Jahon | 14:49 / 14.11.2023
20366
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya rasmiy nashrlari Dnipro yoqasidagi qo‘shini chekinayotgani haqida xabar tarqatib, keyin o‘chirib tashladi. U yerda nimalar bo‘lmoqda?

TASS va RIA Novosti Dnipro daryosining chap sohilidagi Rossiya qo‘shinlari «qayta guruhlanayotgani» haqida xabar tarqatdi - keyin esa o‘z xabarlarini o‘chirib yubordi. RF mudofaa vazirligi buni provokatsiya deb atadi, Ukraina QK esa bu Ukrainaga qarshi axborot xuruji ekanini bildirdi.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya davlat axborot agentliklari «Dnepr» guruhi qo‘mondonligi Dnipro daryosi yoqasidagi qo‘shinlarni sharqqa olib ketishga qaror qilgani haqida xabar tarqatdi. Bunday xabar 13 noyabr kuni soat 11 da RIA Novosti va TASS tomonidan e’lon qilindi. «Mavjud vaziyatni baholab, „Dnepr“ guruhi qo‘mondonligi qo‘shinlarni Dneprning sharqidagi qulayroq pozitsiyalarga o‘tkazishga qaror qildi, deb xabar qildi Rossiya mudofaa vazirligi. Vazirlik qayta guruhlash ishlaridan so‘ng, „Dnepr“ boshqa yo‘nalishlarda hujum paytida ishlatiladigan kuchlarning bir qismini ozod qilishini qayd etgan»,— deyilgan RIA Novosti telegram-kanalida joylashtirilgan xabarda.

Taxminan 10 daqiqa o‘tib davlat axborot agentliklari o‘z xabarlarini o‘chirib yubordi. TASS «qayta guruhlash» to‘g‘risidagi xabar «xatolik» bilan chiqib ketganini ma’lum qilgan. «Biz obunachilarimiz va o‘quvchilarimizdan uzr so‘raymiz», — deyiladi ikkinchi xabarda. «2023 yil 13 noyabr  kuni soat 10:50 da „,Dnepr‘ guruhi qo‘shinlari nisbatan qulayroq pozitsiyaga o‘tkazilayotgani“ to‘g‘risidagi xabar bekor qilindi», — deyiladi RIA Novosti saytida.

RF mudofaa vazirligi «qayta guruhlanish» to‘g‘risidagi xabarni «provokatsiya» deb atagan. «Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot markazi nomidan Dnipro hududida qo‘shinlarning go‘yoki „qayta guruhlangani“ haqidagi yolg‘on xabar tarqalishi provokatsiyadir», — deyilgan RBK so‘roviga javoban vazirlikda. «Ostorojno, novosti» telegram-kanali RIA Novostidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, agentlik qo‘shinlar olib ketilishi haqidagi ma’lumotni RF mudofaa vazirligining «taxminlarga ko‘ra, Ukraina hududidan turib yuritiladigan» soxta akkauntidan olgan. Buni tasdiqlovchi boshqa manbalar yo‘q.

RF prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov barcha savollar rossiyalik harbiylarga berilishi kerakligini bildirdi. «Bu nima bo‘lganda ham mutaxassislar, professionallarning, ya’ni bizning harbiylarning huquqi», — degan Kreml rasmiysi.

Ukraina armiyasi «qayta guruhlanish» to‘g‘risidagi xabarni «Ukrainaga qarshi axborot xuruji» deb atagan. Milliy qarshilik markazi (Ukraina QK maxsus amaliyotlar kuchlari tomonidan tuzilgan) esa, o‘z navbatida, mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu hududda Rossiya qo‘shinlarining harakatida o‘zgarishlar qayd etilmagan.

Frontning mazkur uchastkasidagi vaziyat haqida qisqacha

Ukraina qo‘shini bir yil muqaddam Xersonni ozod etgan, Rossiya armiyasi esa yarim yildan ortiq vaqt davomida okkupatsiya ostida bo‘lgan hududlarni tashlab chekingan va Dnipro daryosining chap sohilida yangi mudofaa chizig‘ini barpo etishga kirishgandi.

