Bank xodimasiga nisbatan jurnalist surishtiruvi o‘tkazgan telekanal muxbiri IIBga chaqirtirildi
Jizzaxda o‘zgalar nomiga kredit olgan bank xodimasining qilmishi haqida surishtiruv tayyorlagan MY5 telekanali muxbiri IIBga chaqirtirildi. Poytaxtdagi tegishli IIB muxbirdan holat yuzasidan tushuntirish xati olgan. Birovlar nomiga olingan kreditning bir qismini xodimaning Oliy sud sudyasi bo‘lib ishlovchi turmush o‘rtog‘i Sharofiddin Boliyev to‘lab kelgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Facebook / ruxsora.gafurova
MY5 kanali muxbiri Ruxsora G‘ofurova Jizzaxdagi bank xodimasining firibgarligi yuzasidan material tayyorlab efirga bergach, IIBga chaqirtirildi. Jurnalistning surishtiruvida bank xodimasi fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zi o‘zlashtirgani tilga olingan.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining Xo‘jaqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Oybek Ochilov MY5 telekanaliga murojaat yo‘llab, uning nomiga kimdir kredit olganini bildirgan. Telekanal muxbiri Ruxsora G‘ofurova fuqaroning murojaati asosida jurnalistlik surishtiruv o‘tkazgan.
Surishtiruvda keltirilishicha, sobiq harbiy xizmatchi bo‘lgan Oybek Ochilov 2019 yil Xalq banki Jizzax viloyati filialiga iste’mol kreditini olish bo‘yicha murojaat qilgan. Ammo o‘sha vaqtda bank xodimasi unga “ipoteka krediti borligi va yil oxiri bo‘lgani sabab limit yopilgani” vaji bilan rad javobini bergan.
Oradan bir necha yil o‘tib Oybek Ochilovning sobiq ish joyiga kredit qarzdorligini to‘lash shartligi bo‘yicha Xalq bankidan rasmiy xat kelgan. Qolaversa, ma’lum vaqt davomida kreditni so‘ndirish uchun uning bank kartasidan mablag‘ ham yechib olingan.
Surishtiruv jarayonida Oybek Ochilov nomiga bank xodimasi kredit rasmiylashtirib olgani, shuningdek, yana bir sobiq harbiy Jamshid Boynazarovga nisbatan ham shunday holat amalga oshirilgani aniqlangan. Buni uning turmush o‘rtog‘i tasdiqlagan. Qolaversa, o‘zga shaxslar nomiga rasmiylashtirib olingan kreditlar bank xodimasining Oliy sud sudyasi bo‘lib ishlovchi turmush o‘rtog‘i Sharofiddin Boliyev bank kartasidan to‘lab kelgani oydinlashgan.
Jurnalist Ruxsora G‘ofurovaning ushbu holat bo‘yicha tayyorlagan lavhasi 2024 yil 23 dekabrda “Markaziy studiya” informatsion dasturi orqali efirga berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jurnalistik surishtiruvdan so‘ng Ruxsora G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabarlar tarqaldi. Jurnalistlar uyushmasi holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, uyushma mas’ullari masalaga oydinlik kiritish maqsadida Ruxsora G‘ofurova bilan muloqotda bo‘lgan.
“Telekanalga 2024 yilning dekabr oyida fuqarolar Oybek Ochilov, Zebo Boynazarova va uning turmush o‘rtog‘i Jamoliddin Boynazarov tomonidan yozilgan murojaat xati kelgan. Ayni xat asosida «Mening yurtim» telekanali jurnalisti material tayyorlagan. Ushbu material-lavha efirga uzatilgach, bank xodimasi murojaatiga ko‘ra, poytaxtimizdagi tegishli ichki ishlar bo‘limi R.G‘ofurovadan faqatgina ayni holat yuzasidan tushuntirish xati olgan xolos. Buni R.G‘ofurovaning advokati Amrullo Ahmedov uyushmaga ma’lum qildi.
Advokatning aytishicha, 2025 yil 24 yanvar kungi holatda R.G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilmagan. Demak, R.G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan qabilida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar asossiz.
Mazkur holatni o‘rganish jarayonlarida fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirgani aytilayotgan bank xodimasining turmush o‘rtog‘i sudya ekani ma’lum qilinmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 322-moddasi 3-bandida ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar jinoyat ishi qo‘zg‘atishga sabablar va asoslar qatorida qayd etilganini eslatadi. Yuqoridagi holat bo‘yicha tegishli organlardan qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq huquqiy baho berilishini so‘raydi”, deyiladi uyushma munosabatida.
Shuningdek, Jurnalistlar uyushmasi jurnalist Ruxsora G‘ofurova bilan bog‘liq holat bo‘yicha adolatli qaror qabul qilinishi ta’minlanishiga har jihatdan ko‘maklashishini bildirgan.
Sudyalar oliy kengashi ham holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
“MY5 telekanalining “Markaziy studiya” dasturida efirga uzatilgan lavhadan so‘ng uning muallifiga nisbatan qo‘zg‘atilgani aytilayotgan ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishga sudyalar hamjamiyati vakilining ehtimoliy aloqadorligiga oid ijtimoiy tarmoqdagi xabarlar Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar odob komissiyasida o‘rganib chiqiladi”, deyiladi bayonotda.
Sudyalar oliy kengashi o‘rganish natijasi yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid

08:14 / 04.03.2025
«Slіdstvo.Іnfo»: Asirlikda halok bo‘lgan jurnalist Roshchina shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan

19:21 / 20.02.2025
Italiyalik jurnalistlar josuslik dasturi sabab hukumat ustidan prokuraturaga shikoyat qildi

18:18 / 11.02.2025
Shovotda profilaktika inspektori eri Rossiyada bo‘lgan ayolning uyida ushlandi

10:20 / 08.02.2025