Jahon | 10:08 / 14.09.2023
3513
3 daqiqa o‘qiladi

YeK rahbari Kiyevning YeIga a’zolik yo‘lidagi «katta qadamlari»ni olqishladi

Nomzod maqomini olgan Ukraina Yevropa Ittifoqi tomon qat’iy qadam tashladi. Bu qadamlarni qadrlash kerak, dedi Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen.

Ursula fon der Lyayyen Foto: Jean-Francois Badias/AP Photo/picture alliance

Ukraina nomzod maqomini olganidan beri Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida katta qadamlar tashladi, biroq to‘liq a’zolik erishilgan natijalarga asoslanadi va hali qilinadigan ishlar ko‘p, dedi Yevrokomissiya (YeK) raisi Ursula fon der Lyayyen 13 sentabr, chorshanba kuni Yevropa parlamentiga yillik murojaatida. 

«Biz bilamizki, bu oson yo‘l emas. Qo‘shilish natijalarga asoslanadi. Buning uchun mashaqqatli mehnat va yetakchilik talab etiladi. Lekin ko‘p yutuqlarga erishildi. O‘shandan beri Ukraina juda katta qadamlar qo‘yganini ko‘ryapmiz. Uning qat’iyatini qadrlash vaqti keldi. Menimcha, Yevropa Ittifoqi 30 dan ortiq davlatlar bilan ham ishlay oladi», dedi fon der Lyayyen. 

Yevroparlament ayni damda Kiyev dekabr oyida YeIga a’zolikning yangi bosqichini – Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni rasman boshlashi kerakmi, degan munozaraga kirishmoqda. Buning shartlaridan biri Ukrainaning korrupsiyaga qarshi kurashda aniq natijalarni namoyish etishi bo‘lib qoladi. Ukrainadan tashqari, Moldova va G‘arbiy Bolqonning beshta davlati Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun harakat qilmoqda. 

Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlash 

Yevrokomissiya rahbari Yevropa Ittifoqi Rossiya harbiy harakatlaridan qochgan ukrainaliklarni himoya qilishning maxsus mexanizmini uzaytirishini aytdi. «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etadi», deb ishontirdi Ursula fon der Lyayyen. 

«Urush boshlanganidan beri 4 million ukrainalik bizning ittifoqdan boshpana topdi. Shuni aytmoqchimanki, ular birinchi haftalarda bo‘lgani kabi, bugun ham xush kelibsiz. Yevrokomissiya ukrainaliklarning Yevropa Ittifoqidagi vaqtinchalik himoyasini uzaytirishni taklif qiladi», — dedi Yevrokomissiya rahbari.

Yevropa komissiyasi rahbari murojaatidagi boshqa mavzular

Ursula fon der Lyayyen o‘z murojaatida Yevropa Ittifoqida inflatsiyaga qarshi kurash, yashil energiyani ilgari surish, odam savdosiga qarshi turish va boshqa bir qator mavzularga ham to‘xtalib o‘tdi. 

U Yevropa Ittifoqining Xitoydan elektromobillar uchun davlat subsidiyalarini tekshirish niyatida ekanini e’lon qildi. «Ushbu mashinalar narxi davlat tomonidan ajratilayotgan ulkan subsidiyalar tufayli sun’iy ravishda pasaytirilgan va bu bizning bozorimizni buzmoqda. Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Jahon bozorlari Xitoyning arzonroq elektromobillari bilan to‘lib ketgan», - dedi u. 

Tekshiruv XXRga nisbatan jazolovchi bojxona to‘lovlarini joriy etishga olib kelishi mumkin. Hozirda bir qator iqtisodiyot tarmoqlarida Yevropa Ittifoqining Xitoy kabi davlatlarga qaramligini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. 

Mavzuga oid