O‘zbekiston | 21:42 / 11.08.2023
19848
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyati bosh soliqchisi Marg‘ilonga hokim bo‘ldi

Shukurulloxon Nisbatxonov Marg‘ilon shahar hokimi etib tayinlandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Bugun, 11 avgust kuni Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida lavozimidan ozod etilgan Adhamjon Ziyovuddinov o‘rniga yangi shahar hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Shukurulloxon Xolmatxonovich Nisbatxonov nomzodi Marg‘ilon shahar deputatlari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Shukurulloxon Nisbatxonov 1969 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. 1988 yili Marg‘ilon reja-iqtisod texnikumini, 1997 yilda esa Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – iqtisodchi.

Mehnat faoliyatini 1992 yilda Yozyovon tumani davlat soliq inspeksiyasida davlat soliq inspektori lavozimida boshlagan. Keyinroq Farg‘ona viloyati davlat soliq boshqarmasida ishlagan, 2019 yilda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, 2020 yilda boshqarma boshlig‘i bo‘lgan.

2022 yil aprelida esa Qashqadaryo viloyati DSB boshlig‘i lavozimiga o‘tkazilgandi. 2023 yil 10 avgust kuni Shuhratali Imomov Nisbatxonov o‘rniga Qashqadaryo viloyati DSB boshlig‘i etib tayinlandi.

  • Adhamjon Ziyovuddinov Marg‘ilon shahriga 2020 yil aprelidan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi. U 2023 yil iyul oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishdan olingandi.
  • Bundan oldinroq Bahodir Xoliqov Rishton tumani hokimi etib tayinlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid