O‘zbekiston | 11:52 / 23.01.2025
4663
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent–Xo‘jakent temiryo‘li Chinorkentgacha uzaytirildi

Toshkent–Xo‘jakent elektropoyezdi yo‘nalishi 1,5 kilometrga uzaytirilib, poyezdlar “Chinorkent” bekatigacha boradigan bo‘ldi. Shuningdek, Parkent tumanidagi so‘lim maskanlarga borishni qulaylashtirish uchun 24 kilometrlik Baytqo‘rg‘on–Parkent elektrlashtirilgan temiryo‘li qurilishiga start berildi.

Foto: Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli

Toshkent–Xo‘jakent elektropoyezdi qatnovi «Chinorkent» bekatigacha uzaytirildi. Bu haqda Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli xabar berdi.

Xo‘jakentdan Chinorkentgacha 1,5 km masofaga temiryo‘l qurildi, shuningdek, “Chinorkent” temiryo‘l bekati qurib bitkazildi hamda 22 yanvar kuni foydalanishga topshirildi.

Bu yerda 150 m uzunlikda perron hamda soyabon qurilib, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun sirg‘anishga qarshi plitalar o‘rnatildi hamda yo‘lovchilar uchun yerosti tunneli barpo etildi.

Endilikda Toshkentdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchilar, sayyohlar zamonaviy elektropoyezdda “Chinorkent” temiryo‘l bekatiga yetib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yo‘nalishda yangi elektropoyezd 2024 yil dekabr oyidan qatnay boshlagan.

22 yanvar kuni, shuningdek, 23,8 kilometrlik Baytqo‘rg‘on–Parkent elektrlashtirilgan temiryo‘li qurilishiga start berildi.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” xabariga ko‘ra, yangi yo‘nalish “Boshtransloyiha” AJ tomonidan loyihalashtirilgan. Qurilish ishlarini temiryo‘lchilar amalga oshiradi.

Loyiha doirasida 2 ta ajratish punkti, 4 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel turidagi yo‘l o‘tkazgich, 78 ta suv o‘tkazish inshooti, 7 ta avtomobil yo‘li va temir yo‘li kesishmasi qurilishi rejalashtirilgan.

“Ushbu yangi loyiha yakuniga yetib, foydalanishga topshirilgach, Parkent tumanining tog‘li so‘lim go‘shalariga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortishiga zamin yaratiladi”, – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid