Jahon | 09:43 / 22.09.2023
4441
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden: Abrams tanklari keyingi haftadan Ukrainaga yetkazib beriladi

Bayden va Zelenskiy Ukraina mudofaa qobiliyatini oshirish masalasini muhokama qildi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden Amerikaning dastlabki Abrams tanklari kelasi hafta Ukrainaga yetkazilishini aytdi

Bayden va uning rafiqasi Jill Bayden Oq uyda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va uning rafiqasi Yelena Zelenskayani qabul qildi. Liderlar ikki tomonlama va delegatsiya uchrashuvlaridan keyin kameralar qarshisiga chiqdi. 

Ukraina xalqining jasoratini olqishlagan Bayden, Rossiyaning Ukraina va NATOni yo‘q qila olishiga ishonishi noto‘g‘ri ekanini aytdi. 

Bayden Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda Ukrainaga o‘z hududini qaytarish uchun humanitar hamda harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishini ta’kidladi. 

Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiladigan adolatli va mustahkam tinchlik tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlagan Bayden, Rossiya tinchlikka to‘siq ekanini va agar xohlasa, bugunoq urushni tugatishi mumkinligini ta’kidladi. Buning o‘rniga, Baydenning ta’kidlashicha, Rossiya Eron va Shimoliy Koreyadan ko‘proq qurol sotib olmoqchi. 

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi

AQShning Ukrainaga 325 million dollarlik yangi harbiy yordami to‘g‘risida e’lon qilar ekan, Bayden paketga ko‘proq o‘q-dorilar va jihozlar kiritilganini aytdi. 

Bayden shunday dedi: «Amerikaning birinchi Abrams tanklari keyingi hafta Ukrainaga yetkaziladi». 

Ukrainaning havo mudofaa salohiyatini kuchaytirishga ham e’tibor qaratilganini bildirgan Bayden, bu kontekstda Ukrainaga qo‘shimcha jihozlar yetkazib berilishini qayd etdi. 

AQSh Ukraina kelajagining bir qismi sifatida islohotlar va moliyalashtirishda ham yordam berishini tushuntirgan Bayden, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. 

Ukraina prezidenti AQShga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv samarali o‘tganini qayd etdi. 

Zelenskiy Ukrainaning mudofaa qobiliyatini oshirish, qishda havo mudofaasini kuchaytirish va g‘alla eksporti kabi mavzularda muayyan qadamlar haqida kelishib olinganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar tinchlik formulasi ustida ishlashda davom etadi. 

Mavzuga oid