O‘zbekiston ichidagi arzon parvozlar mart oyidan boshlanmasligi mumkin
Mahalliy loukoster sifatida tashkil etilgan Silk Avia'ning birinchi uchta samolyoti kelishi bir necha oyga kechikib ketdi. Natijada prezident qarorida belgilangan topshiriq – 2023 yil mart oyidan 6 ta yangi mahalliy yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish haqidagi band ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmasligi mumkin.

Foto: Kun.uz
“Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, 2023 yil mart oyidan boshlab 6 ta yangi mahalliy yo‘nalishda muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Kun.uz transport vazirining matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovdan olgan ma’lumotga ko‘ra, qarorda ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlardagi qatnovlarni yangi tashkil etilgan Silk Avia kompaniyasi amalga oshiradi, lekin mahalliy loukosterning samolyotlari hali olib kelinmagan.
“Hozirda aviakompaniyaning ilk samolyotlarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, – dedi vazirlik vakili.
Uzbekistan Airports (Silk Avia'ning ta’sischisi) matbuot xizmati xodimi Ahmadjon Orifjonov ham samolyotlar keltirilmaganini tasdiqladi.
“Rejamiz bo‘yicha shu yil 1-choragida parvozlar boshlanishi kerak edi, bu bo‘yicha aniq vaqtni belgilamagan edik. Chunki samolyotlar hali kelmagandi. Parvozlar uchun Silk Avia kompaniyasi tayyor, ammo uning samolyotlari yo‘q hali.
Hozir 2 ta samolyot Tailandda turibdi, Tailandning Transport vazirligi havo kemalarini olib ketish bo‘yicha hozirgacha ruxsat bermagan. Birinchisi testdan o‘tgan, ikkinchisi jarayonda, oldinma-keyin kelishini kutyapmiz. Ushlanib qolgani uchun 2 ta samolyot birdaniga kelishini taxmin qilyapmiz.
Uzbekistan Airports boshqaruv raisi mana shu samolyotlar masalasi yuzasidan Singapur orqali Tailandga uchib ketgandi. Kelishi bilan yangilik bo‘lsa, bu boradagi ma’lumotlar e’lon qilinadi”, – dedi u.
Orifjonovning qo‘shimcha qilishicha, qarorda keltirilgan yo‘nalishlardagi qatnovlarning aviachiptalari narxi, avvalroq Kun.uz yozganidek, 180 ming so‘mdan boshlanadi. Aviakompaniya uchta asosiy tarif asosida ishlaydi.
Hozircha bu yo‘nalishlarda haftasiga nechta parvoz amalga oshirilishi ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, qarorda mart oyidan boshlanishi ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar quyidagilar: Samarqand – Nukus, Samarqand – Mo‘ynoq, Samarqand – Termiz, Buxoro – Termiz, Namangan – Termiz, Namangan – Nukus.
O‘tgan yili oktyabrda transport vaziri Ilhom Mahkamov Silk Avia'ning birinchi 3 ta samolyoti 2022 yil oxirigacha kelishini aytgandi.
Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayeva ham buni tasdiqlab, 2023 yilda qo‘shimcha yana 3 ta samolyot keltirilishini ma’lum qilgandi.
Yangi aviakompaniya Fransiya va Italiyada ishlab chiqariladigan turbovintli ATR 72-600 samolyotlaridan foydalanishi, bu havo kemalari Airbus A320'ga qaraganda 4 barobar kamroq yoqilg‘i sarflashi ma’lum qilingan.
Silk Avia dastlabki 3 yil ichida 12 ta samolyot olib, 54 ta yo‘nalishda haftasiga 216 ta parvozni amalga oshirishni reja qilmoqda.
Tavsiya etamiz
🔴 LIVE: OTMga kirish imtihonlari qanday o‘tadi? – Kun.uz'da qabulga oid eng muhim savollar yuzasidan jonli efir
O‘zbekiston | 10:25 / 24.06.2025
Urushga qo‘shilgan AQSh, «butun Ukraina bizniki» degan Putin – hafta dayjesti
Jahon | 18:52 / 22.06.2025
Yoz jaziramasi davom etadi: 10 kunlik ob-havo prognozi
O‘zbekiston | 17:56 / 20.06.2025
“Badavlat ayol” loyihasida kim badavlat bo‘lyapti?
Jamiyat | 21:46 / 19.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Otasi tomonidan O‘zbekistonga olib kelingan 4 yoshli qiz Rossiyadagi onasiga qaytarildi
Jamiyat | 23:51 / 25.06.2025
-
Ispaniya sohillaridan qo‘l-oyoqlari bog‘langan besh kishining jasadi topildi
Jahon | 23:30 / 25.06.2025
-
Bloger uyida timsoh saqlab kelgani aniqlandi, O‘zbekiston Shvetsiya bilan migratsiya sohasida kelishuv imzoladi, fuqaro oqlanganidan so‘ng ham 207 kun qamoqda o‘tirdi – mahalliy dayjest
O‘zbekiston | 22:58 / 25.06.2025
-
Tramp Ukrainadagi vaziyat nazoratdan chiqib ketganini ma’lum qildi
Jahon | 22:45 / 25.06.2025
Mavzuga oid

14:35 / 24.06.2025
“Eng namunali yashil turizm obekti” tanlovi o‘tkaziladi

14:35 / 24.06.2025
Tog‘li va cho‘l hududlarda turizm subsidiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi

20:12 / 23.06.2025
Fors ko‘rfazi davlatlari «arab shengeni» joriy qiladi

17:55 / 23.06.2025