Xerson yo‘nalishida (Rossiya tomondan bu yo‘nalishga «Dnepr» guruhi javob beradi. 2023 yil oktyabr oyi oxirida «Dnepr» qo‘shinlari guruhi qo‘mondonligiga general-polkovnik Mixail Teplinskiy tayinlangani ma’lum bo‘ldi.) jiddiy o‘zgarishlar yo‘q.  So‘nggi kunlarda ukrain harbiylari daryoning chap sohiliga o‘tib, asosiy o‘zan va uning irmog‘i — Konka daryosi oralig‘idagi hududda yangi pozitsiyalarda o‘rnashishga va platsdarmni kengaytirishga harakat qilmoqda. BBC ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan haftada ukrain qo‘shini Krinki posyolkasining katta qismini egallagan va bu yerga og‘ir texnikalarini olib o‘tgan. Ammo qishloqning sharqiy qismini rossiyalik harbiylar o‘z nazoratida ushlab turibdi. Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari daryoning chap sohili bo‘ylab — Xersondan Nova Kaxovkagacha — taxminan 10–20 kilometr ichkaridagi pozitsiyalarga dronlar orqali ham hujum qilmoqda va artilleriya zarbalari yo‘llamoqda. Ukraina qurolli kuchlaridagi manba ukrain harbiylari ushbu pozitsiyadan nisbatan kengroq ko‘lamdagi yurishni boshlash — Rossiya qo‘shinlarini bo‘lib yuborish hamda ularning ta’minot liniyasini kesib qo‘yishni maqsad qilgan.

Frontning ushbu uchastkasidagi hozirgi vaziyatga olib kelgan voqealar ketma-ketligi:

  • 2022 yil 11 noyabrda Xerson oblastining o‘ng sohildagi qismi ozod etilgach, Dnipro daryosi o‘zani va Kaxovka GES to‘g‘onidan quyi qismidagi irmoqlari hosil qilgan orollar Ukraina qurolli kuchlarining desant amaliyotlari nishoniga aylandi.
  • 2022 yil mart oyio xirida Ukraina QK otryadlari katerlarda suzib kelib, Dniprodagi Katta Potyomkin orolini, shuningdek, Belogrudov orolining ham bir qismini egallab olishga muvaffaq bo‘ladi.
  • May oyiga kelib UQK Rossiya qo‘shinlarini Xersonga yaqin joylashgan orollarning aksaridan siqib chiqaradi — RF QK yuqoriroqda joylashgan o‘ng sohildan beriladigan artilleriya zarbalari tufayli oldingi pozitsiyalarini qaytarib ololmaydi.
  • Iyul oyida UQK kichik otryadlar bilan Antonov ko‘prigi atrofida barqaror platsdarm yaratishga urinadi, ammo bu yo‘nalishdan hujumni rivojlantirishning imkoni bo‘lmaydi.
  • Oktyabr oyi o‘rtalaridan boshlab UQK Dnipro ustidan o‘tgan temiryo‘ldan sharqdagi orollarda, daryoning asosiy o‘zani va uning irmoqlari, birinchi navbatda Konka daryosi oralig‘ida bir qancha barqaror platsdarmlar tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda ukrain qo‘shini oqimning yuqori qismida, Kaxovka GESga qadar bo‘lgan hududdagi aholi yashamaydigan orollarning deyarli barchasini o‘z nazoratiga olgan. Shu bilan birga, ushbu orollarga tutashgan va nisbatan balandlikda joylashgan aholi yashash manzillari (Aleshki, Kozachi Lageri, Korsunka, Dnipryani qishloqlari) Rossiya kuchlari nazoratida qolmoqda.
  • Ukraina kuchlarining mazkur hududdagi asosiy platsdarmiga eng yaqin joylashgan Krinki qishlog‘ida ayniqsa o‘ziga xos vaziyat rivojlanmoqda. Ukraina QK bu yerda Konka daryosini kechib o‘tib, qishloqning kamida g‘arbiy qismini egallagan, Rossiya qo‘shini ukrain desanti bo‘ylab zarbalar berayotgani aks etgan ko‘p sonli videolar ham shundan darak beradi. Ukrain harbiylari desanti kamikadze-dronlar vositasida Rossiya qo‘shinlarining joylashuv manzillari bo‘ylab yoppasiga hujumlar uyushtirilishi orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda. 11 noyabr holatiga ko‘ra, qishloqdan janubdagi o‘rmonzorda ham shiddatli janglar olib borilayotgandi.

«Bu harbiy harakatlar mantig‘iga umuman mos kelmaydi»
BBC Rus xizmati harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev — bu xabar nima uchun haqiqatdan yiroq ekani haqida

Rossiya nashrlari Dnipro yoqasidagi qo‘shinlar qayta guruhlanayotgani haqida mudofaa vazirligi nomidan yanglish tarqatilgan xabar shaklan ishonchli ko‘rinadi, ammo mazmunan emas.

Rossiya mudofaa vazirligi oldingi chekinishlar chog‘ida ham qo‘shinlarni «qulayroq pozitsiyalar»ga olib o‘tish atamasidan foydalangan va auditoriyani bu orqali vaziyat faqat yaxshilanishiga ishontirgan.

Ammo agar o‘tgan yil kuzida Izyum, Liman va Xerson atrofidagi «qayta guruhlanish» to‘g‘ridan to‘g‘ri qurshov va qirib tashlanish xavfi bilan bog‘liq obektiv zarurat tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, Xerson oblastining bosib olingan qismida hozirda yuzaga kelgan vaziyat xavotirli bo‘lsa-da, Rossiya qo‘shini uchun u qadar katta tahdid solmayapti.

Ukraina qurolli kuchlari Dniproning chap sohilida platsdarmlar tashkil etishga urinmoqda. Ular Krinki qishlog‘i atrofiga desant tushirgan va Rossiyaning shartnoma asosida xizmat qiluvchi bo‘linmalari hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Endi ular chap sohilga suzib o‘tayotgan bo‘linmalar miqdorini oshirmoqda, ularni zirhli texnikalar bilan kuchaytirmoqda va nazorat zonasini asta-sekinlik bilan kengaytirmoqda.

Rossiya qo‘mondonligi bu yo‘nalishda yirik guruh jamlagan, ammo hozircha asosiy kuchlarni jangga tashlamagan. Buning bir qancha sabablari bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, Dniproning o‘ng sohilida joylashtirilgan Ukraina artilleriyasi ustunligi o‘z so‘zini aytmoqda — kuchlarning bunday nisbatida ukrain platsdarmlariga yoppasiga hujum uyushtirish oqlab bo‘lmaydigan katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.

Ikkinchidan, Ukraina tomoni rejasi noma’lum — Krinki atrofiga desant tashlanishi chalg‘ituvchi manyovr bo‘lishi, asosiy zarba esa boshqa joyda berilishi mumkin.

«Dnepr» guruhi javobgar bo‘lgan qirg‘oq chizig‘i uzunligi Kinburn qumlog‘ining uchidan Energodargacha taxminan 300 km masofani tashkil etadi, Ukraina QKning desant operatsiyasi istalgan uchastkada amalga oshirilishi mumkin, Rossiyadagi zaxira kuchlari esa barcha hududni qamrashga yetmaydi va ular u qadar mobil ham emas.

Ko‘rinib turibdiki, Rossiya qo‘mondonligi, bir tomondan, Krinki atrofidagi vaziyatni o‘nglashni istaydi, boshqa tomondan — tavakkal qilmoqchi emas. Va hozirgacha Dniproning chap sohilidagi ukrain platsdarmlari muammosini cheklangan kuchlarning hujumlari bilan hal qilishga urinmoqda.

Nima bo‘lganda ham, Rossiya qo‘shinlarining sharq tomon chekinishi harbiy harakatlar mantig‘iga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Dnipro bo‘yidan sharqqa ketib, dushmanni katta qiyinchilik bilan jang olib borilayotgan platsdarmlarni osonlik bilan egallash va mustahkamlashga taklif qilishning nima keragi bor?

Rossiya armiyasi Xerson oblastining janubi-g‘arbida ulkan hududlarni ochiq qoldirib, Qrim tomon yo‘l bo‘shatishi uchun darhol barchaga ma’lum bo‘ladigan qandaydir dramatik voqea ro‘y berishi talab etiladim.

Ammo shunga o‘xshash hech narsa ro‘y bergani yo‘q.

Mavzuga oid