“Sun’iy idrok tibbiyotda keskin burilishlar qilishi mumkin” – dasturchi Dildora G‘aniyeva
Dildora dasturlashni san’atning bir turi sifatida biladi. U har bir yozilgan kod dasturchining bir bo‘lagi, loyihalari esa farzandidek tuyulishini aytadi. Ësh dasturchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tibbiyotda sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanib, sohada keskin burilishlar qilish mumkinligi haqida gapirib berdi.
Dildora G‘aniyeva Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sgan. Poytaxtdagi INHA universitetida bakalavriatni tugatib, xalqaro kompaniyada ish boshlagan. 2025 yil yozgi semestr uchun dunyoning top 100 talik ro‘yxatiga kiruvchi Janubiy Kaliforniya universiteti magistraturasiga qabul qilingan. U hozirda tibbiyotda tahlil natijalariga ko‘ra tashxis qo‘yish jarayonini osonlashtirishga qaratilgan startap ustida ishlayapti.
“Dasturlash – san’atning bir turi”
Dasturlashni o‘rganish va ish jarayonidagi shaxsiy tajribasidan kelib chiqib, Dildora dasturlash shunchaki kod yozishdan iborat emasligini va har bir yozilgan kod dasturchining bir bo‘lagi ekanligini aytadi. Kodlar asosida vujudga kelgan loyihalarga esa dasturchi o‘z bolasidek munosabatda bo‘lishini va loyiha yakunlanganiga qancha vaqt o‘tishidan qat’i nazar, har bir dasturchi o‘z loyihasiga qayta-qayta murojaat qilib turishini ta’kidlaydi.
“Bolaligimdan vizual xotiram va mantiqiy fikrlashim juda yaxshi bo‘lgani va matematik qizishim tufayli dasturchi bo‘la olishimga ko‘zim yetgan. Qiziqishim bolaligimdan boshlangan desam ham bo‘ladi. Masalan, istalgan begona insonning chehrasini bir marta ko‘rsam, uni butun umrga eslab qolishim mumkin. Oradan qancha vaqt o‘tmasin, o‘sha chehra kimga tegishli ekanligi, qachon va qayerda ko‘rganligim borasidagi tafsilotlarni hech qachon unutmayman”, – deydi Dildora.
Dastlabki loyiha
“Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda TATUda mobil ilovalarni dasturlash bo‘yicha qisqa trening dasturida qatnashgandim. Trening oxirida esa dasturlashdagi ilk loyihamni qilishga muvaffaq bo‘lganman. Bu loyiha unchalik katta loyiha bo‘lmasa-da, menga dasturlashni o‘rganishimda keyingi qadam uchun ishonch bera olgan va dasturchi bo‘lish haqidagi qarorimni mustahkamlagan”.
Dildoraning ilk loyihasi – aqlli musiqa mobil ilovasi bo‘lgan. Bu dastur istalgan qo‘shiq matnidan biror so‘z yoki jumla kiritilsa, foydalanuvchiga kiritgan so‘zi, jumlasi ishtirokidagi qo‘shiqlarning tafsiyaviy ro‘yxatini avtomatik tarzda chiqarib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
“Tibbiy tashxislarda ehtimollik foizini kamaytirish mumkin”
Dildora tibbiyotda sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanib, ko‘plab jarayonlarni osonlashtirish mumkinligini ta’kidlaydi.
“Dasturlash juda keng qamrovli soha. Uni istalgan soha bilan integratsiyalash mumkin, ya’ni dasturchi bilimlarini o‘zi qiziqqan boshqa sohada ishlatib ko‘rish imkoniyatiga ega. Masalan, men bir yil davomida tibbiyot sohasida dasturchi sifatida ishlab ko‘rdim. Natijada o‘z bilimlarimni va dunyoqarashimni kengaytirdim.
Pandemiya davri edi. O‘zimni yaxshi his qilmaganim uchun shifokorga bordim. Doktor menga MSKTga tushib, tahlil qog‘ozi bilan kelishimni aytdi. Men unga tushib, shifokorga tahlil natijalarini berdim. Shifokor menda 5-10 foiz yallig‘lanish ehtimoli borligini aytdi. Shifokor xulosasida sonlar orasidagi farqning kattaligi meni ajablantirdi. Shundan so‘ng tibbiy tashxis qo‘yish jarayonlarida sun’iy idrok ishtirokida aniqroq tashxis qo‘yish loyihasi haqida o‘ylay boshladim.
Bizning loyihamiz bugungi kunda hammaning eng yaxshi yordamchisiga aylangan ChatGPT’ga o‘xshab, shifokorlarga yordamchi bo‘ladi. Masalan, tibbiy tasvirlarni tushirish rentgen kompyuteriga ilova o‘rnatiladi, rentgen tugashi bilan sun’iy aql o‘zida bor ma’lumotlariga tayanib, aniq diagnozni qo‘yib beradi. Shifokorlarda esa tashxisni ko‘rib, unga mos muolaja yozib berish va uni nazorat qilish qoladi. Bu yerda juda ham ko‘p va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lgan sun’iy idrok inson faktori aralashuvini kamaytiradi va uning aniqroq xulosa bera olishiga ishonaman. Qandaydir istisno holatlar bo‘lib qolgandagina, shifokorlar aralashuvi kerak bo‘ladi xolos”, – deydi Dildora.
“To‘liq davolash qiyin hisoblangan kasallik – endrometrioz ustida izlanish olib bormoqchiman”
Dasturchi kelajak rejalari bilan bo‘lishdi:
“10 foiz ayollarda uchraydigan endrometrioz degan kasallik bor. Bu kasalga chalingan bemorlarni kasallikning o‘zi uchun emas, uning asorat va natijalarini davolab kelishadi. Endrometrioz uzluksiz muolaja olib turishni talab qiladi. Magistraturani tamomlab, aynan shu kasallikning davosini topish bo‘yicha izlanish olib bormoqchiman. Kelajakda bu loyiham dasturlash, ma’lumotlar bilan ishlash va sun’iy idrokni qamrab olib, uchalasini bir joyda jamlaydi”.
Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, endometrioz – bachadon shilliq qavatiga o‘xshash to‘qimalar bachadondan tashqarida o‘sishi bilan kechadigan kasallik bo‘lib, u kuchli og‘riqlarga olib kelishi mumkin. Uning sababi noma’lum. Endometriozning oldini olishning ma’lum usuli yo‘q. To‘liq davosi ham topilmagan. Ammo uning alomatlarini dori-darmonlar yoki ba’zi hollarda jarrohlik yo‘li bilan yengillashtirish mumkin.
Gavhar Ziyodullayeva, jurnalist
Operator: Ziyaddin Mamatjonov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov
Mavzuga oid

19:11 / 07.03.2025
Bemorning COVID oqibatida yo‘qolgan hid va ta’m bilish qobiliyatini tiklash usuli topildi

18:18 / 28.02.2025
Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Andijon va Samarqandda ko‘ptarmoqli klinikalar quriladi

17:17 / 22.01.2025
Olimlar eng mitti biotibbiy robotni yaratdi: u nimalarga qodir?

15:49 / 21.01.2025