yaqin haftalarda erishish mumkinligini ma’lum qilgandi.

Avvalroq Putin milliarder Abramovichni Ukraina bo‘yicha muzokara o‘tkazadiganlar guruhiga kiritmagani to‘g‘risida xabar berilgandi. 58 yoshli Abramovich bundan oldin RFning G‘arb va Ukraina bilan aloqalarida «Kremlning norasmiy vakili» rolini bajargan. U «g‘alla bitimi»ning tuzilishi va harbiy asirlar almashinuvida ishtirok etgan edi.

Mavzuga oid