“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Ruxshona Sobirova navoiylik, o‘qituvchilar oilasida voyaga yetgan. U Amerikadagi Pensilvaniya universitetida o‘qish uchun 370 ming AQSh dollari miqdorida to‘liq grantni qo‘lga kiritdi.
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz” deyishgan
Ingliz tilidan tayyorgarlikni maktabda 8-sinfdan boshlaganman. 9-sinfda birinchi marta IELTS topshirganimda 7 ball chiqdi. O‘zim 7,5-8 ball kutganim uchun bundan o‘zimdan boshqa hamma xursand bo‘lgan. Lekin o‘zim yig‘lab yuboray deganman. Shunda matematika o‘qituvchim menga chet el universitetlariga hujjat topshirishni maslahat berdi.
Ota-onam hech qachon bizga qarshilik qilishmagan, xorijda o‘qish istagini bildirganimda “agar o‘zing shuni istasang, harakat qilsang – o‘qitamiz. Universitetga kirguningcha o‘qishingga investitsiya yoki yordam, repetitor, tyutor, mentorlar kerak bo‘lsa hammasiga yordam bera olamiz. Lekin grantga kirishing kerak. Chunki kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz” deyishgan. Chunki Amerika universitetlarining kontrakti bir yilga 100 ming dollargacha boradi. Bu o‘rtahol o‘zbek oilasi uchun to‘lash qiyin bo‘lgan summa.
Ko‘p harakat qildim. Maktabdan tashqari loyihalar, insholar tayyorlashda o‘zim mentorsiz, mustaqil izlandim. Birinchi yil kira olmaganman, ikkinchi yil tayyorlanib yana topshirganman – yana kira olmaganman. Inson shuncha harakat qilsa, unga loyiq narsa berilmaydimi deb juda ko‘p stresslarga tushib qolardim. Shunda ota-onam “Bu safar mentor bilan urinib ko‘ramiz, boshqacharoq tayyorlanasan. Ishtiyoqingni ko‘rib, sezaman – baribir kirasan, qizim” deb qo‘llab-quvvatlashgani uchun o‘sha holatlardan chiqib keta olganman. Hozirgi yutuqlarimga eng katta hissani ota-onam qo‘shgan.
Orzular orzuligicha qolmasligi kerak
Orzularim orzuligicha qolib ketmasligi, keyinchalik armon bo‘lmasligi uchun 3-marta yana urinib ko‘rdim. Bu safar mentor, kurslar, tajribali ekspertlar bilan tayyorlandim. O‘rtacha o‘qituvchining ish haqini olib qaraganda bu kurslar ancha qimmatlik qiladi. Buning uchun kezi kelganda ba’zi narsalardan kechishga to‘g‘ri kelgan. Masalan, o‘zimga yangi ko‘ylak olmasligim yoki dadam o‘tirishlarga bormasligi kerak bo‘lgan. O‘zimga o‘zim ishonmagan paytlarda ota-onam menga shunchalik ishonch bildirishganidan keyin shuni oqlash uchun ham harakat qilganman.
Stereotiplarni yengganman
O‘zbekistonda qizlarga investitsiya kiritishda stereotiplar bor. Men shuni yengganman, maktabda olimpiadalarda matematikadan, rus, ingliz tili fanlaridan qatnashardim – ko‘pchilik o‘g‘il bolalar bo‘lardi raqiblarim. Negadir ota-onalar ko‘proq o‘g‘il bolalarga kiritishadi investitsiyani. Men qiz bola bo‘lganim uchun fikrlashim, qobiliyatim o‘g‘il bolanikidan kam emas degan fikr bo‘lgan. Lekin mening ota-onam yoshligimdan ishtiyoqimni ko‘rib, imkon berishgan. Chunki o‘g‘il bolaga ham, qiz bolaga ham imkoniyat birday beriladi. Harakat qilsa, qiz bola ham uddalay oladi. Shu yil xorijga hujjat topshirganimizda ham o‘zbekistonlik ishtirokchilardan 3 nafarimiz qabul qilindik: 2 nafar o‘g‘il bola va men.
Hujjat topshirganimdan keyin 2024 yilning 20 dekabr kuni imtihon javoblari chiqishi kerak edi. Elektron pochta orqali yuboriladi. Ertalab saharda ko‘rdim, lekin o‘sha xatni ochishga qo‘rqqanman. Kira olmayman degan fikr bor edi, lekin qilgan harakatlarimni o‘ylasam umid uyg‘onardi. Pochtani ochib ko‘rganimda o‘qishga qabul qilinganim haqida aytilgan edi. Boshqacha bo‘lib ketganman, yutuqqa erishgandan keyingi ana shu 1 daqiqalik tuyg‘ularni ungacha voz kechilgan hech narsa bera olmaydi.
Chet el universitetlariga kirish uchun...
Bugun juda ko‘pchilik xorijda o‘qishni maqsad qilganda IELTS bilan CAT’ga e’tibor qaratadi. Lekin bu muhim emas. Bu siz uchun TOP universitetga chipta bo‘la olmaydi. Bundan ham muhimroq narsalar bor: darsdan tashqari loyihalar, insholar. Amerika universitetlari ko‘proq sizning qanaqa inson ekaningizga e’tibor qaratadi. Birinchi o‘rinda akademik yutuqlaringiz turadi, lekin keyinchalik ular qanaqa insonga investitsiya kiritayotganiga urg‘u qaratadi. Sizdagi insoniylikni, qadriyatlarni ko‘rsata olishi kerak. Bular liderlik, ko‘ngillilar safida bo‘lish, darsdan tashqari faoliyat, tavsiyanomalarda ko‘rinadi.
Universitetga tayyorlanayotgan vaqtimda ilmiy izlanishni boshlaganman. Buni yana davom ettirmoqchiman va ispan, turk tillarini o‘rganyapman. Ilmiy izlanishimning mavzusi mehnat migratsiyasi bo‘lgan va bu narsa mening o‘z hikoyamdan kelib chiqqan. Chunki dadam xorijda ishlagan, yoshligimizdan yiliga 3-4 marta uyga kelib ketadi, ko‘pincha xorijda bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, mehnat migratsiyasi, uyga yuboriladigan pulning oilaga, davlatlar iqtisodiga ta’siri mavzusini olib chiqqanman.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi: Abdulloh Hasanov.
Mavzuga oid

20:38 / 20.03.2025
Tramp ta’lim vazirligini yopmoqda: demokratlar sudga ariza topshirdi

20:49 / 15.03.2025
O‘zbekistonda xususiy maktablardagi o‘quvchilar soni 100 mingdan oshdi

11:02 / 12.03.2025
AQSh Ta’lim vazirligi xodimlarining deyarli yarmini qisqartiradi

09:21 / 10.03.2025