Jahon | 13:53 / 01.01.2024
9487
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan YeIga olmos importiga qo‘yilgan taqiq kuchga kirdi

Yevropa sanksiyalarining 12-paketiga ko‘ra, Rossiya olmoslarini Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kirishga qo‘yilgan embargo 2024 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.

Foto: ALEXANDER NEMENOV/AFP via Getty Images

1 yanvar, dushanba kuni Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga nosanoat tabiiy va sintetik olmoslar hamda zargarlik buyumlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kirishga to‘liq taqiq kuchga kirdi. Bu Yevropa Ittifoqining Rossiya Federatsiyasiga qarshi ilgari qabul qilingan 12-sanksiya paketiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Uchinchi mamlakatlarda qayta ishlangan rus olmoslariga Yevropa embargosi   keyinroq - 2024 yil 1 martdan 1 sentabrgacha kuchga kiradi. Ekspertlar hamjamiyatiga ko‘ra, Rossiya olmos savdosidan yiliga 3,7 mlrd yevrodan 4,6 mlrd yevrogacha daromad oladi, deb eslatadi AFP.

Neft narxi chegarasi bo‘yicha shartlar kuchaytirilishi 

Bundan tashqari, 12-sanksiya paketi Rossiya neftining uchinchi davlatlarga eksporti bo‘yicha narx chegarasini kuchaytirishni nazarda tutadi. Yevropa kompaniyalari Rossiya Federatsiyasidan G‘arb davlatlari tomonidan kiritilgan neft uchun «narx shiftiga» rioya qilayotgani to‘g‘risida dalillarni taqdim etishi kerak bo‘ladi. 

Paket, shuningdek, Rossiyaga eksporti Yevropa Ittifoqining cheklovchi choralariga duchor bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini kengaytiradi. Boshqa narsalar qatorida, taqiq litiyli batareyalar, termostatlar va kimyoviy mahsulotlarning bir qator toifalarini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, yangi sanksiyalar paketi doirasida Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlovchi 140 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan cheklovlar joriy qildi. 

AQShning yangi sanksiyalari

Avvalroq, 22 dekabr kuni AQSh prezidenti Jo Baydenning farmoni bilan moliyaviy institutlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksi manfaatlarini ko‘zlab, Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlasa, ularga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan edi.

Rossiya mudofaa sanoati manfaati yo‘lidagi faoliyat uchun moliya institutlari Vashingtonning sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan «har qanday shaxs manfaatlarini ko‘zlab yoki uning nomidan muhim operatsiyalarni amalga oshirgan» yoki bunday operatsiyalarni amalga oshirishga yordam bergani uchun jazolanishi mumkin. Bunday bitimlar cheklovlarga duch keladi, deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid