O‘zbekiston | 18:33 / 29.01.2023
9018
2 daqiqa o‘qiladi

Azal aviakompaniyasi Bokudan Urganchga parvozlarni boshladi

Azal kompaniyasi Bokudan Urganchga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Muntazam reyslar haftada bir marta - shanba kunlari amalga oshiriladi. Urganch ushbu aviatashuvchi parvoz qila boshlagan Toshkent, Samarqand va Farg‘onadan keyingi to‘rtinchi shahar bo‘ldi.

Foto: Uzbekistan Airports matbuot xizmati

28 yanvar kuni soat 22:33 da Ozarbayjonning Azal aviakompaniyasi samolyoti Urganchga kelib qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Boku–Urganch–Boku yangi parvoz yo‘nalishini ochgan, bortida 99 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan Airbus A319 samolyoti an’anaga ko‘ra kutib olindi. Muntazam reyslar haftada bir marta – shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Urganch O‘zbekistonning Azal yo‘nalishlar tarmog‘idagi to‘rtinchi shahriga aylandi. Hozirgi vaqtda aviakompaniya Bokudan Toshkentga (dushanba, chorshanba, shanba va yakshanba), Samarqand (seshanba va juma kunlari) va Farg‘onaga (payshanba kunlari) ham qatnovlarni amalga oshirmoqda. 

Urganch–Boku va Boku–Urganch yo‘nalishidagi aviaqatnov chiptalari narxi 184 dollardan boshlanadi va aviakompaniya saytida sotilmoqda. 

1992 yilda tashkil etilgan Ozarbayjon havo yo‘llari (Azal) aviakompaniyasi yirik aviatashuvchi bo‘lib, Boeing va Airbus samolyotlarining zamonaviy parkiga ega bo‘lgan MDH mamlakatlari aviatsiya hamjamiyatidagi yetakchilardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid