Rossiya yuk kemasining O‘rta Yer dengizidagi halokati. Hozirgacha nimalar ma’lum?
«Ursa Mayor» ko‘p yillar mobaynida Suriyadagi rossiyalik harbiylarga ta’minot yetkazish bilan shug‘ullangandi. Rossiya tomoni unda terakt uyushtirilganini da’vo qilmoqda.

Foto: Videodan kadr
Rossiya tashqi ishlar vazirligidagilar Rossiyaning «Ursa Mayor» kemasi O‘rta Yer dengizida mashina bo‘limidagi portlashdan keyin cho‘kib ketgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. 2017 yildan 2022 yilga qadar Suriyadagi rossiyalik harbiylarga yuk yetkazib bergan ushbu kema Ispaniyaning Agilas va Jazoirning Oran shaharlari oralig‘idagi xalqaro suvlarda halokatga uchragan.
Avvalroq Ispaniyaning La Verdad nashri ham o‘z manbalariga tayanib, kemada portlash ro‘y bergani haqida xabar tarqatgandi.
Rossiyaning RIA Novosti davlat agentligi xabar qilishicha, «Ursa Mayor» kemasi egasi hodisani «maqsadli terrorchilik hujumi» deb baholaydi.
Cho‘kkan yuk kemasi tegishli bo‘lgan «Oboronlogistika» kompaniyasi vakili agentlik bilan suhbatda ekipaj a’zolari portlash ovozlarini eshitishgani haqida aytib bergan.
«Kema ekipaji a’zolari ko‘rsatmasiga ko‘ra, (Moskva vaqti bilan) 2024 yil 23 dekabr kuni soat 13:50 da bortning orqa qismidagi o‘ng tomonda ketma-ket uch marta portlash ro‘y bergan», — deya kompaniya matbuot xizmati vakilining so‘zlarini keltiradi RIA Novosti.
Agentlik suhbatdoshlari bu hujum ortida kim turgan bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.
Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, ekipajning 14 a’zosi qutqarib olingan va Ispaniyaning Kartaxena portiga yetkazilgan, ammo ikki dengizchi bedarak yo‘qolgan.
«Oboronlogistika» kompaniyasiga tegishli kema Sankt-Peterburgdan 11 dekabr kuni chiqqandi va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra «port infratuzilmasini yaxshilash» maqsadidagi yuklar bilan Vladivostokka suzayotgandi, deb qayd etadi «Mediazona». Kema egasi o‘z floti flagmani bo‘lgan «Ursa Mayor» Vladivostokka har biri 380 tonna og‘irlikdagi ikkita port krani, ikkita kran maxsus moslamasi, kemalarda qo‘llanadigan va vazni 45 tonna bo‘lgan ikkita lyuk qopqoqlari, qopqoqlar uchun uskunalar bilan jihozlangan 20 futlik konteyner va 129 ta bo‘sh konteyner bilan suzgan.
Ispaniyadagi Salvamento Marítimo dengizda qutqaruv agentligi 14 kishi qutqaruv shlyupkasida topilgani va xavfsiz tarzda Ispaniyaga olib ketilganini ma’lum qilgan, keyin esa kema halokatga uchragan hududga qutqaruv amaliyotiga rahbarlikni qabul qilish uchun Rossiya harbiy kemasi yetib kelgan.

«Ursa Mayor» kemasi Rossiyaning sanksiya ostidagi boshqa bir kemasi bo‘lgan «Sparta» bilan bir joyda turgan. O‘tgan haftada bu ikki kemani qo‘riqchilar nazorati ostida La-Mansh yo‘nalishida harakatlanayotganida ko‘rishgandi.
Oldinroq OSINT-tahlilchilar Rossiya flotiliyasi katta ehtimol bilan Suriyadagi rossiyalik harbiylar va texnikalarni evakuatsiya qilish uchun O‘rta Yer dengiziga kirib kelganiga e’tibor qaratgandi. Uning tarkibida uchta katta desant kema, shuningdek «Sparta» va «Ursa Mayor» savdo kemalari bo‘lgan.
Dekabr oyida ukrain harbiy razvedkasi «Sparta» Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin Suriyadagi harbiy mulklarini olib ketish maqsadida Suriya sohilidagi Tartus shahrida joylashgan harbiy-dengiz bazasiga yo‘l olgani haqida xabar qilgandi.
Kreml rasmiy vakili dushanba kuni Rossiya ushbu mamlakatdagi ikkita harbiy obekti kelajagi borasida Suriyadagi yangi hukumat bilan ham diplomatik, ham harbiy kanallar orqali aloqada bo‘lib turganini ma’lum qilgandi.

Garchi seshanba kuni «Sparta»ning navbatdagi manzili Misrdagi Port-Said porti etib belgilangani haqida xabar tarqalgan bo‘lsa-da, «Ursa Mayor»ning egasi bo‘lgan «Oboronlogistika» kompaniyasi Tartusga yuk tashishda faol ishtirok etgan.
Dengiz transportini monitoring qiluvchi LSEG sayti vakili BBC bilan suhbatda aytishicha, kemaning avtomatik identifikatsiya tizimi (AIS) ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 11 dekabrdan «Ursa Mayor» manzili sifatida Vladivostok ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, sentabrdagi reysda manzil Tartus bo‘lgandi.
Dushanba kuni Ukraina razvedka bosh boshqarmasi «Sparta» kemasi Portugaliya sohillari yaqinida safdan chiqqani, ammo muammoni bartaraf etishga muvaffaq bo‘linganini xabar qilgandi. «Ursa Mayor»ni «Sparta III» deb ham atashgan, shu tufayli gap aynan qaysi kema haqida ketganini aytish qiyin.
«Ursa Mayor»dagi portlashga nima sabab bo‘lgani ham noma’um.
Ammo «Ross Si» tankeridan dushanba kuni Grinvich bo‘yicha soat 12:00 va 13:00 oralig‘ida olingan va BBC tomonidan haqiqiyligi tasdiqlangan videoda yuk kemasi bir tomonga qiyshayib qolganini ko‘rish mumkin.
Kema seshanba kuni Grinvich vaqti bilan soat taxminan 01:20 larda cho‘kib ketgan.
«Ursa Mayor» 2009 yilda yasalgandi. Rossiya 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirgach, kema egasining rossiyalik harbiylarga yuk tashishdagi ishtiroki tufayli unga sanksiyalar joriy etilgandi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekistonda keyingi hafta jazirama issiq bo‘ladi
O‘zbekiston | 15:46 / 13.06.2025
G‘arb Isroil Eronga zarba berishidan xavotirda. Bu haqda nimalar ma’lum va oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?
Jahon | 21:01 / 12.06.2025
Qizaloqqa qarshi armiya: Greta Tunberg G‘azoga yetib borolmadi
Jahon | 17:45 / 11.06.2025
So‘m 2 haftada 2 foizga mustahkamlandi. Qanday qilib?
Iqtisodiyot | 18:57 / 10.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Eronning ajalvor hujumi va Tehronda navbatdagi portlashlar. Urushning uchinchi kunidagi asosiy voqealar
Jahon | 21:42 / 15.06.2025
-
Urush boshlandi, Netanyahu eronliklarni isyonga chorladi – hafta dayjesti
Jahon | 20:41 / 15.06.2025
-
Kun.uz’ning rasmiy Telegram kanalidagi nojoiz reklamalar yuzasidan obunachilarga murojaat
Jamiyat | 20:03 / 15.06.2025
-
Kiyevda Boeing ofisi zarbaga uchragan, Tataristonda dron zavodiga hujum qilindi
Jahon | 19:45 / 15.06.2025
Mavzuga oid

18:26 / 05.06.2025
Tinch okeanida 3 mingta avtomobil ortilgan kema yonib ketdi

15:18 / 18.05.2025
Nyu Yorkda Meksika harbiy kemasi Bruklin ko‘prigiga urildi. Qurbonlar bor

18:41 / 16.05.2025
Suriya Rossiyani Tartus portidan chiqarib yubordi va uni BAAga topshirdi

08:40 / 13.05.2025