O‘zbekiston | 18:36 / 06.03.2023
7727
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalariga rossiyalik onkologlar dars o‘tishmoqda

Rossiyaning yirik onkologlari uch kun davomida TTA talabalariga dars o‘tishadi. Rossiyaning Bloxin nomidagi onkologiya milliy tibbiyot ilmiy tadqiqot markazi delegatsiyasi shu maqsadda O‘zbekistonga keldi.

Toshkent tibbiyot akademiyasiga Rossiyaning Bloxin nomidagi onkologiya milliy tibbiyot ilmiy tadqiqot markazi delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Joriy yilning 4-7 mart kunlari delegatsiya a’zolari tomonidan akademiya talabalariga darslar, davra suhbatlari, amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Biz xalqaro darajadagi onkolog shifokorlar bilan hamkorlik doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasiga keldik. Umumiy tibbiyot maktabidan kelib chiqqan holda umumiy til qadriyatlariga ega, umumiy madaniy qadriyatlarga ega xalqlar sifatida ushbu akademiya bilan ko‘p yillar davomida hamkorligimiz davom etib keladi.

Delegatsiya tarkibida Bloxin nomidagi onkologiya milliy tibbiyot ilmiy tadqiqot markazi rahbari va yetakchi mutaxassislari bor. Ayni paytda to‘rtta auditoriyada talabalarga dars o‘tyapmiz.

Saratonning barcha turlari, jumladan, ko‘krak bezi saratoni xastaligining kelib chiqish sabablari va davolash usullari yuzasidan chuqurroq yondashuv olib bormoqchimiz.

Bu onkologlarimizning Toshkent tibbiyot akademiyasiga birinchi tashrifi emas va bundan keyin ham ko‘p tashriflar va tajriba almashishlar bo‘ladi”, – dedi Bloxin nomidagi onkologiya milliy tibbiyot ilmiy tadqiqot markazi mutaxassisi Aleksandr Petrovskiy.

Mehmonlar TTA qoshidagi klinika va markazlarda talabalarga master-klasslar o‘tishadi. Bu haqda akademiyaning Urologiya kafedrasi professori Shuhrat G‘iyosov shunday dedi:

“Moskvalik 8 nafar tajribali onkologlar akademiyadagi magistr va bakalavrlarimizga dars o‘tishmoqda. Bu darslarda onkologiyaning eng katta muammolari, bemorlarni davolashning zamonaviy usullari muhokama qilinadi. Bloxin nomidagi onkologiya milliy tibbiyot ilmiy tadqiqot markazi direktor o‘rinbosari professor Vsevolod Matveyev tomonidan bizning urologiya kafedramizda ham shunday anjuman o‘tkazilyapti.

Bu hamkorlikdan talabalar birinchi o‘rinda rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganishadi. Ular olayotgan bilimlarini yanada mustahkamlashlariga yordam beradi. Onkologiya kasalliklarning turli bosqichlarida ularni aniqlash va davolash uslublarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib amalga oshirishadi”.

Yetakchi ekspertlarning bunday tashriflari TTAda muntazam yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi ikki yil ichida 300 dan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchilar va xalqaro ekspertlar akademiyada amaliyotlarda bevosita ishtirok etishmoqda.

Toshkent tibbiyot akademiyasining xalqaro hamkorligini rivojlantirish, tibbiyot xodimlarini tayyorlash darajasi va sifatini muvofiqlashtirish, oliy tibbiy ta’limning zamonaviy jahon standartlariga ega bo‘lishi universitetning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Reklama

Mavzuga oid

E`lonlar