O‘zbekiston | 15:30 / 14.12.2023
39644
2 daqiqa o‘qiladi

«Metan zapravka»larga kiritilgan cheklov bekor qilinadi

Toshkent shahri va 5 viloyatdagi gaz to‘ldirish shoxobchalarining faoliyati qisqa fursatda tiklanishi kutilmoqda. Avvalroq, anomal sovuq tufayli gaz bosimining pasayishi fonida metan shoxobchalarining ish vaqtiga cheklov kiritilgandi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahri va beshta viloyatdagi cheklovlar kiritilgan gaz zapravkalar faoliyatini qisqa fursatda tiklash maqsadida tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda «Hududgazta’minot» matbuot xizmati xabar berdi.

«Ayni vaqtda cheklovlar kiritilgan poytaxt, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi AGTKShlar faoliyatini qisqa fursatda tiklash maqsadida tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, «Hududgazta’minot» tomonidan hozirgi vaqtda tabiiy gazni teng taqsimlash va iste’molchilarga bir maromda yetkazib berish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Tabiiy gaz to‘liq hajmda yetkazib berilyapti, yetishmovchilik kuzatilmayapti. Ammo ayrim joylarda iste’mol ortgani sababli gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda va iste’molchilar tomonidan murojaatlar kelib tushmoqda.

Muammolar kuzatilgan joylarda gaz ta’minotini yaxshilash borasida soha mutaxassislari tomonidan barcha kerakli ishlar davom ettirilmoqda. 2023 yilning 13 dekabr kuni gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilarga 113,5 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bundan tashqari, suyultirilgan gaz iste’molchilariga 2223 tonna yoqilg‘i yetkazilgan.

  • Bundan avvalroq, aholi iste’molchilarida uzilishlarning oldini olish maqsadida 13 dekabr kuni Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi AGTKShlarning faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritilgandi. «Hududgazta’minot» hozirgi vaqtda belgilangan grafik bo‘yicha 1179 tadan 547 AGTKSh ishlayotganini ma’lum qilgandi

Mavzuga oid